Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:17

Moskvada qirg‘iz diplomatining uyini politsiya bosdi


Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi binosi
Qirg‘izistonning Moskvadagi elchixonasi binosi

Moskvada Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi Manas Joldoshbekovning kvartirasiga politsiya bostirib kirgan. Diplomatning hamkasblariga ko‘ra, politsiya xodimlari o‘zlarini tajovuzkor tutishgan.

“VCHK-OGPU” telegram-kanalining aniqlik kiritishicha, politsiyachilar eshikni buzib kirishgan. Politsiya vakillari o‘z tashriflaridan maqsad hujjat tekshirish ekanini aytishib, ularga diplomatik pasportlar ko‘rsatilganidan keyin ham migratsiya qaydiga qo‘yilganiga oid hujjat taqdim etishni talab qilishgan.

Politsiya bosqiniga oid ma’lumotni Qirg‘iziston parlamenti deputati Dastan Bekeshev tasdiqlagan. “Agar elchixona xodimlariga shunaqa muomala qilishayotgan bo‘lsa, immunitetga ega bo‘lmagan fuqarolarga qanaqa hunarlar ko‘rsatishlarini tasavvur ham qilolmayman”, deya qo‘shimcha qilgan deputat.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya rasmiylariga rasmiy nota topshirgan. 12-aprel kuni Qirg‘iziston TIV Konsullik departamentida Rossiya elchixonasi konsul-maslahatchisi Andrey Burev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tggan.

“Uchrashuv davomida Qirg‘iziston tomonidan 1961-yilgi “Diplomatik aloqalar to‘g‘risida”gi Vena konvensiyasi moddalarini qo‘pol ravishda buzgan RF ichki ishlar organlari xodimlarining Moskvadagi Qirg‘iziston elchixonasi maslahatchisi oila a’zolariga nisbatan xatti-harakatlari yuzasidan tashvish izhor qilindi”, deyilgan TIV xabarnomasida.

Burev Rossiya rasmiylari noxush hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazishlarini bildirgan.

Rossiyada ishlayotgan Qirg‘iziston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari fuqarolari mahalliy huquq-tartibot organlari tomonidan kutilmagan tekshiruvlarga duchor qilinishi avval ham ko‘p kuzatilgan.

Migrantlarni tekshiruvdan o‘tkazish 22-mart kuni Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” ko‘ngilochar markazida sodir bo‘lgan teraktdan keyin yanada kuchayib ketgan. O‘shandagi hujumda, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 144 kishi qurbon bo‘lgan, o‘nlab odam esa bedarak yo‘qolgani aytilmoqda.

Hodisa ortidan terakt moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va bu ish doirasida tergov bevosita terakt ijrochisi deb hisoblayotganlar doxil 10 nafardan ziyod odam hibsga olingan. Hibsga olinganlarning ko‘pchiligi Markaziy Osiyo mintaqasidan bo‘lgan shaxslardir.

XS
SM
MD
LG