Линклар

Шошилинч хабар
11 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:02

Moskvadagi paradda Putin yana G‘arbni tanqid qildi


Moskvadagi paraddan lavha, 2024-yil 9-mayi
Moskvadagi paraddan lavha, 2024-yil 9-mayi

Moskvadagi Qizil maydonda 9-may kuni Ikkinchi jahon urushida SSSRning Germaniya ustidan g‘alabasining 79 yilligi munosabati bilan harbiy parad bo‘lib o‘tmoqda.

Bu Rossiya qo‘shinlari 2022-yil fevralida Ukraina hududiga keng ko‘lamda bosqin boshlaganidan buyon o‘tkazilayotgan uchinchi paraddir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, paradda ming nafar urush qatnashchisi doxil 9 mingga yaqin harbiy ishtirok etyapti. Moskvada yilning bu mavsumi uchun odatiy bo‘lmagan sovuq harorat kuzatilmoqda. Parad translyatsiyasi kadrlarida qor yog‘ayotganini ko‘rish mumkin.

Paradni mudofaa vaziri Sergey Shoygu qabul qilyapti. Hukumat iste’foga ketgani va yangi tarkib hali taklif etilmagani uchun u ham boshqa vazirlar kabi ayni paytda vazir vazifasini bajaruvchi maqomidadir. Ikki hafta muqaddam Shoyguning o‘rinbosari Timur Ivanov hibsga olingan.

Qizil maydondagi minbarda Rossiya prezidenti Vladimir Putindan tashqari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Turkmaniston prezidentlari hamda marosimga maxsus taklif etilgan Laos, Gvineya-Bisau va Kuba liderlari turibdi. 8-may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyati sammitida ishtirok etgan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bu safar paradga qolgan emas.

Putin paraddagi chiqishida G‘alaba kunini Rossiyaning “asosiy bayrami” deb atadi. U o‘z nutqi avvalidanoq G‘arb mamlakatlarini tanqid qilib, ularni natsizmni reabilitatsiya qilish va tarixni soxtalashtirishga ayblay boshladi.

Rossiya global ziddiyatga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi, biroq bizning strategik kuchlarimiz doim jangovar hozirlik holatidadir”, dedi Putin.

Ikkinchi jahon urushi haqida gapirar ekan, u butun Yevropa Gitler Germaniyasi uchun ishlaganini, Sovet Ittifoqi esa unga uzoq vaqt mobaynida qariyb bir qarshi turganini iddao qildi. Ayni paytda u Xitoy “militaristik Yaponiya”ga qarshi kurashganini zikr etib o‘tdi.

O‘z so‘zida Putin “maxsus harbiy amaliyot” mavzusiga ham to‘xtalib, Ukrainadagi urush ishtirokchilarini “qahramonlar” deb atadi. U o‘z nutqida “Ukraina” so‘zini tilga olmadi. Putin o‘z chiqishini “Rossiya uchun, g‘alaba uchun, ura” degan jumla bilan yakunladi.

Natsizm ustidan G‘alaba kuni dunyodagi aksar mamlakatlarda 8 may kuni nishonlanadi, chunki 1945-yili aynan shu kuni Germaniya kapitulyatsiyasi haqida e’lon qilingan. SSSRda g‘alaba haqida 9-may kuni e’lon qilingan. 1965-yildan esa 9-may Sovet Ittifoqida dam olish kuniga aylangan. Sovet davrida 9-may kuni paradlar ko‘p o‘tkazilgan emas, harbiy paradni har yili o‘tkazish Putinning salafi Boris Yelsin tomonida joriy qilingan an’anadir.

Putin hukmronligi davrida G‘alaba kunida davlat propagandasining mafkuraviy mazmuni yildan-yilga o‘zgarib turgan. So‘nggi yillarda Rossiya rasmiylari bu bayramdan G‘arbga qarshi turishni, keyin esa Ukrainadagi urushni oqlash uchun foydalana boshlaganlar.

XS
SM
MD
LG