Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:00

"Metan zapravkadagi uchrashuv". Tarmoqlar Karimov nabiralarining Samarqand ziyorati haqida


Maryam va Imon Samarqandda. Instagram.
Maryam va Imon Samarqandda. Instagram.

O‘zbekistonning marhum birinchi prezidenti Islom Karimov oilasi a’zolarining ko‘p yillik adovati davom etayotganiga qaramasdan, uning nabiralari - Imon Karimova hamda Maryam Tillayevalarning 17 - yanvar kuni Samarqandga birgalikda qilgan sayohati internet nashrlar va tarmoqlarning asosiy mavzularidan biriga aylandi.

Qamoqdagi Gulnora Karimova hamda AQShda sokin hayot kechirayotgan O‘zbekistonning YuNESKOdagi sobiq elchisi Lola Karimova qizlarining 8 yildan so‘ng yuz bergan uchrashuvi O‘zbekistonni chorak asrdan ko‘proq boshqargan Islom Karimovning siyosiy merosi atrofida yangi bahsu munozaralarni keltirib chiqardi.

Shu oy oxirida tavalludiga 83 yil to‘ladigan Islom Karimov boshqaruvining ko‘pgina jihatlari yuksak minbarlardan qoralanayotgan esa-da, mamlakatda uning shaxsi va merosiga hanuz siyosiy baho berilmagan. Shu oy boshida Qozog‘istonda yuz bergan norozilik namoyishlari manzarasida mintaqaning avtokrat rahbarlari va ularning oilalari yana bir bor xalqaro matbuot nazariga tushdi.

Samarqandga borsam men agar...

Islom Karimovning nabiralari- Imon Karimova (Gulnora Karimovaning qizi) hamda Maryam Tillayeva (Lola Karimova-Tillayevaning qizi) 17 - yanvar kuni Samarqandga borib, bobosi qabrini ziyorat qilishgani haqida Imon va Maryam Instagram sahifalari orqali xabar berishdi.

Islom Karimovning nevarasi bu so‘nggi sakkiz yildagi birinchi uchrashuvi ekanini yozdi.

Hozirda Maryam Tillayeva Moskvada, Imon Karimova Londonda yashaydi.

Imon o‘z postida Islom Karimov haqidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashdi va obunachilariga O‘zbekiston o‘zi uchun qanchalar aziz ekanligini aytib o‘tdi.

"Imashka (Imon, tahr.), biz chinakam do‘st ekanligimizdan juda xursandman! Sen ajoyib odamsan. Jin ursin, bizning 13 yoshimizdan beri qancha narsalar sodir bo‘ldi. Biz hayotda bir-birimizni qanchalik sog‘indik. Lekin asosiysi - bunga yetib olish uchun bizning hali butun umrimiz oldinda”, deb yozdi Tillayeva.

"Metan zapravkadagi uchrashuv"

Marhum prezident nabiralarining qadimiy Samarqandda dafn etilgan bobolari chorak asrdan ko‘proq mutlaq yakkahokimi bo‘lgan mamlakatga safari O‘zbekistondagi deyarli barcha mahalliy nashrlarda yoritildi.

Ijtimoiy tarmoqlar Imon va Maryamning Samarqandga sayohati aks etgan rasmlarni muhokama qildi.

Ayrim foydalanuvchilar xolavachchalar “gaz zapravkasida” rasmga tushganiga e’tibor qaratdi.

Feysbukda sharh qoldirgan bexruz_ opa-singilning uchrashuvini "8 yildan so‘ng urashuv metan zapravkasida!", deb yozdi.

Finansistsr yozadi: “Dodamizning nevaralari metan gazda yuradigan moshina bilan yurisharkanda. Metan zapravkada tushishibdi”.

Maryam va Imonning Samarqandga safari atrofida boshlanib ketgan muhokamalar Islom Karimov shaxsi va uning O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni borasidagi tortishuvlarga ko‘chdi.

Ayrimlar "Bugun oilam bilan borib Islom Karimov qabrlarini ziyorat qilib keldik. Joylari jannatlarda bo‘lgan bo‘lsin birinchi prezidentimizning”, deb Islom Karimovning ruhiga duo qilsa, boshqalar ular ham ota-onasi qilmishiga javobgar ekanini pisanda qildi: “O‘zbekistonni cho‘ntakka solib, endi butun O‘zbekistonga ziyoratga borganini ko‘z-ko‘z qilyapti. Biroq olib ketilgan narsalarni Internetga chiqarishmaydi!

Saidjon ismli tarmoq foydalanuvchisi “O‘g‘ri bo‘ladimi otasi yo onasi - birov uchun birov javob bermaydi”, deb yozsa, Shuhrat ismli foydalanuvchi aybni marhum prezidentmas, uning avlodiga qo‘ydi:

“O‘z vaqtida O‘zbekistonni qiyin vaziyatdan olib chiqqan buyuk siyosatchi. Lekin qarindosh-urug‘lari yuzini yerga qaratishdi. Ayrimlari esa haligacha ishtonsiz rasmlarini tarqatib, uning nomiga dog‘ tushirishda davom etmoqda”.

Ayrim tarmoq foydalanuvchilari esa ikki qizning oddiy sayohatiga buncha e’tibor qaratmaslikka chaqirdi.

"Islom Karimov nevaralarini bizga nima qizig‘i bor? Xalqimizga hech qanday manfaat keltirmasa, o‘zlari xorij davlatlarda istiqomat qilsa, umuman keragi yo‘q", deya fikr bildirdi Muhammad ismli foydalanuvchi.

Oilaviy adovat

Gulnora Karimovaning otasi boshqaruvining so‘nggi yillarida uy qamog‘idan o‘z singlisi Lola Tillayeva va onasi Tatyana Akbarovnalarga qarshi olib borgan “Tvitter urushlari” hali hamon jamoatchilik yodida. 8 yil oldin boshlangan oilaviy janjal Islom Karimovning to‘ng‘ich qizidan yuz o‘girgani va qamoqqa tashlanishiga qarshilik qilmagani to‘g‘risida gap-so‘zlarni keltirib chiqargan edi.

Ko‘plab tahlilchilar fikricha, Karimovaga qarshi kampaniya otasining ruxsatisiz amalga oshishi mumkin emasdi.

2013 - yilda Bi-Bi-Siga bergan intervyusida Lola Karimova opasi Gulnora bilan 12 yildan buyon gaplashmayotganini aytgandi. U o‘z opasini mahkamaga tortish bilan ham tahdid qilgan edi.

Lola "Matbuotda meni "diktatorning qizi" deyishlari shaxsiyatimga og‘ir botadi", degan vaj bilan fransuz jurnalini sudga bergan. Biroq Parij mahkamasi Lola Karimova-Tillayevaning Rue89 nashri ustidan bergan shikoyat arizasini qondirmagan edi.

Imon va Lola I.Karimovni xotirlash marosimida
Imon va Lola I.Karimovni xotirlash marosimida

2013 - yilda prezident Karimovning to‘ng‘ich qizi va unga aloqador shirkatlarning xalqaro surishtiruvlar markaziga tushgani ortidan Gulnora, uning qizi Imon va o‘g‘li Islom hech qaerda ko‘rinish bermagan. Prezident Karimovning dafn marosimi ham faqatgina uning rafiqasi Tatyana Karimova va qizi Lola Tillayeva ishtirokida o‘tgan edi.

Ammo 2017 - yilning 31 - avgust kuni Oqsaroy majmuasida bo‘lib o‘tgan xotira marosimida Imon Karimova xolasi Lola Tillayeva bilan birgalikda ko‘rinish bergandi. Gulnora Karimovaning to‘ng‘ich o‘g‘li Islom Karimov onasi hibsga olinganidan buyon O‘zbekistonda ko‘rinish bermagan.

Tahlilchilar prezident Islom Karimov oilasidagi ziddiyat begona ko‘zlardan pana tutilgan vorislik uchun kurashni ochib tashlagani haqida yozishgan.

Imon

Imon Karimova 1998 - yil 17 - iyunda AQShning Nyu-Jersi shahrida tug‘ilgan.

Otasi afg‘onistonlik o‘zbeklardan bo‘lgan tadbirkor Mansur Maqsudiy. Ota-onasi uch yoshida ajrashganidan so‘ng, Imon onasi va akasi Islom bilan yana Nyu-Jersi shtatiga ketgan va bolaligini o‘sha yerda o‘tkazgan.

Imon birmuncha vaqt Toshkentda, keyingi uch yil Shveysariyada, yana keyingi uch yil Angliyadagi maktabda o‘qigan.

U 8 yoshida Moskvada o‘tkazilgan badiiy gimnastika musobaqasida g‘olib chiqqan. Biroq Karimovlar oilasi bilan aloqasi oshkor qilinmasligi uchun qizcha Azizova familiyasi ostida musobaqalarda qatnashgani aytiladi.

2013 - yilda Islom Karimovning ehtimoliy merosxo‘rlaridan biri sifatida bilingan onasi Gulnora Karimova katta muammolarga duch keldi. 2014 - yilda Imon Toshkentga ta’tilga kelganida onasi bilan yashayotgan xonadonda qora kiyimdagi qurollangan shaxslar hujumiga uchragan, unga va uning onasiga tegishli hujjatlar va elektronika musodara qilingan edi.

Ushbu voqeadan keyin Imon Buyuk Britaniyaga qaytib kela olmadi va bir yarim yil davomida onasi va ikki tansoqchisi bilan Toshkent yaqinidagi dala hovlisida uy qamog‘ida yashadi.

2015 - yilda Gulnora Karimova Toshkent viloyat sudi tomonidan noqonuniy mablag‘larni o‘zlashtirish va tovlamachilikda ayblanib, 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. 2017 - yilda unga qarshi yangi ayblovlar qo‘yilib, hibsga olindi. 2019 - yildan beri Gulnora Toshkent yaqinidagi umumiy tartibli koloniyada saqlanmoqda.

Onasi qamoqqa tashlangani va internetdan uzilganidan buyon Imon Karimova ijtimoiy tarmoqlarida onasining ishiga tegishli ma’lumotlarni yoritib keladi.

2021 - yil boshida Imon birinchi marta shaxsiy hayoti haqida ochiq gapirib, Instagramda bir yigit bilan umumiy do‘stlari orqali tanishgani, uning yigiti "arab millati vakili" ekanini bildirdi.

Maryam

Maryam esa Islom Karimovning kenja qizi Lolaning to‘ng‘ich farzandi.

Temur Tillayev bilan turmush qurishdan oldin Lola Karimova Ahrorov S. degan andijonlik yigitga turmushga chiqqani va birinchi farzandi, ya’ni Maryamning otasi Ahrorov ekani aytiladi. 2002 - yilda Lola Karimovaning ilk turmushidan ajragani xabar qilingan.

Ahrorovlar prezident oilasi bilan qudachilik rishtalarini yo‘qotishi ortidan O‘zbekistondan qochib¸ Gretsiyada boshpana topgani aytiladi.

Maryamning bir ukasi va bir singlisi bor.

Maryam yosh bo‘lishiga qaramay, bir necha bor jamoatchilik nazariga tushdi. O‘tgan bahorda u o‘zidan 13 yosh katta mashhur rossiyalik bloger Amiran Sardarovga turmushga chiqqandi. Juftlikning to‘yi Amerikaning Las-Vegas shahridagi mehmonxonalardan birida o‘tkazgan.

Heyterlar Maryamning yurish-turishi va dabdabali hayotini tanqid qilib kelishadi.

36 yoshli Amiran Maryam bilan Qo‘shma Shtatlarda birmuncha vaqt yashadi va tarmoq faollari nazarida "provokatsion" kadrlar bilan obunachilarni junbushga keltirib turdi. Maryam Tillayeva va uning turmush o‘rtog‘i Amiran Sardarovning birga tushgan ochiq surati keskin muhokamalarni keltirib chiqardi. Maryam ichki kiyimsiz ekani ko‘ringan rasmni Amiran o‘zining Instagram'dagi sahifasiga joylagandi.

Maryamning bu chiqishini onasi, O‘zbekistonning YuNESKOdagi sobiq elchisi Lola Tillayeva izohlashga majbur bo‘ldi.

Lola qizining qilmishini yoqtirmaganlarga uning ijtimoiy tarmoqlarini kuzatishni bas qilishni tavsiya qildi.

Amiran Sardarov YouTube-kanallardan biriga bergan intervyusida Maryamga pul uchun uylanmaganini bildirdi.

"Men ham, Masha ham (Maryam) uning ota-onasi bilan gaplashmaymiz, aloqamiz yo‘q. Men uning hayotida paydo bo‘lishim bilan ular biz bilan gaplashmay qo‘ydi. Bu sizlarga aytishim mumkin bo‘lgan hamma gap", — deydi Amiran.

To‘ydan so‘ng Maryam Tillayeva ham blogerga aylanldi, uning kuzatuvchilari soni qisqa muddatda bir necha yuz ming kishiga etdi. Yaqinda Maryam va Amiran Rossiyaga ko‘chib o‘tishdi: juftlik bir muddat Moskvada yashashini ma’lum qilgan.

Maryam Tillayeva AQSh oliy o‘quv yurtlaridan birida talaba, u mahalliy nashrlarga biznes bilan ham shug‘ullanishi aytgan.

XS
SM
MD
LG