Moldovadagi prezident saylovining ikkinchi bosqichida Mayya Sandu g‘alaba qozongan. Bu haqda mamlakat Markaziy saylov komissiyasi ma’lumot tarqatdi.
Bayonnomalarning 98,9 foizi qayta ishlanganidan keyin Sandu saylovchilarning 55 foizi ovozini olgani ma’lum bo‘lgan. Uning raqibi Aleksandr Stoyanoglo 45 foiz ovoz to‘plagan. Bu Sandu uchun ikkinchi prezidentlik muddati bo‘ladi.
“Moldova, bugun sen g‘alaba qilding. Biz birgalikda birdamligimiz va demokratiya kuchini hamda munosib kelajakka sodiqligimizni ko‘rsatdik”, deb yozdi X ijtimoiy tarmog‘ida Sandu Moldovadagi va xorijdagi yurtdoshlariga minnatdorlik bildirar ekan.
Sandu asosan xorijdagi saylov uchastkalari hisobidan g‘alaba qozongan: chet eldagi diaspora unga yoppasiga ovoz bergan. Mamlakat ichida 51,2 foiz ovoz bilan Stoyanoglo g‘olib bo‘lgan. Berilgan ovozlarni sanash boshlanganidan keyin u hammani “raqamlar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, xotirjamlikni saqlash”ga chaqirgan va Moldovada “shu tobdan boshlab singdirilgan nafrat va bo‘linishga nuqta qo‘yilishi”ga umid bildirgan.
Sandu mamlakatning g‘arbcha yo‘l bilan ilgarilashi va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi tarafdori. Stoyanoglo esa muxolifatdagi rossiyaparast Sotsialistlar partiyasidan nomzod o‘laroq ko‘rsatilgan. Saylovda davomat 54,3 foizni tashkil qilgan.
Moldova rasmiylari ovoz berish (3-noyabr) kuni yana Moskvani saylovga aralashganlikda ayblab chiqishgan. Kreml bu kabi ayblovlarni avval bir necha bor rad etgan. Promo-LEX huquqbonlik missiyasi kuzatuvchilari, Ozodlikning moldavan xizmati xabariga ko‘ra, ovoz berish kuni qonunbuzarliklarga oid 220 dan ziyod xabarni qayd etishganini ma’lum qilishgan. O‘sha paytda politsiya 190 dan ortiq qonunbuzarlik haqida bildirgan.
Joriy yilning 20-oktyabrida bo‘lib o‘tgan saylovning birinchi bosqichida Sandu 42,5 foiz, Stoyanoglo esa qariyb 26 foiz ovoz olgan edi. Ayni paytda saylov oldidan o‘tkazilgan so‘rovlarda Stoyanogloni saylovchilarning taqriban 11 foizi dastaklayotgani qayd etilgan – so‘ralganlarning katta qismi esa (41 foizgacha) kimga ovoz berishga hali qaror qilmaganini aytgan.