Линклар

Шошилинч хабар
25 феврал 2021, Тошкент вақти: 10:36

Manbalar: Avariyaga uchragan Otabek Umarov chet elda davolanmoqda


Otabek Umarov

Bir-biridan mustaqil manbalarning iddao qilishicha, O‘zbekiston prezidenti davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) rahbari o‘rinbosari, 36 yashar Otabek Umarov davolanish uchun maxsus tibbiyot uchog‘ida chet elga olib ketilgan.

Otabek Umarovning oilasiga yaqin manbalardan birining aytishicha¸ 13 - fevral oqshomida Toshkentda yo‘l-transport hodisasiga uchragan Otabek Umarov 15 - fevral kuni maxsus uchoqda oldin Moskvaga¸ undan keyin esa Janubiy Koreyaga olib kelingan.

Hukumatga yaqin boshqa bir manba esa “bemor istagiga ko‘ra, u Janubiy Koreyadagi xususiy klinikaga olib ketilgan” degan iddaoni bildirdi.

Hafta boshida O‘zbekiston hukumati va prezident oilasiga yaqin manbalar prezidentning kenja kuyovi hamda uning xavfsizlik xizmati mulozimi Otabek Umarovning 13 - fevral oqshomida Toshkentda yo‘l-transport hodisasiga uchraganini Ozodlikka aytgan edi.

Otabek Umarov egallab turgan lavozimiga ko‘ra, Prezidentning safarlarida unga hamrohlik qilar edi. O‘zbekiston prezidentining 18 - fevral kungi Namangan viloyatiga qilgan safari davomida Otabek Umarov ko‘rinmadi.

Otabek Umarovning ijtimoiy tarmoqlarda milliondan ziyod folloverlari bor. Ularning ko‘pchligi hafta davomida“duodamiz¸ tuzalib ketsin" degan yozuvlarni kenja kuyovning Telegramdagi sahifasida qoldirdi.

Mirziyoyev oilasi muxlislarining telegram guruhida qoldirilgan tilak
Mirziyoyev oilasi muxlislarining telegram guruhida qoldirilgan tilak

Ammo O‘zbekistondagi rasmiy va norasmiy matbuot Otabek Umarovning yo‘l-transport hodisasiga uchragani to‘g‘risida hech narsa yozmadi.

O‘zbekiston prezidenti ma’muriyati¸ O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati (PDXX) va yo‘l -tranport xodisalari to‘g‘risida axborot berib keladigan Ichki ishlar vazirligi Otabek Umarov bilan bog‘liq hodisa haqida sukut saqladi.

Otabek Umarov qayerda?

Ozodlik manbalari hodisa ortidan Germaniyadan Toshkentga uchib kelganini aytgan Gamburgdagi xususiy shirkatga tegishli uchoqning Toshkent xalqaro aeroportida 14 - fevraldan 15 - fevralgacha turgani parvozlarni kuzatuvchi flightaware.com saytida qayd etilgan. Shundan so‘ng uchoq Moskvaga parvoz qilgan.

Tibbiyot uchog‘iga eltuvchi avtomobil ko‘rinishi. Illyustrativ surat
Tibbiyot uchog‘iga eltuvchi avtomobil ko‘rinishi. Illyustrativ surat

Kenja kuyov oilasiga yaqinligini aytgan manbaga ko‘ra, Umarov Janubiy Koreyadagi xususiy klinikada muolaja olmoqda.

Suhbatdosh iddaosiga ko‘ra¸ “Otabek Muxammadaliyevichning o‘zi Janubiy Koreyada davolanish istagini bildirgan". Manba Otabek Umarovning 2012 - yildan 2016 - yilgacha Seulda ishlagani va koreys tilida ravon gapirishini aytib , “Janubiy Koreya tibbiyoti Yevropanikidan qolishmaydi” dedi.

Umarovning Toshkentdan olib ketilgani va chet elda davolanayotganini Ozodlik suhbatlashgan boshqa ikki manba ham bildirdi.

Parvozlar jadvali
Parvozlar jadvali

Tibbiyot uchog‘idagi eskort

Ozodlik suhbatlashgan manbalarning barchasi Umarov, Toshkentdagi Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish respublika ilmiy markazida bir necha soat mobaynida dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng, maxsus tibbiyot uchog‘ida xorijga olib ketilganini ham iddao qildi.

Ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida to‘ng‘ich kuyovning “tibbiy uchoqda chet eldagi klinikaga olib ketilishi “ qanchaga tushdi, degan savol muhokama qilindi.

Otabek Umarovning instagramdagi sahifasi hanuz yangilanmagan
Otabek Umarovning instagramdagi sahifasi hanuz yangilanmagan

Ozodlik MDH va Yaqin Sharq mamlakatlardagi VIP bemorlarga eskort xizmati ( Air Ambulance) ko‘rsatadigan shirkat vakili bilan gaplashdi. Shirkat nomi aytilmasligini so‘ragan vakilga ko‘ra¸ “narxlar o‘rtacha tadbirkor to‘laydigan darajada”.

"Bemorlarni maxsus jihozlangan meditsina uchog‘ida evakuatsiya qilish yoki bemorni klinika palatasidagi yotog‘idan olib boshqa olis joyda klinikaga yotog‘iga samolyotda eltib qo‘yish (krovatdan krovatga) narxlari ko‘p parametrlar hosilasidir. Qanday tipdagi uchoq zarur? Patsientga necha odam hamrohlik qiladi? Bemor eskorti chog‘ida qanday uskunalar va aynan qaysi sohaga ixtisoslashgan vrachlar lozim? Eng muhimi - qayerdan qayerga olib boriladi? Shulardan kelib chiqib, narx belgilanadi. Bitta terapevt va bitta hamshiradan iborat oddiy tibbiyot uchog‘i parvozi 30 ming dollardan 90 ming dollargacha. Bu narx Yaqin Sharqdan Yevropaga uchish uchun. O‘zbekiston uchun ham shu narx blgilangan. Yevropa ichidagi shaharlar orasida esa, 25 ming yevrodan 45 ming yevrogacha narx belgilangan. Uchoq ichida intensiv terapiya uchun zarur uskuna bo‘ladi. Layner ichidagi havo bosimini bir maromda ushlaydigan tizim mavjud Bundan tashqari defibrillyator¸qonni analiz qiladigan portativ uskuna va aloqa tizimi bor", dedi VIP bemorlarga aeroeskort xizmati ko‘rsatadigan shirkat vakili.

Suhbatdosh o‘z shirkati orqali tibbiyot uchog‘ida eskort qilingan VIP bemorlar haqidagi ma’lumot sir tutilishini aytdi.

Otabek Umarov doimo matbuot nigohida bo‘lgan
Otabek Umarov doimo matbuot nigohida bo‘lgan

Kenja kuyovga nima bo‘lgan edi?

Ozodlikning bir-biridan mustaqil manbalariga ko‘ra, prezidentning kenja kuyovi hamda uning xavfsizlik xizmati mulozimi, 36 yashar Otabek Umarov ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasi 13 - fevral kuni soat 18 larda sodir bo‘lgan. Toshkentning xalq orasida “Prezident trassasi” deb ataladigan yo‘lida, Mustaqillik ko‘chasi, Pushkin metro stansiyasi yaqinida yuz bergan hodisada katta tezlikda ketayotgan mototsikl haydovchisi yo‘l chetidagi beton bordyurga urilgani aytilmoqda. Haydovchi yengil avtomobilga chap berish uchun rulni burgani aytilgan hodisada qurbon bo‘lmagan. Ozodlik suhbatlashgan hukumat mulozimiga ko‘ra¸ mototsiklni O‘zbekiston prezidentining kenja kuyovi Otabek Umarov boshqargan. Hodisada mototsikl haydovchisining "ikkala oyog‘i lat yegan". Umarov "jiddiy jarohatlangani" haqida ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan xabarlar ortidan 14 - fevral kuni Ozodlik bog‘langan Otabek Umarovga yaqin manba prezident kuyovi bilan “kichik ko‘ngilsizlik” yuz berganini aytdi.

Toshkentdagi kasalxona. Illyustratsiya
Toshkentdagi kasalxona. Illyustratsiya

Ozodlik manbalariga ko‘ra, Umarov xalq orasida "16-gorbolnitsa" deb ataladigan Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish Respublika ilmiy markaziga 13 - fevral kuni soat 19 lar atrofida olib kelingan. Kasalxonaga yaqin tibbiyot xodimining Ozodlikka bildirishicha, “oyog‘idan lat yegan patsient 6 soat mobaynida operatsiya qilingan”. Birinchi oilaga yaqin manbaning so‘zlariga ko‘ra, Umarovning “o‘ng oyog‘i 3 joyidan singan¸ chap oyoq suyaklari qattiq zarb oqibatida maydalanib ketgan”. U Umarovning oyoqlariga Ilizarov apparati o‘rnatilganini aytmoqda. Sovet jarrohi Gavriil Ilizarov ixtiro qilgan bu moslama asosan, oyoqlardagi suyaklar avariya oqibatida sinib, parchalanib ketgan paytda qo‘llaniladi.

XS
SM
MD
LG