Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2025, Тошкент вақти: 04:39

Mahkumlarga masofaviy videouchrashuv huquqi beriladi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 17-dekabrdagi majlisida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning masofali videouchrashuvga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonun tashabbuskorlari fikricha, jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarga masofali videouchrashuv huquqi berilishi ularning yaqinari bilan doimiy aloqani ta’minlash, oilaviy munosabatlarini saqlab qolish va tuzalish yo‘liga o‘tishiga ko‘maklashadi.

Masofadan tashkil etiladigan videouchrashuv mahkumlarning qarindoshlarini yo‘lkira xarajatlaridan ozod qilishi ham aytilmoqda.

Videouchrashuv soni jazoni o‘tash tartibotiga qarab belgilanadi. Masalan, manzil-koloniyalar hamda tarbiya koloniyalaridagi mahkumlarga yil mobaynida yigirma to‘rtta masofali videouchrashuv o‘tkazish huquqi beriladi.

Mahalliy matbuot 2021-yilda jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar bilan videokonferens usulida qisqa muddatli uchrashuvlar o‘tkazishga ruxsat berilishi haqida xabar bergandi. Jumladan, Daryo.uz nashri Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi mulozimi Jamshid Sultonovga iqtibosan mahkumlar va ularning yaqinlari o‘rtasidagi videokonferens usulidagi uchrashuv 15 daqiqagacha davom etishi, aloqa xizmati uchun 5300 so‘m haq olinishini yozgandi.

Ma’lumot o‘rnida: 2025-yil 1- yanvaridan e’tiboran O‘zbekistonda uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan hamda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarni real vaqt rejimida masofadan turib nazorat qilish maqsadida elektron brasletdan foydalanilishi belgilangan.

XS
SM
MD
LG