Линклар

Шошилинч хабар
13 июл 2024, Тошкент вақти: 05:54

"Mashshog‘i ko‘p yurtning qashshog‘i ko‘p bo‘lur" – tarmoqlar san’atkorlarga uy uchun subsidiya berish haqida


Tarmoqlardagi aksar postlarga avvalroq san’atkorlar paxta kampaniyasi chog‘ida tushgan surat ilova qilingan.
Tarmoqlardagi aksar postlarga avvalroq san’atkorlar paxta kampaniyasi chog‘ida tushgan surat ilova qilingan.

7-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining madaniyat va san’at xodimlariga subsidiya to‘lashga doir qarori loyihasi e’lon qilindi. Soha vakillariga uy-joy borasida moddiy ko‘mak ko‘rsatish nazarda tutilgan hujjat tarmoqlarda tanqid qilinmoqda.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan qaror “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun madaniyat va san’at xodimlariga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” deb nomlanadi.

Unga ko‘ra, mahalliy byudjetlar hisobidan uzoq yillar samarali faoliyat olib borgan madaniyat va san’at sohasi vakillari hamda iste’dodli yosh ijodkorlarga ipoteka krediti asosida sotib olinayotgan uy-joy qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya beriladi. Moddiy ko‘mak miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun 192,5 million, Toshkent shahri uchun esa 245 million so‘m etib belgilangan.

Qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilishi bilan ijtimoiy tarmoq e’tiroz, kinoya-kesatiq, tanqid ruhidagi postlarga to‘ldi. Faollar “qora qozonini arang qaynatayotgan” ilm-fan, ta’lim vakillari qolib “tuvagi ham tillodan bo‘lib ketgan” san’atkorlar rag‘batlantirilayotganidan norozilik bildirgan.

“Berishaversin, davlatning eng kambag‘al qatlami shu bechoralar! Bitta to‘yga 5000$ dan 10000$gacha borsa, haqiqiy muhtoj shular-da!” deya kinoya qildi Nizomiddin Ahmedov.

“Ularga tekin sut ham berish kerak” deb yozdi jurnalist Rustam Iqbol.

“Soliqdan ozod qilish va uy olishdagi imtiyozlar yetmaydi. Bu bechora qatlamni kommunal to‘lovlardan ham ozod qilish kerak. Iloji bo‘lsa bir yil davomida yo‘l harakati qoidalarini 10 marta buzishga ruxsat berilsa undan-da a’lo bo‘ladi”, deya kinoyaga qo‘shildi Ruslan Bobo.

“Boy boyga boqar, suv soyga oqar. Muallimga shimildiriq!” deya mas’ullarni ta’lim ahliga qayishishga undadi Muhiddin Norboyev.

“Pedagog xodimlar qachon qo‘llab-quvvatlanadi? “Pedagog xodimning maqomi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi nima bo‘ldi? Pedagoglarga ham xamir uchidan patir deb u-bu narsa ajratiladimi? Kim millatga ko‘proq naf keltiradi o‘zi: ustozmi yoki san’atkor?” deya savol qo‘ydi Muhammadamin Karimjonov.

“Ozodbek Nazarbekov, uyalmaysizmi?! San’atkorlar yurtimiz rivoji uchun nima qilib berdi? Undan ko‘ra shu pullarga bog‘cha, maktab quringlar, qancha talabalar kvartiralarda tiqilib, siqilib yashamoqda, shularga yotoqxona quringlar, ilm-fanga sarflanglar!” deya e’tiroz bildirdi Laziz Nosirov.

“To‘layotgan soliqlarimni shunaqa qilib sarflar ekan, rozi emasman. Mashshog‘i ko‘p yurtning qashshog‘i ko‘p bo‘lur deb bekorga aytishmagan ekan. Otarchilikdan topgan pulidan soliq to‘lamaydi-da, yana soliqlarimiz hisobidan subsidiya oladimi?! Qanaqa mantiq bu?” deya arzi hol qildi Ozod Erkin.

Muhiddin Turg‘unboyevning fikricha, subsidiya davlatga ortiqcha yuk, ayniqsa, byudjet ilma teshik bo‘lib yotgan, tashqi qarz oshayotgan paytda moddiy ko‘mak masalasida ehtiyot bo‘lish kerak.

Ayrim faollar Konstitutsiyaning 19-moddasida imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanishi ko‘rsatilgani, binobarin, madaniyat va san’at vakillariga hukumat qarori bilan moddiy rag‘bat tayinlanishi noqonuniy ekanini iddao qilgan.

Hukumat qarorini qo‘llab-quvvatlagan boshqa bir guruh foydalanuvchilar esa madaniyat xodimlari faqat artistu sozandalardan iborat emasligini eslatib, ijarama-ijara ko‘chib yashayotgan soha vakillariga moddiy ko‘mak berish vaqti kelganini uqtirgan.

“Madaniyat xodimi bu otarchi degani emas, teatrda 2 million so‘m oylikka ishlayotgan san’atkorlar degani”, deya yozdi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Azim.

“Jiyanim Muqimiy teatrida ishlaydi. Yaxshi, yosh aktyor. Ammo 10 yildirki, oilaviy yotoqxonada yashaydi. Shularga e’tibor kerak edi”, deydi Xayrullo Abdurahmonov.

“Madaniyat vazirligi tizimida faqat artistlarmas, oylikka qarab qolgan kutubxona va muzey xodimlariyam bor. Xor artistlari, orkestr cholg‘uchilari, teatr xodimlari ham bor. Ular to‘yga chiqib pul ishlolmaydi”, deb yozdi jurnalist Shuhrat Shokirjonov.

“Buni eshitib, shahrimiz kutubxonasi va madaniyat markazlarida sevgan kasbini tashlab ketolmay arzimagan maoshga ishlab yurgan fidoyi xodimlarning shodligi ko‘z o‘ngimga keldi va ular uchun men ham xursand bo‘ldim”, deb yozdi shoir Ne’mat Dushayev.

Озодбек Назарбеков фирмаси. Манфаатлар тўқнашуви қачон барҳам топади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:19 0:00

Ayni paytda faollar imtiyozdan asl egalari foydalana olmasligidan xavotir bildirgan.

“Aslida yaxshi niyatda ancha yillar oldin boshlangan loyiha edi. Bir umr ijara uylarda xor bo‘lib, yarim och holatda vafot etgan eski san’atkorlarning ahvolini ko‘rib shunday taklif kiritilgandi. Lekin o‘ylashimcha, amalda bu uylar yana “oltin” ro‘yxatdagilarga tegadi, haqiqatan ehtiyojmandlar esa qolib ketaveradi”, deydi soha vakili Zamira Beshimova.

“Madaniyat vakillari 20 yillab davlatning yotoqxonalarida yashab yuribdi, deysizmi? Ayting, 20 yillab davlatning yotoqxonasiga yetolmay, o‘z puliga ijaraga yashab yurganlarning nechtasini ko‘rsatay?! Xafa bo‘lmanglar-u, menga qolsa, shu paytgacha berilgan uylarni ham olib qo‘yardim...” deb yozdi jurnalist Abror Zohidov.

Hukumat qarori tegrasida bahs-munozara boshlanganidan ikki kun o‘tib Madaniyat vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

“Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda iddao qilinayotganidek, madaniyat va san’at sohasi vakillarining hammasi ham bir xilda to‘y-hasham, tug‘ilgan kun va yoki boshqa tadbirlarda xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha daromad topish imkoniyatiga ega emas. Lekin shunga qaramay, ular o‘z kasbiga mehr qo‘yib, fidoyilik bilan mehnat qilmoqda”, deyiladi bayonotida.

Vazirlikka ko‘ra, madaniyat va san’at tizimida 36 mingdan ziyod xodim faoliyat yuritadi.

Ayrim tarmoq foydalanuvchilari o‘zbek san’atkorlari shu yil o‘tgan Konstitutsiya bo‘yicha referendum va saylov tadbirlarida "tekinga" va faol ishtirok etganliklari, uy-joy uchun subsidiya ularning "xizmat haqi" ekanini pisanda qilishgan.

XS
SM
MD
LG