Линклар

Шошилинч хабар
27 сентябр 2021, Тошкент вақти: 22:24

Mirziyoyevning "soya" iqtisodiyoti. Paxta orasiga soya ekkan fermerlar zarar bilan chiqqanini aytmoqda


Soya o‘simligi.

O‘zbekistonda uch yildan buyon g‘o‘za qator oralariga soya ekini ekish tajriba qilinmoqda.

Bu tajriba o‘tgan yili Andijon viloyatida sinab ko‘rildi. Bu yil esa qo‘shni Farg‘ona viloyati dehqonlari ham soya ekishga kirishdi.

Toshloq tumanidagi barcha fermerlar ham yerga chigit bilan birga soyani mart-aprel oylarida ekkan edi.

Dehqonlar soyani paxta bilan yonma-yon parvarish qilish juda mashaqqatli ekanligi, agrotexnik ishlov berish paytida bu o‘simlikning asosiy qismi tomiri bilan yulinib ketishi oqibatida juda ham kam hosil olinganini aytmoqda.

Fermerlar iddaolariga ko‘ra, tuman hokimi prezident qo‘ygan topshiriq va soya yetishtirish rejasini bajarish uchun fermerlarga Buxorodagi tashkilotdan soya sotib olishga majburlangan.

Tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasi rahbari avval boshqa tashkilotdan soya sotib olib rejani bajarish topshirig‘i bo‘lganini tasdiqlar ekan, sotib olinadigan soya qimmat ekanligi bois bu tadbirdan voz kechilganini aytdi.

Soya narxi yozilmagan shartnomaga muhr bosildi

Ozodlikka murojaat qilgan fermerlarning aytishlaricha, tumandagi fermerlarning aksariyati soya yetishtirish rejasini bajara olmagan.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, ular bajarilmagan rejaning o‘rnini to‘ldirish uchun Buxoro viloyatidagi tashkilotdan soya sotib olishga majburlangan:

“Paxta bilan soyani qo‘shib yetishtirishni kim o‘ylab topgan bo‘lsa ham kallasi ishlamaydigan odam ekan. Chigit bilan birga unib chiqqanidan so‘ng, g‘o‘za niholi chopiqqa keldi. Chopiqchilar yarmini chopib tashladi. Keyin kultivatsiya o‘pirib, yulib ketdi. Qolgani nima ham bo‘lardi. Xullas, plan yarim ham bo‘lmay qoldi. 19 - avgust kuni “Arabboy To‘xtaboyev” MMTP hududidagi fermer xo‘jaligida seminar bo‘ldi. 130 nafardan ortiq fermer keldi. Yuzdan ortiq fermerga “Buxoro buyuk savdo” MChJ bilan soya sotib olish haqida majburiy shartnoma tuzildi. Biz soya narxi yozilmagan shartnomaga imzo chekib, muhr bosib berdik”.

Shartnoma nusxasi
Shartnoma nusxasi

Fermerning aytishicha, soya ancha qimmat narxda sotib olinishi aytilgan:

“Bank sizning nomingizga yo kredit ochadi yoki soya pulini klaster o‘tkazadiyu, keyin paxtaning pulidan "bosib" qoladi. Bizning tumanimiz hokimi ayni paytda klaster korxonanining boshlig‘i ham. Soya yetishtirishni prezident topshiriq qilib qo‘yganidan so‘ng, uni albatta bajarish kerak. Shuning uchun qanday qilib bo‘lsa ham ishonchi oqlash uchun hokim harakat qilmoqda. Faqat yomoni shuki, fermerlar hisobidan. Biz olgan ma’lumotga ko‘ra, soyaning har kilosi 19 ming so‘mdan sotib olingan va “Farg‘ona Don MChJ”ga fermerlar nomidan 6 ming so‘mdan topshirilgan”.

“Arabboy To‘xtaboyev” MMTP hududidagi fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etgan boshqa fermer ham shunday shartnomaga imzo chekkaniga majbur bo‘lganini aytar ekan, soya ekib, qariyb 40 million so‘m zarar ko‘rayotganini aytadi:

“Men ikki gektar yerga soya ekkan edim. Reja bo‘yicha 6 tonna sotishim kerak. Bor hosilim 3 tonna bo‘ldi. Yana 3 tonna sotib olishim uchun menga yana 60 million so‘m qarz ilinyapti. Agar don kombinati 7 ming so‘mdan narx bersa, 21 million so‘m bo‘lyapti. Yana 39 million so‘m zarar ko‘ryapman”.

Toshloq tumanida qariyb 20 yil agronom vazifasida ishlagan fermerning aytishicha, shoshma-shosharlik bilan qilingan bu tadbir foyda o‘rniga ziyon keltirdi:

“Soya zo‘r o‘simlik. Yog‘ olinadi. Eksportbop, daromadli mahsulot. Moshga o‘xshab o‘sadi. Faqat bizda uni yetishtirishga mos keladigan sharoit avval o‘rganilmasdan tavakkaliga qilinyapti. Paxtaning ichiga ekasan dedi, bilardim bo‘lmaydi, lekin siyosatga qarshi chiqmay deb ekdim. Lekin birinchi kultivatsiya soyani olib ketdi. Keyin ertaga nega planni bajarmading, ko‘pchilikning o‘rtasida mulzam qilmasin deb bug‘doydan bo‘shagan erga ekib, planini bajarib qo‘ydim. Andijonda o‘tgan yili paxta orasiga ekib yaxshi hosil olgan deyishdi. Lekin Andijon viloyatida paxta egatlari 90 santimetrlik, Farg‘onada esa 60. Aslida, soyani paxtaga aralashtirmay yo erta bahorda yoki bug‘doyning o‘rniga ekish kerak. Paxta orasida hosil ham yaxshi bo‘lmaydi, dehqonni ham qiynavoradi”.

Toshloqlik fermerlarning soya sotib olishga majburlanayotgani haqida Ozodlikning “Sizdan Telegram” kanalida shikoyati chop qilinganidan so‘ng, tuman hokimligi matbuot xizmati raddiya e’lon qildi.

“Murojaatda keltirilgan masalalar yuzasidan tumandagi MMTP raislari va fermer xo‘jaliklari rahbarlari bilan suhbatlashildi. Suhbat davomida Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan “Buxoro Buyuk Savdo” MChJ tumandagi fermer xo‘jaliklari bilan shartnoma qilish taklifini kiritganligi, lekin bu shartnoma fermer xo‘jaliklariga naf keltirmasligi sababli rad etilganligi, “Buxoro Buyuk Savdo” MChJ bilan hech qanday shartnoma qilinmaganligi aniqlandi. Shuningdek, tuman “Agrobank” filiali orqali ham Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan “Buxoro Buyuk Savdo” MChJga hech qanday to‘lovlar qayd etilmagani ma’lum bo‘ldi”.

Bu raddiyani o‘qigan fermerlar Ozodlikka yana raddiya berdi:

“Toshloq tuman xokimligi matbuot kotibi yolg‘on raddiya beryapti. Bu suratda fermerlar yo‘q, Arabboy To‘xtaboyev va Oq-Oltin MMTP raisi va ikkita tuman agroprom mutaxassislari Qaxramon va Mirzohidlar. Sal uyalsin, joylarga chiqib fermerlar bilan suxbatlashildi, deb yozibdi. Bitta fermer bilan suhbatlashmagan. Kabinetda o‘tirib yozilgan javob”.

Toshloq tumani Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Azim Boborahimov Ozodlik bilan suhbatda avval boshqa tashkilotdan soya sotib olib, rejani bajarish topshirig‘i bo‘lganini tasdiqlar ekan, sotib olinadigan soya qimmat ekanligi bois bu tadbirdan voz kechilganini aytdi:

“Biz boshida buni qilamiz, degan edik. 23 tami shartnoma qildirgan edik. Soyani bu yerda qabul qilish narxi 7 ming deyishgandi, Buxoroda 9 ming ekan. Shunga otkaz qilib to‘xtatib qo‘yganmiz. Endi hamma borini topshirsin deyapti. Men o‘zim ham fermerman, bug‘doyni buncha narxda sotdik, paxtani buncha narxda sotdik, endi fermer bundan ham zarar qiladimi, deb hammasini otkaz qilib qo‘yganmiz. Birinchi yil bo‘lgani uchun jichcha texnologiyasida adashdik-da. Keyingi yil endi hamma bilib oladi, qanaqa qilib ekishni”.

Ammo Ozodlik suhbatlashgan fermerlar ularning nomidan allaqachon soya keltirilib, don qabul qilish punktiga topshirilganini iddao qiladi.

2018 - yilning fevral oyida hukumatning “Respublikada soya yetishtirish hajmlarini yanada ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi.

Qarorda soya ekinini ilmiy asoslangan holda joylashtirishga e’tibor berilmaganligi uchun bir qancha mansabdor shaxslarga hayfsan berilgan, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos ravishda suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan, unumdor yer maydonlariga soya ekinini joylashtirish tavsiya qilingan.

Qarorning biror bandida soyani g‘o‘za qator oralariga ekish haqida yozilmagan.

Ushbu qarordan bir oy o‘tib, Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida soya yetishtiruvchilar assotsiatsiyasini tuzishni taklif qilgan edi.

Prezident soya yog‘i xaridorgir va sog‘liq uchun foydali ekani, uning shroti parranda uchun zarur oziqa bo‘lishini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG