Линклар

Шошилинч хабар
12 феврал 2025, Тошкент вақти: 14:52

Los-Anjelesdagi yong‘inlarda halok bo‘lganlar soni 24 nafarga yetdi


AQSHning Kaliforniya shtatidagi keng ko‘lamli yong‘inlarda kamida 24 nafar odam qurbon bo‘lgan. Bu haqda ABC News telekanali va AP agentligi Los-Anjeles okrugi sud-tibbiyot ekspertizasi departamenti ma’lumotlariga tayangan holda xabar qilishdi. Itonda 16 kishi, Paliseydsda esa 8 kishi halok bo‘lgan.

AP qaydicha, kamida 16 kishi bedarak yo‘qolgan. Ular soni oshishi mumkinligi aytilmoqda.

Mahalliy rasmiylar elektr tarmoqlari uzilgan, gaz sizishi kuzatilayotgan va boshqa xatarli omillar bo‘lgan hududlarga borish xavfsiz bo‘lmagunicha qurbonlarning yakuniy sonini aniqlashga imkon bo‘lmasligidan ogohlantirishgan.

12-yanvar oqshomi holatiga Paliseydsdagi yong‘inning faqat 11 foizigina o‘chirilgan. Itondagi yong‘inning esa 27 foizini o‘chirishga muvaffaq bo‘lingan.

Sinoptiklar joriy haftada kuchli shamollar qaytishi bilan xavfli ob-havo sharoiti yuzaga kelishi mumkinligini aytishmoqda. Milliy meteorologiya xizmati sohilbo‘yi hududlarida shamol soatiga 80 kilometr, Los-Anjeles va Ventura okruglari tog‘larida esa soatiga 113 kilometr tezlik bilan esishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Kaliforniyalik senator Adam Shiff CNN telekanaliga yong‘in sodir bo‘lgan hududlar “jangovar harakatlar hududi”ni eslatishini aytgan. “Butun boshli mavzelar yo‘q bo‘ldi. Bunaqasini avval hech ko‘rmagandik”, degan u.

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom NBC kanaliga o‘rmon yong‘inlari “sarf etilgan xarajatlar va ko‘lamidan kelib chiqqan holda” AQSH tarixidagi eng dahshatli tabiiy ofatga aylanishi mumkinligini bildirgan.

AccuWeather mediashirkatining dastlabki hisob-kitobiga ko‘ra, hozirgi paytda ko‘rilgan zarar va iqtisodiy talafot 135 milliard dollardan 150 milliard dollargachani tashkil qiladi. Ko‘rilgan zararning bu qadar kattaligiga u yerda kuli ko‘kka sovurilgan turarjoylarning AQSHdagi eng qimmat uylar bo‘lgani ham sababdir.

Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari 7-yanvardan buyon davom etmoqda. Bu yong‘inlar shtat tarixidagi eng dahshatli yong‘inlardan biri o‘laroq baholanyapti.

XS
SM
MD
LG