O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi bir guruh deputatlar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vakolat muddatini uch yildan besh yilga uzaytarishni taklif etmoqda.
O‘zA xabariga ko‘ra, parlamentdagi Ekologik partiyasi fraksiyasining 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida MFY raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish, bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylangan fuqarolar yig‘ini raisi faoliyati kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullangan.
Ushbu loyihada fuqarolar yig‘ini raisi vakolati muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda bo‘shab qolgan o‘ringa saylov o‘tkazish orqali saylangan yangi raisning vakolat muddatini ham besh yil etib belgilash taklifi ilgari surilgan.
O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonuniga muvofiq, fuqarolar yig‘ini raisi fuqarolar yig‘ini tomonidan, fuqarolar yig‘inini chaqirish imkoni bo‘lmagan taqdirda esa, fuqarolar vakillarining yig‘ilishi tomonidan uch yilga saylanadi.
Ushbu qonunda raislikka nomzodlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi, oliy ma’lumotlilik, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashash, tashkilotchilik qobiliyati, davlat organlari yoki nodavlat notijorat tashkilotlari yoxud tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati sohasida ish tajribasi, hayotiy tajriba va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lish kabi talablar qo‘yilgan.
Ozodlik avvalroq mahalla raislari sayloviga hokimiyatning aralashuvi holatlarini tahlil qilgan edi.