Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:48

"Mehr daftari". Milliy gvardiyaga yetim bolalar himoyasini tashkil qilish topshiriladi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi 21-sonli Mehribonlik uyida, avgust, 2021
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi 21-sonli Mehribonlik uyida, avgust, 2021

Vazirlar Mahkamasining (VM) yetim va ota-onasiz qolgan bolalarni himoya qilishga qaratilgan qarorining jamoatchilik muhokamasi yakuniga yetdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil avgust oyida, mamlakatdagi yetim bolalar "muammolarini o‘rganish va hal qilish" uchun yana bitta daftar ochishga qaror qilgandi.

Vazirlar Mahkamasi esa prezident topshirig‘i bilan "Mehr daftari" tizimi hamda bu tizimni ishga soluvchi Nizomni ishlab chiqdi. Hujjatda, yetim bolalar hisobi va himoyasini tashkil qilish Milliy gvardiya, Xalq ta’limi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga yuklangan.

Shu paytgacha, "Yangi O‘zbekiston"da bunaqa daftarlardan bir nechasi - "Temir daftar", "Yoshlar daftari", "Xotin-qizlar daftari" tizimlari ishga solingan.

Shu yil 9 - avgustda prezident Shavkat Mirziyoyev yetim bolalar himoyasiga qaratilgan ikki qarorni ketma-ket imzoladi:

  • "Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»,
  • "Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida".

Bu qarorlar ortidan Vazirlar Mahkamasi, "Mehr daftari" tizimi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni 30 - sentabr kuni muhokamaga qo‘ydi, muhokama 15 - oktabrda tugadi.

Hukumat qaroriga binoan:

  • Mehribonlik uylari, oilaviy bolalar uylari, o‘quv-tarbiya muassasalari, SSV tizimidagi Bolalar uylarida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan yetim bolalar "Mehr daftari"ga kiritiladi;
  • bosqichma-bosqich farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) oladigan oilalarni rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.

"Mehr daftari"ga kiradigan bolalar, ularni parvarish qilayotgan oilalar, tashkilotlar va vasiylar sonini aniqlash, muammolarini o‘rganishni tashkil qilish esa Milliy gvardiya zimmasiga yuklanadi.

Buning uchun gvardiyaga Xalq ta’limi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi yordam beradi.

Hujjatda qayd etilishicha, “Mehr daftari” tizimini ishga solish uchun ham "Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi" tashkil qilinadi.

Jamg‘arma esa, 2022 - yil 1 - yanvardan boshlab :

  • alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sof tushumining uch foizi miqdoridagi ajratmalar;
  • homiylik mablag‘lari;
  • xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlari;
  • qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalardan shakllantiriladi.

Qalampir.uz nashrining ilova qilishicha, alkogol mahsulotlari ulgurji savdosidan tushadigan sof tushumining 3 foizi miqdoridagi ajratma yiliga 85 mlrd so‘mni tashkil qiladi.

Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan buyon, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bilan ishlash "Temir daftar", "Yoshlar daftari", "Xotin-qizlar daftari" kabi yangicha tizimlarga solinmoqda.

Saylov arafasida O‘zbekiston Jahon Bankidan kelayotgan besh yilda yana qariyb 5 milliard dollar qarz olish haqidagi hamkorlik dasturini imzoladi. Bu mablag‘larning bir qismi yuqoridagi kabi ijtimoiy himoya va qashshoqlikka qarshi kurashga sarflanishi aytilmoqda.

Yaqinda hukumat, Mirziyoyevning o‘tgan besh yildagi islohotlari davlat g‘aznasi va O‘zbekiston xalqiga qanchaga tushgani haqidagi raqamlarni ham e’lon qildi.

Saylov arafasida ishga tushirilgan reforms.uz portaliga ko‘ra, hozirgacha bu islohotlarga 114 trillion so‘m va 30 milliard AQSh dollari safrlangan. Bu esa aholi jon boshiga taqsimlanganda, taqriban 1100 AQSh dollarini tashkil qilmoqda.

Jahon bankiga ko‘ra, jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 2020 - yilda 1686 dollarni tashkil etgan. Bu qo‘shni Qozog‘iston aholisining daromadidan besh barobarga kamdir.

XS
SM
MD
LG