Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:48

LGBT huquqlarini himoya qilgan blogerga jinoyat ishi ochildi. U hibsga olinishi mumkin - advokati


Hukumatni tanqid qilgan va LGBT huquqlarini himoya qiluvchi chiqishlari bilan tanilgan bloger Miraziz Bozorov  28 - mart oqshomida Toshkentdagi uyi oldida  qora niqobli odamlar tomonidan do‘pposlab ketilgandi.
Hukumatni tanqid qilgan va LGBT huquqlarini himoya qiluvchi chiqishlari bilan tanilgan bloger Miraziz Bozorov  28 - mart oqshomida Toshkentdagi uyi oldida  qora niqobli odamlar tomonidan do‘pposlab ketilgandi.

O‘tgan oy Toshkentdagi uyi oldida do‘pposlab ketilgan bloger Miraziz Bozorovga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining "tuhmat" va "haqorat" bandi bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Advokati Sergey Mayorovning Ozodlikka ma’lum qilishicha, Bozorov 29 - aprel kuni shifoxonada chiqarilgan va shu kunning o‘zida tergov qilish uchun Toshkent shahar IIBBga olib ketilgan.

“Hozir Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida uni so‘roq qilishyapti, hibsga olish masalasi ko‘rilyapti”, - dedi Sergey Mayorov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumatni tanqid va LGBT huquqlarini himoya qiluvchi chiqishlari bilan tanilgan Bozorov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksi 139-moddasining 3-bandi va 140-moddasi bo‘yicha "g‘arazli maqsadda tuhmat uyushtirish" va "haqorat" qilishda ayblanmoqda.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, ayblovga blogerning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari asos qilib olingan. Aybdor, deb topilgani taqdirda, Bozorov uch yillik qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin.

Bir oy avval qora niqobli odamlar hujum qilishi ortidan bloger og‘ir tan jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgandi.

Yaqinlariga ko‘ra, shundan buyon Bozorov kasalxonada “qattiq rejimda" ushlab turilgandi. Toshkentlik fotojurnalist Temur Karpovning aytishicha, 29 - aprel kuni vrachlar kasalxonadan chiqishiga ruxsat berishgan va IIB xodimlari uni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga olib ketishgan.

“Bir oy yoniga hech kimni kiritishmadi. Doim ikki militsiya xodimi palata eshigi oldida turdi. Bugun GUVDga olib ketishdi. Uni xuddi mening onamga (fotojurnalist Umida Ahmedova-tahr.) qo‘yilgan moddalar bo‘yicha ayblashyapti”, - deydi Karpov.

Maktab muallimlari bloger gapida haqorat unsurlarini ko‘rishgan

Advokat Sergey Mayorovning Ozodlikka aytishicha, blogerga jinoiy ayblovlar uchun uning o‘tgan yil oktabrida TikTok-da aytgan “Maktab-eski qullar va omadsizlar, yosh avlodni qul va omadsiz bo‘lishga o‘rgatadigan joy”, degan gapi asos qilib olingan.

“Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu ish Toshkent shahridagi 110-sonli o‘rta maktab o‘qituvchilarining da’vosiga binoan boshlangan, ular Bozorovning o‘tgan yil oktabrida TikTok-da joylashtirgan videolaridan birini ko‘tarishgan”, - deydi Mayorov.

Xalq orasida “prezident maktabi” deb ham ataluvchi Toshkentning Mirobod tumanidagi 110-son maktabi rahbariyatidan ularning blogerga e’tirozlari haqida izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Maktab saytidagi telefon raqamiga kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoldi.

Taniqli milliarder Alisher Usmonov o‘qigan va ta’mirlab bergan Toshkentdagi 110-maktabda shu oy o‘rtalarida LGBTga qarshi kurash sifatida o‘quvchilarning paypog‘i kalta-uzunligi tekshirilgani tarmoqlarda muhokama qilingandi.

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva bloger Bozorovning chiqishlarida haqorat unsurlari yo‘qligini aytadi.

“Maktab muallimlari blogerning bu gapida o‘zbek xalqining urf-odatlari, an’ana va mentalitetiga haqorat unsurlarini ko‘rishgan go‘yo. Lekin, bu blogerning nuqtai nazari, u yerda hech qanaqa haqorat ham yo‘q, so‘kinish ham yo‘q. Bunday umumiy izoh uchun blogerni jazolash hech bir qolipga sig‘maydigan hol”, - deydi Ataeva.

Blogerga hujum

Hukumatni tanqid qilgan va LGBT huquqlarini himoya qiluvchi chiqishlari bilan tanilgan bloger Miraziz Bozorov 28 - mart oqshomida Toshkentdagi uyi oldida qora niqobli odamlar tomonidan do‘pposlab ketilgandi. U og‘ir tan jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan.

Shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda "Allohu Akbar" deb hayqirayotgan o‘nlab odam Amir Temur hiyoboniga yig‘ilgan ba’zi odamlarni kaltaklagani aks etgan videolar tarqaldi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan faollar kaltaklash “ataylab uyushtirilgan bo‘lishi” ehtimolini nazardan qochirishmaydi.

Miraziz Bozorovning o‘zi 28 - mart oqshomida, kaltaklanishidan bir necha soat oldin Ozodlikka Amir Temur xiyobonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirning LGBTga mutlaqo aloqasi yo‘qligi va bu kabi tadbirlar avval ham qarshiliksiz o‘tkazib kelinganini aytgan. U o‘zining geteroseksual ekanligini ham qo‘shimcha qilgan.

Miraziz Bozorov kaltaklanishidan oldin ham o‘zi va yaqinlariga tahdidlar bo‘lganini aytgan.

Mart oyida Bozorov o‘zining TikTok va Telegram-kanallarida o‘zi, onasi va qallig‘iga Internet, telefon orqali ko‘p sonli o‘lim bilan tahdidlar qilingani haqda shikoyat qilgan.

“Militsiya 28 - mart kuni unga qilingan hujum bo‘yicha tergov boshlagan, ammo shu bugungacha hech kimga ayblov qo‘yilmagan. Qaytanga blogerni o‘ziga jinoyat ishi ochilyapti. Bu yerda Bozorovga qarshi hukumat miqyosida uyushtirilgan provokatsiyaning xidi kelyapti. Prezident esa mum tishlaganday jim. Ahir bo‘layotgan bu xolat Mirziyoyevning so‘z erkinligi yuzasidan bergan va’dalari shunchaki xo‘jako‘rsin ekanini yana bir bor tasdiqlayaptiku”, - deydi Atayeva.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi qator xalqaro tashkilotlar, shuningdek AQSh hamda Britaniyaning O‘zbekistondagi elchilari Miraziz Bozorovga hujumni qoralab chiqishgan va o‘zbek rasmiylarini hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirganlar.

O‘zbekistonning o‘zida matbuot Bozorovni milliy va diniy qadriyatlarga qarshi ig‘vogarlik harakatlarida ayblagan.


XS
SM
MD
LG