Линклар

Шошилинч хабар
30 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:55

Mirziyoyev quyosh panellari: Zaruratmi yoki monopoliya?


Quyosh panellari o‘rnatishga tadbirkorlar majburlanmoqda.
Quyosh panellari o‘rnatishga tadbirkorlar majburlanmoqda.

O‘zbekistonda quyosh panellarini davlat tashkilotlariga, kasalxona va maktablarga, xususiy binolarga o‘rnatish kampaniyasi davom etmoqda.

Ozodlikka shikoyat qilgan tadbirkorlarning aytishlaricha, mahalliy hokimlarning qat’iy topshirig‘i bilan barcha davlat va xususiy obyektlarni panellashtirish majburiy tarzda amalga oshirilmoqda.

Davlat obyektlariga quyosh panellari o‘rnatish byudjet hisobidan, tadbirkorlarga esa o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirilyapti.

Quyosh paneli o‘rnatishni istamagan oziq-ovqat do‘konlari elektr energiyasidan uzib tashlanishi oqibatida sovitkich va muzlatkichlardagi mahsulotlar aynib qolganidan tadbirkorlar katta zarar ko‘rmoqda.

Tadbirkorlarning aytishlaricha, ular quyosh panellarini o‘rnatish uchun faqat hokimlik tavsiya qilgan MCHJlar bilan shartnoma tuzishga majbur bo‘lyapti.

Xitoydan keltirilgan bu quyosh panellarining uzoq muddat ishlashiga hech kim kafolat bermayapti. Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, bu tadbir ham prezident Mirziyoyevning avvalgi tadbirlari singari kampaniyabozlik bo‘lib, elektr energiyasi taqchilligini bartaraf qilolmaydi va hukumatga yaqin bo‘lgan qaysidir bir monopolistning manfaatidan boshqa narsaga xizmat qilmaydi.

Farg‘ona shahridagi davlat tashkilotlarining ko‘piga quyosh panellari qo‘yib chiqildi. Ularni o‘rnatishga ketgan xarajat davlat byudjeti hisobidan qoplandi.

Hokimlik endi tadbirkorlardan ham quyosh panellari o‘rnatishni talab qila boshladi. Bu haqda Ozodlikka bir-biridan mustaqil ikki manba xabar qildi.

Ismi sir qolishini so‘ragan, Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlardan birining aytishicha, quyosh paneli o‘rnatishdan bosh tortgan tadbirkorlarning do‘konlari elektr energiyadan uzilmoqda:

“Hokimlik buyruq bergan, asosan elektrosetdan kelib, panel o‘rnatasan deb majburlayapti. Shoshmanglar, biz bir hisob-qilib chiqaylik, bizga foydasi bormi yoki ortiqcha xarajatmi desak ham, svetni uzib qo‘yyapti. Oqibatda muzlatkichlarda bo‘lgan ancha mahsulotimiz erib, aynib qolyapti. Uch-to‘rt marta shunday qildi. Axiyri, o‘rnatishga majbur bo‘ldik”.

Tadbirkorning aytishicha, u 1 kvt energiya beradigan panel o‘rnatgan:

“Bizga umumiy qiymati 15 million so‘mga tushdi. Bankdan 24 foizlik kredit oldik. Hokimiyatga tanish bir firma bor ekan, o‘sha qo‘yib beradi, dedi. Ammo u qimmat qo‘yadi ekan. O‘zimiz bozordan usta topib o‘rnatdik. Akkumulyator qo‘yganmiz, nari borsa bir-bir yarim soatga yetadi. Endi kattaroq va qimmatroq akkumulyator olsangiz ikki-ikki yarim soatga, faqat lampochkaning o‘ziga yetadi ekan xolos".

Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosarining tadbirkorlik sub’ektlariga topshirig‘i.
Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosarining tadbirkorlik sub’ektlariga topshirig‘i.

Tadbirkorning aytishicha, aslida hokimlikdagilar ham bundan xursand emas:

“Hokimiyatda bir tanishim bor, aslida u ham bunga qarshi, lekin ilojimiz yo‘q, Toshkentdan kelgan buyruq bu, bajarmasak bo‘lmaydi”, deydi. Hamma tadbirkorga bir chetdan qo‘ydirib chiqishyapti, qo‘ymasa svetini o‘chirishyapti”.

Farg‘ona shahar hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, tadbirkorlar quyosh panellarining effektiv emasligidan shikoyat qilmoqda:

“Men o‘zim shunday tadbirdan birida qatnashdim. Bir oshxonaga borgan edik. Besh kilovatlik ehtiyoji bor ekan. Hisoblab chiqdik xarajati 110 million so‘m bo‘ldi. Endi qarang, 40 yillik elektr energiyani hisoblaganimizda 70 million so‘m atrofida pul bo‘ldi. Ularning gibrid invertorlari 1000 dollardan oshiq, ikki yilga ham bormayapti. Panellari 600-700 dollar turadi. Akkumulyatorlari eng minimumi 80-90 dollardan 700 dollargacha bor. Ular bor-yo‘g‘i ikki yil garantiya beryapti, xolos. Bu hozirgi kunda nafaqat foyda bermaydi, balki tannarxini qoplamaydi. Hokimning og‘zaki buyrug‘i bor, o‘rnatmaganlar svetdan uzilsin, degan. Quyosh panellari hozir monopoliya bo‘lib ketdi, kimlardir olib kelgan va xalqqa o‘tkazish kerak".

Buxoro viloyati, Vobkent tumanidan Ozodlikka bog‘langan AYOQSHlardan birining ismi sir qolishini so‘ragan rahbarining aytishicha, tuman hokimi ham aynan Farg‘ona hokimi qo‘llagan ishni qilyapti:

“Tuman hokimi, elektrosetning boshlig‘i tazyiq o‘tkazyapti. Birinchi bosim quyosh paneli o‘rnatmagan zapravkalar svetdan uzilyapti, ikkinchi bosim yonilg‘i sotib olish uchun birjaga qo‘yilmaydi. Hokim, zamhokim, elektroset boshlig‘i har kuni telefon qiladi. Bitta zapravkamni tokini uzib tashlagan, qachon qo‘ysang, keyin yoqamiz, deydi. Hozir hokim yordamchilari, bank ishchilari, tuman tashkilotlari rahbarlariga xonadoningga ham qo‘yasan deb majburlayapti. Bo‘lmasa ishdan ketasan deyapti”.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, quyosh panellarini bu ishning mutaxassislari emas, balki bunga aloqasi bo‘lmagan ta’minotchilar o‘rnatib beryapti:

“Bular tumanning o‘zida 4-5ta ta’minotchi korxona topgan , ular mahalliy elektriklarni yollagan, o‘shalar qo‘yib yurishibdi. Bitta svarshchigi bor, u tagini taxlab beradi, montyori esa ulab beradi. Na besh-olti yilga kafolat, na javobgarlik bor. Bo‘l-bo‘l, urra-urra. Tadbirkorlar noroziligi bir-biriga shikoyat qilishdan nari o‘tmaydi. Hokimga aytsang, sen prezident siyosatiga qarshimisan, bu prezidentning topshirig‘i, deydi”.

Telegramdagi Davletov.uz kanali ham bog‘chalarda ishlaydigan xodimlarga ham o‘z uylariga quyosh panellari o‘rnatilishi talab qilingani haqidagi xabarni qo‘ydi:

“Bag‘dod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi barcha ishchi xodimlariga (boshqaruv apparati, buxgalteriya, tex otdel) 2023-yil 15-may kunidan barcha xodimlar yashab turgan xonadonlariga quyosh panellari o‘rnatish shartnomalari tuzish va shartnoma nusxasini maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri Sh.Uraimovga topshirishlari talab etiladi. Tuman hokimligini va boshliq topshirig‘i”.

Qashqadaryo viloyatidagi davlat tashkilotlaridan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan mutaxassisning aytishicha, quyosh paneli o‘rnatuvchilarda tanlash huquqning yo‘qligi ham bu soha monopolist qo‘lida ekanligidan darak beradi:

“Bir tanishim FVV xodimi bulib ishlaydi. Aytishicha, davlat tashkilotlariga panellar hech qanday so‘rovsiz yuqoridan kelgan buyruq bo‘yicha ommaviy o‘rnatilmoqda. Maktab, bog‘cha, kasalxona va hokazo. Axir bu pullar byudjetning puli-ku. Qizig‘i esa, ta’minotchi bitta, faqat o‘sha bilan kontrakt qilinishi kerak. Hokimiyatda majlislarda qatnashgan tadbirkorlar ta’minotchi masalasida raqobatning yo‘qligi bo‘yicha shikoyat qilishmoqda. Ammo hokim hech qanday raqobat bo‘lmasligi, faqat o‘sha ta’minotchi o‘rnatishi kerakligini aytmoqda. Odamlar o‘rtasida bu quyosh panellarini prezidentning qaysidir kuyovi olib kirgan, hokimlarga esa uni sotish yuklatilgan degan gaplar urchimoqda”.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev joriy yilning 16 fevralida “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilgan edi.

20-fevralda esa tashkil etilgan "Yashil Energiya" MCHJ mart oyida ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralarida quyosh panellarini o‘rnatish uchun qariyb 2 trln so‘mlik tanlov o‘tkazdi.

Bu tenderlarni jamoatchilikka nomlari tanish bo‘lmagan bir qancha MCHJlar yutib olgani aytildi.

Joriy yil iyul oyi davomida o‘tkazilgan yuzlab tender savdolarini o‘rganib chiqqan “Kun.uz” nashri shubhali holatlarni aniqladi.

Ayrim tender savdolarida butkul boshqa sohaga ixtisoslashgan firmalar g‘olib deb topilgan. Bu borada tajriba orttirgan kompaniyalar arzon narx taklif qilganiga qaramay, ularning “yelkasiga quyosh tegmagan”.

Xorazm va Sirdaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmalari uchun 300 kW quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish bo‘yicha 3 mlrd so‘mlik tenderda ham “uloq”ni energetika sohasida tajribaga ega firmalar bir chetda qolib, ulgurji savdo shirkati ilib ketgan.

“Get-Green Energy Trade” MCHJ 4 oy oldin tashkil etilgan. Bugungi kungacha, etender.uzex.uz platformasidagi ma’lumotlarga e’tibor qaratilsa, na quyosh fotoelektr stansiyalarini o‘rnatish bilan bog‘liq va na o‘z faoliyatiga doir tenderlarda ishtirok etgan. Tanlov komissiyasi qariyb 3 mlrd so‘mlik loyihani unga “sovg‘a” qilgan go‘yo”, deb yozgan “Kun.uz”.

Tenderdagi ehtimoliy qing‘irliklar milliardlab so‘mlik quyosh panellarining o‘rnatilish sifati va xizmat kafolatini ham shubha ostiga qo‘yadi. Qolaversa, byudjet mablag‘i korrupsion sxema asosida o‘zlashtirilmayaptimi degan xavotirli savollarni uyg‘otadi.

Surishtiruvda quyosh paneli o‘rnatish uchun tenderlar xolis o‘tkazilayotgani shubha ostiga olingan bo‘lsa-da, bu panellar O‘zbekistonga qaysi davlatlardan kimlarga qarashli firmalar tomonidan olib kirilayotgani, keltirilayotgan mahsulotlarning sifati naqadar talabga javob berishi kabi masalalarga daxl qilinmagan.

XS
SM
MD
LG