Srechko Katanes futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketdi. Uning o‘rnini mamlakat olimpiya terma jamoasi murabbiyi vazifasida ishlab kelgan Timur Kapadze egalladi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Katanes sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sababli assotsiatsiya bilan tuzilgan shartnomani o‘zaro rozilik asosida bekor qilishga qaror qilgan.
Sloveniyalik murabbiy o‘z murojaatida hozirgi holatida vazifalarini to‘laqonli, professional tarzda bajara olmasligini afsus bilan qayd etarkan, doimiy qo‘llab-quvvatlagani va samarali hamkorlik uchun O‘FAga minnatdorlik bildirgan.
O‘z navbatida, O‘FA Katanesga salomatligini tiklab, murabbiylik faoliyatini muvaffaqiyatli davom ettirishni tilagan.
Srechko Katanes 2021-yil avgustidan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasiga murabbiylik qilib keldi. Uning qo‘l ostida terma jamoa 20 ta rasmiy o‘yin o‘tkazib, 13 marta g‘alaba qozongan, 5 marta durang o‘ynagan va 2 bor mag‘lubiyatga uchragan.
Ozodlik avval xabar qilganidek, Katanesning betobligi sabab terma jamoa JCH-2026 saralash doirasidagi bir qator o‘yinlarni bosh murabbiysiz o‘tkazishga majbur bo‘lgan.
O‘FA matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Katanes o‘rniga Timur Kapadze milliy terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlangan.
“Jahon chempionati saralashining hal qiluvchi o‘yinlariga oz vaqt qolganini hisobga olib, jamoa va futbolchilar bilan yaqindan tanish bo‘lgan, uzoq yillar davomida milliy terma jamoa safida to‘p surgan hamda bosh murabbiy va yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib borgan, shuningdek, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bilan tarixiy natijaga erishgan Timur Kapadze nomzodi ilgari surildi”, deya izoh bergan O‘FA tayinlov yuzasidan.
Milliy terma jamoaga saralash o‘yinlarini muvaffaqiyatli yakunlab, JCH-2028 ishtirokchilari safidan o‘rin olish vazifasi qo‘yilgan.