2025-yilda nominal valyuta kursida keskin o‘zgarish bo‘lishi kutilmayapti. Bu masalaga Markaziy bank raisi Timur Ishmetov Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida to‘xtalgan.
“Bu yil ham devalvatsiya darajasi katta o‘zgarishiga ta’sir qiluvchi omillar yo‘q deb hisoblayapmiz. Valyuta kursi keskin tebranishiga asos ko‘rmayapmiz. Albatta, bu ichki valyuta bozoriga valyutani kirib kelishi va chiqishi orasidagi talab va taklif asosida shakllanadi”, deya iqtibos keltirgan MB raisi so‘zlaridan Daryo.uz nashri.
Regulyator rahbariga ko‘ra, 2024-yilda so‘m dollarga nisbatan 4,7 foiz qadrsizlangan.
“O‘tgan yili transchegaraviy pul tushumlari 30 foiz oshgan. Eksport yaxshi o‘sgan, ya’ni oltinsiz ham 16 foizga oshdi. Valyuta tushumlari ko‘proq bo‘lgan. 2025-yilga ham bundan yomon bo‘lishiga prognozlar yo‘q. Valyuta tushumlari ijobiy bo‘lishiga prognoz ko‘proq”, degan Timur Ishmetov.
Rasmiy tahlillarga qaraganda, so‘m AQSH valyutasiga nisbatan 2022-yilda 3,94 foizga, 2023-yilda esa 9,7 foizga zaiflashgan.
MB avvalroq 2024-yilda O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari 14,8 milliard dollarni tashkil qilganini bildirgan edi.