Линклар

Шошилинч хабар
15 феврал 2025, Тошкент вақти: 10:46

Los-Anjeles atrofidagi o‘rmon yong‘inlarida 2 kishi halok bo‘ldi


Los-Anjeles atrofidagi keng ko‘lamli o‘rmon yong‘inlari chog‘ida 8-yanvar kuni kamida ikki kishi halok bo‘lgan.

Alanga 800 gektardan ziyod maydonni qurshab olgan. Yong‘in shahar chetidagi binolarga yaqinlashib, turarjoylarga tutashgan. Hodisa ortidan shu paytgacha 32 mingdan ziyod kishi evakuatsiya qilingan, jami 70 ming kishini ko‘chirish rejalangan. Bundan tashqari, okrugda yashovchi minglab odam mustaqil ravishda o‘z uylarini tark etishmoqda. Okrugda favqulodda vaziyat tartibi e’lon qilingan.

Kaliforniya shtati va AQSHdagi eng qimmat va nufuzli mavzelardan biri bo‘lmish Pasifik-Paliseydsda alanga mingdan ziyod binoning kulini ko‘kka sovurgan, yana 28 ming bino xavf ostida ekani aytilmoqda. Rasmiylar o‘nlab maktabni yopib qo‘ygan. Federal aviatsiya ma’muriyati yong‘in qurshovida qolgan hududlar uzra parvozlarni taqiqlagan.

Los-Anjeles ma’muriyati shaharliklardan suv g‘amlab qo‘yishni so‘ragan, chunki alanga vodoprovod tizimiga shikast yetkazishi mumkin. Shahar meri Karen Bass chor-atrof kishi salomatchiligi uchun xatarli darajada tutunga to‘lgani haqida ogohlantirib, shaharliklarga uylarida qolish, oyna va eshiklarni zichlab yopish hamda himoya niqoblaridan foydalanishni tavsiya qilgan.

Los-Anjeles okrugi o‘t o‘chirish xizmati rahbari Entoni Marrone xizmat yong‘inni o‘chirishga qurbi yetmayotganini tan olgan.

Biz bir yoki ikkita yirik yong‘inga tayyor edik, lekin birdaniga to‘rtta yong‘inga emas”, degan u. Tabiiy ofatni bartaraf qilishga qo‘shni okruglardan o‘t o‘chiruvchilar va zaxiradagi harbiylar chaqirilgan.

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Truth ijtimoiy tarmog‘idagi postida yong‘inlar uchun mas’uliyatni Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom (Demokratik partiya) zimmasiga yuklagan. Trampga ko‘ra, gubernator avvalroq shtatda suv zaxiralarini qayta taqsimlash loyihasini muvofiqlashtirishdan bosh tortgan. Nyusom fikricha, qayta taqsimlash mahalliy suv havzalari bioxilma-xilligiga xavf solardi, Tramp fikricha esa bu yong‘inlarni o‘chirish uchun suv zaxiralari yaratgan bo‘lardi.

J.P. Morgan moliyaviy shirkati hisob-kitobiga ko‘ra, yong‘indan ko‘rilgan zarar hozirning o‘zida 10 milliard dollarga yetishi mumkin.

Los-Anjeles atrofidagi o‘rmon yong‘inlari 7-yanvar kuni boshlangan. Alanganing asosiy o‘choqlari Paliseyds, Iton, Xyorst va Vudli mavzelari bo‘lib hisoblanadi. O‘t o‘chiruvchilar faqat Vudlidagina yong‘inni qurshab olishga muvaffaq bo‘lishgan. Qolgan joylarda quruq ob-havo va shamol tufayli alanga tez orada katta hududga yoyilib ketgan. Los-Anjeles shahri joylashgan Janubiy Kaliforniyada may oyidan buyon bor-yo‘g‘i 2,5 millimetr yog‘ingarchilik kuzatilgan.

XS
SM
MD
LG