Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:28

Mirziyoyev XXR jamoat xavfsizligi vazirini qabul qildi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun bilan, Toshkent, 2024-yil 1-apreli (president.uz fotosi)
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev XXR jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun bilan, Toshkent, 2024-yil 1-apreli (president.uz fotosi)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasi jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Van Syaoxun rahbarlik qilayotgan Xitoy Jamoat xavfsizligi vazirligi boshqa mamlakatlardagi Ichki ishlar vazirligi vazifalarini bajarish bilan bir qatorda davlat tuzumini, davlatning oliy rahbarlarini, davlatga qarashli muhim obyektlarni muhofaza qilish va boshqa spetsifik ishlar bilan ham mashg‘uldir. Boshqacha aytganda, O‘zbekistondagi Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya kabi tashkilotlarning ko‘plab funksiyalari ham Xitoyda Jamoat xavfsizligi vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Bundan tashqari, mazkur vazirlik XXR hududida ekstremizm va ayirmachilikka qarshi aksilterror kurashi uchun ham javobgar, ya’ni masalan, Shinjondagi musulmon ozchilik vakillarini ta’qib qilish bilan ham bevosita shu vazirlik shug‘ullanadi.

Van Syaoxun XXR Davlat kengashi a’zosi bo‘lib hisoblanadi. Xabarnomada keltirilishicha, prezident Mirziyoyev Syaoxun boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi bilan uchrashuvda “xavfsizlikka nisbatan zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish masalalari”ni ko‘rib chiqqan.

Ustuvor yo‘nalishlar sifatida jamoat xavfsizligining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, zamonaviy axborot texnologiyalari va innovatsion usullarni joriy qilish, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish, malakali mutaxassislarni tayyorlash va boshqalar ko‘rsatib o‘tildi”, deyilgan prezident matbuot xizmati tarqatgan press-relizda.

O‘tgan hafta oxirida O‘zbekiston prezidenti Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni xalq hukumati raisi Erkin Tuniyaz boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani haqida xabar qilingan edi.

XS
SM
MD
LG