Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:59

MediaHub: "Vagner" O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarini Ukrainaga qarshi urushga yollamoqda


Kiyevda 2018-yilning 2-iyunida o‘tgan norozilik namoyishi paytida norozilar Rossiyaning Kiyevdagi elchixonasi binosi oldiga mana shunday karton tobutlarni qo‘yib ketishgan edi.
Kiyevda 2018-yilning 2-iyunida o‘tgan norozilik namoyishi paytida norozilar Rossiyaning Kiyevdagi elchixonasi binosi oldiga mana shunday karton tobutlarni qo‘yib ketishgan edi.

MediaHub jurnalistik surishtiruvlar markazi “Vagner” xususiy harbiy shirkatiga O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolarini yollash boshlangani to‘g‘risida xabar berdi.

Jurnalistik surishtiruv mualliflariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar va qirg‘izistonliklar Ukrainadagi urushda Rossiya tarafida jang qilish uchun yollanmoqda.

Surishtiruvda qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek va qirg‘iz segmentida Rossiyadagi qo‘riqchilik firmalariga ishga taklif qilingan e’lonlar berilmoqda.

E’lonlarda mazkur firmalardagi ish haqi yuz ming rubl ekani va Rossiyaga kelish uchun sarflangan yo‘l haqi ham to‘lab berilishi aytilgan.

MediaHub jurnalistlarining aniqlashicha, e’londa ko‘rsatilgan telefonga qo‘ng‘iroq qilinganida, yollovchilar qo‘riqchilik firmasiga ishga olish jarayoni “prioritetlar o‘zgargani ortidan” to‘xtatilganini, ammo “Ukrainadagi maxsus amaliyot doirasida ishlash” uchun odam yig‘ilayotganini aytadilar. Ular o‘zlariga murojaat qilgan shaxslarga Ukrainadagi “maxsus amaliyotda” ishtirok etuvchilarga oyiga 240 ming rubldan oylik berilishini, kamida to‘rt oy ishlash shartligini bildiradilar.

“Xatto sudlangan odamlarni ham yollashmoqda, faqat Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo davlat fuqarosi bo‘lmasangiz bas. Olti oy xizmat o‘tashga rozi bo‘lganlarga Rossiya fuqaroligi soddalashtirilgan tarzda berilishini va’da qilishmoqda. Eng muhimi, yangi yollangan shaxs Ukrainadagi maxsus amaliyot o‘tkazilayotgan hududda muayyan vazifalarni bajarishini va tashkilot Rossiya Mudofaa vazirligi manfaati uchun xizmat qilayotganini ham yashirmaydilar. Jarohat olganlarga esa tovon puli to‘lash nazarda tutilmagan”,- deyiladi MediaHub surishturuvida.

Shuningdek, odam yollovchilar o‘zlariga murojaat qilgan shaxs rozi bo‘lgan taqdirda ijtimoiy tarmoqlardagi barcha akkauntlarini o‘chirishni talab qiladilar. Bundan tashqari smartfonlarni ishlatish ham taqiqlanadi va faqat kamerasiz knopkali telefon ishlatishga ruxsat beriladi.

Bu ishga rozi bo‘lganlardan Krasnodar o‘lkasidagi Molkino qishlog‘iga kelish talab etiladi. Mazkur qishloq hududida Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy baza mavjud. Shu bilan bir qatorda Molkinoda “Vagner” xususiy harbiy shirkatining maxsus bazasi borligi ham aytiladi. Jurnalistlar “Vagner” bazasi sobiq pionerlar lageri hududida joylashganini aniqlashgan.

MediaHub jurnalistlari telefon nomerlarini identifikatsiya qilish xizmati orqali e’lonlarda qayd etilgan telefon raqami “ChVK “Vagner”” nomi bilan saqlanganini aniqlashgan.

“Vagner” yollanma askarlari Ukrainadagi janglarda ham ishtirok etayotgani tasdiqlangan. Jumladan, axborot agentliklari 2-may kuni Ukrainada “Vagner” guruhining yollanma jangchilari asirga olingani to‘g‘risida xabar tarqatgan.

“Vagner” yollanma jangchilari 2014-yildan beri Donbassdagi janglarda separatchilar tomonida urishib keladi. Rasman mazkur shirkat askarlari Rossiya Qurolli Kuchlariga aloqador emas. Ayni paytda ular Mudofaa vazirligi infrastrukturasi va transportidan foydalanib keladi. Shuningdek, “Vagner”ning qator harbiylari jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan.

Yevroparlament 2021-yilning 25-noyabridayoq “Vagner” shirkatiga nisbatan sanksiyalar joriy etishni ma’qullagan edi. “Vagner” kompaniyasi G‘arb tomonidan Ukraina sharqida va dunyoning boshqa nizoli hududlarida Kreml nomidan ishlaganlikda va inson huquqlarini poymol qilganlikda ayblanadi. “Vagner”ga qarshi sanktsiya 2021-yilning dekabrida o‘z kuchiga kirgan.

“Vagner” shirkatini rossiyalik tadbirkor, prezident Vladimir Putinga yaqin Yevgeniy Prigojin boshqarishi aytiladi. Prigojinga ham AQSh va Yevropa Ittifoqi sanktsiya qo‘llagan.

“Vagner” shirkati yollagan jangarilar Suriya, Mali va Sudandagi ko‘plab harbiy jinoyatlarga aloqador ekani taxmin qilinadi. Jumladan, Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti aprel oyi boshlarida e’lon qilgan hisobotida Mali janubida joylashgan Mura shahri tevaragidagi qishloqlarda yashagan kamida 300 kishining qatl etilishida “Vagner” jangchilarining qo‘li borligini gumon qilgan.

XS
SM
MD
LG