Линклар

Шошилинч хабар
25 июн 2022, Тошкент вақти: 22:37

Luganskda aholi qo‘rquv va xavotirda


20 - fevral. Ayirmachilar nazoratidagi Lugansk shahri va hukumat nazoratidagi hududni ajratib turuvchi  Stanitsa chegara postidan o‘tayotgan ayol va uning qizi.

28 yoshli Natalya Ukrainada sakkiz yil avval urush boshlanganda, otishmalar vaqtida yerto‘laga yashiringan edi.

“Endi vaziyat boshqacha. Men bolalarimdan xavotirdaman”, dedi u.

Natalya Luganskni tark etib Ukraina tomonga yo‘l olgan. 3 yoshli o‘g‘li va 5 yoshli qizi bilan ketayotganini ma’lum qilgan.

Ukrainaning sharqiy Donbass mintaqasidagi uzoq davom etgan ziddiyat yanada avj olish arafasida turibdi. Rossiya bilan Kiyev va G‘arb o‘rtasida keskinlik kuchaymoqda.

Vaziyat jiddiy. Rossiyaning yangi bosqini haqidagi xavotirlar ortgan. Vladimir Putinning Ukraina hukumati Donbasda “genotsid” amalga oshirmoqda, degan yolg‘on da’volari fonida 18 - fevral kuni Lugansk va Donetskdagi ayirmachilar yetakchilari Rossiyaga ommaviy evakuatsiya haqida bong urdi. Keyinchalik 18 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan erkaklar uchun umumiy safarbarlik e’lon qilinib, ayni yoshdagi erkaklarning hududni tark etishi taqiqlandi.

Ayirmachilar yetakchilari hech bir dalilsiz Ukraina hukumat kuchlari tez orada hujumga o‘tishini da’vo qilmoqda. Kiyev buni rad etdi. G‘arb rasmiylari Moskva va ayirmachilarni Rossiyaning Ukrainaga yangi bosqiniga bahona qidirayotganlikda aybladi.

20 - fevral kuni nazorat-o‘tkazish punktida odamlar oqimi ko‘paygan. Ular evakuatsiya chaqiruvlariga ahamiyat bermayapti. Ko‘pchilik o‘z uyini tashlab ketmoqda. Ularning aytishicha, Luganskda, zo‘ravonliklar kuchaymoqda.

Aytishlaricha, Luganskdagi Stanitsa chegara postidan o‘tish har doimgidek noqulayligicha qolmoqda. Pandemiya sababli chegarani kesib o‘tishga cheklovlar o‘rnatilgandan so‘ng, bu katta muammoga aylandi.

Chegara nazorat punkti yaqinida ko‘plab kichik maishiy do‘konlar ochilayotgani kuzatilmoqda.
Chegara nazorat punkti yaqinida ko‘plab kichik maishiy do‘konlar ochilayotgani kuzatilmoqda.

Rasmiylar 21 - fevraldan maktablarni yopishga buyruq berdi.

"Bizni hech qayerda xohlashmaydi"

Anya ismli ayolning aytishicha, u o‘g‘illari bilan chegarani kesib o‘tishidan bir necha kun oldin o‘nga yaqin portlash ovozi eshitilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ovozlar qayerdan kelgani va kim aybdor ekanini aytish qiyin. “Butun dunyo bu yerdagi mojaro haqida unutdi va hali ham bu hududda odamlar jon saqlashga harakat qilayotganini dunyo bilmaydi” deya ta’kidlaydi u.

"Bizni hech qayerda xohlashmaydi, na Kiyevda, na Moskvada. Yevropa yoki Qo‘shma Shtatlarda biz haqimizda o‘qishayotganidan xursandman" qo‘shimcha qiladi ayol.

O‘zini Anatoliy deb tanishtirgan asalarichi Luganskdagi Stanitsa yaqinidagi o‘tkazish punkti yonida asal sotadi.
O‘zini Anatoliy deb tanishtirgan asalarichi Luganskdagi Stanitsa yaqinidagi o‘tkazish punkti yonida asal sotadi.

Luganskdagi Stanitsaning o‘zida ikki kun avval ayirmachilar tomonidan bolalar bog‘chasi o‘qqa tutilgandan so‘ng odamlarda qo‘rquv kuchaygan. Maktabga bo‘lgan hujumda ikki o‘qituvchi yengil jarohat olgani xabar qilingan.

Evakuatsiya to‘g‘risida buyruq chiqqanidan beri qancha odam Lugansk va Donetskning ayirmachilar nazoratidagi qismlarini tark etgani noma’lum. Ayirmachilar yetakchilariga ko‘ra, o‘n minglab odamlar qo‘shni Rossiyaning Rostov viloyatiga jo‘nab ketgan.

"Shafqatsizlik"

Qancha odam Luganskni mustaqil tark etib, Ukraina hukumati nazorati ostidagi hududga o‘tib ketgani haqida aniq raqamlar yo‘q. Rossiya davlat axborot agentligi TASS 20 - fevral kuni Luganskdagi ayirmachi rasmiylarga tayanib, 34 mingga yaqin odam Rostovga o‘tganini ma’lum qildi.

27 yoshli Tanya ismli ayol 3 yoshli qizi bilan Luganskning janubi-g‘arbida, hukumat qo‘shinlari nazorat chizig‘idan uzoq bo‘lmagan Staxanov shahriga, ota-onasinikiga bordi: “Bu shafqatsizlik, chindan ham shafqatsizlik. Odamlar bundan keyin nima bo‘lishidan qo‘rqmoqda. Hamma joyda harbiylar, o‘q ovozlari" deya ta’kidlaydi u.

U erkaklarga umumiy safarbarlik e’lon qilingandan so‘ng, bolalari ketishga qaror qilganini aytadi.

Front chizig‘ida joylashgan hukumat nazoratidagi shahar Novoluganskoye aholisi tahdid yoki rus qo‘shinlarining yangi bosqinidan emas, shaharda hayot o‘lib borayotganidan tashvishda. Odamlar ko‘chib ketmoqda, maktablar butunlay yopilgan.

65 yoshli nafaqaxo‘r Olesya ismli ayoldan agar urush boshlansa ketasizmi, deb so‘ralganida, u "Qayerga boraman? Men hech kimga kerak emasman. Bu yerda biz hech kimga kerak emasmiz”, deya javob qildi.

O‘zini Irina deb tanishtirgan ayol o‘g‘li va qizi bilan Luganskdagi Stanitsa chegara postini kesib o‘tmoqda.
O‘zini Irina deb tanishtirgan ayol o‘g‘li va qizi bilan Luganskdagi Stanitsa chegara postini kesib o‘tmoqda.

U 7 yoshli qizi va 2 yoshli o‘g‘li bilan yolg‘iz yashaydi. U ham Luganskni tark etib Starobilskka yo‘l olgan.

"Ko‘pchilik ketyapti, ammo ba’zilar qoldi, – dedi u. – Vahima bormi? Men bunday demagan bo‘lardim. Hozir avvallari bo‘lmagan jiddiy qo‘rquv bor”, deya vaziyatni izohladi u.

Shaharda kechasi eshitilayotgan portlashlar haqidagi savolga u "Biz bu haqda bolalar oldida gapirmaslikka harakat qilamiz", deb javob berdi.

XS
SM
MD
LG