Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:56

“Mukammal qotillik”. Xristo Grozev  – “FXX zaharlovchilari” haqida


Rossiyada muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy zaharlanishi ortida turgan FXX “zaharlovchilar jamoasi” Kabardin-Bolqor va Dog‘istonlik ikki faol - Timur Kuashev va Ruslan Magomedragimovni, hamda siyosatchi Nikita Isayevni zaharlab o‘ldirgani aytilmoqda.
Rossiyada muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy zaharlanishi ortida turgan FXX “zaharlovchilar jamoasi” Kabardin-Bolqor va Dog‘istonlik ikki faol - Timur Kuashev va Ruslan Magomedragimovni, hamda siyosatchi Nikita Isayevni zaharlab o‘ldirgani aytilmoqda.

Bellingcat tadqiqot guruhi va The Insider nashri yana uch nafar rossiyalik faollar va siyosatchilar Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining qurboni bo‘lgan deb hisoblaydi. Muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy zaharlanishi ortida turgan FXX “zaharlovchilar jamoasi” Kabardin-Bolqor va Dog‘istonlik ikki faol - Timur Kuashev va Ruslan Magomedragimovni, hamda siyosatchi Nikita Isayevni zaharlab o‘ldirgani aytilmoqda.

Bellingcat, The Insider nashri hamda Germaniyaning Der Spiegel gazetasi hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi surishtiruvda aytilishicha, maxsus xizmatlar xush ko‘rmagan odamlarni zaharlashda bosh-qosh bo‘lgan FXX Kriminalistika instituti o‘zi aloqador bo‘lgan kamida bir qotillik yuzasidan o‘tkazilayotgan tergovda o‘zi ekspertiza o‘tkazgan va, tabiiyki, shubhali hech narsa topmagan. “Ekspert” sifatida institut xodimi Vasiliy Kalashnikov ishtirok etgan. Aleksey Navalniy o‘ziga qarshi suiqasd ishtirokchilaridan biri ekanini aytgan FXX tezkor xodimi Konstantin Kudryavsev bilan suhbatda uning ismi oshkor qilingandi.

Bellingcat, The Insider nashri, Germaniyaning Der Spiegel gazetasi hamda Ozodlik radiosi Rossiyada kimyoviy qurollar tayyorlash dasturi hamda Navalniyni “Novichok” moddasi bilan zaharlashga urinishlar haqida turkum surishtiruvlar e’lon qilgan. Surishtiruv mualliflaridan biri Xristo Grozev 2017 - yildan buyon Navalьniyni zaharlashga urinib kelgan FXXning ixtisoslashgan yashirin bo‘linmasi xodimlarining parvoz va qatnovlari haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilib, internet foydalanuvchilarini rasmiy o‘lim sababi shubhali ko‘ringan hollar bilan ushbu qatnovlar o‘rtasida tutashliklarni topishga chaqirgandi.

Bunday tutashliklar darhol topilgan. Bellingcat’ning yangi surishtiruvi bag‘ishlangan qurbonlarning nomi allaqachon boshqa OAVda aytilgan ham edi. Masalan, jurnalist, huquqbon va “Yabloko” partiyasi a’zosi Timur Kuashev Nalchikda vafot etganda, FXX jamoasining bir xodimi ham o‘sha yerda bo‘lgani aniqlangan.

27 yashar Kuashev 2014 - yilning 1 - avgustida Nalchik shahrida o‘lik holda topilgan edi. O‘ng ko‘zining tagida qon talashgani, qo‘ltig‘i tagida esa ninadan iz qolgani uchun u o‘ldirilgan deb gumon qilingan. Ichki organlari shikastlanmagani uchun ekspertlar o‘shandayoq Kuashev noma’lum modda bilan zaharlanganligini gumon qilgan edi. Shunga qaramay, uning o‘limi sababi deb rasman “noma’lum virus infeksiyasidan kelib chiqqan yurak yetishmovchiligi” aytilgan. Marhumning ota-onasi, do‘stlari va hamkasblari ushbu hulosani rad etib, Kuashev o‘ldirilganligini ta’kidlaydi. 2018 - yilda ular Yevropa inson huquqlari mahkamasiga murojaat qilgan.

Surishtiruvda tilga olingan FXX xodimlaridan biri 2015 - yil martida Dog‘istonga kelgan. O‘sha kunlari u yerda “Birlik” harakati faoli Ruslan Magomedragimovning ham o‘ligi topilgan. Marhumning yaqinlari uning bo‘ynida ikkita nina izi bo‘lganini, u nafasni siquvchi modda bilan zaharlanganini aytib kelishadi – Ruslan nafas yetishmovchilikdan o‘lgan.

Bellingcat’ning yangi surishtiruvida tilga olingan yana bir ismni Xristo Grozev avvalroq aytgan edi. Siyosatchi Nikita Isayev 2019 - yil noyabrida Tambovdan Moskvaga ketayotgan poyezdda o‘lgan. O‘limga sabab deb rasman infarkt ko‘rsatilgan.

Timur Kuashev

27 yashar Timur Kuashev 2014 - yilning 1 - avgustida Nalchik shahrida o‘lik holda topilgan edi.
27 yashar Timur Kuashev 2014 - yilning 1 - avgustida Nalchik shahrida o‘lik holda topilgan edi.

Yangi surishtiruvda ta’kidlanishicha, Kuashevni zaharlash operatsiyasi 2014 - yilning 13 - iyulidan boshlangan. Shu kuni, keyinchalik Navalniy bilan suhbatidan so‘ng mashhur bo‘lib ketgan “zaharlovchilar jamoasi”ning a’zosi Konstantin Kudryavtsev Nalchikka uchib keldi. To‘qqiz kun o‘tib unga hamkasbi Ivan Osipov (soxta ismi – “Ivan Spiridonov”) Moskvadan Mineralniye Vodi orqali kelib qo‘shildi. Osipov avval 30 - iyuldagi reys bilan qaytishi kerak edi, lekin u kunini 31 - iyulga o‘zgartirgan. Osipov bu reysda ham qaytmay, rejasini yana o‘zgartirdi. U Moskvaga 1 - avgust soat 14:05dagi reys bilan, Kuashevning jasadi topilganidan bir necha soat o‘tib, uchib ketdi.

Kudryavsev va Osipov zaharlash operatsiyasida ishtirok etgan FXXning yagona xodimlar bo‘lmagan, deydi Bellingcat va The Insider. Faolning o‘limidan bir necha kun avval FXXning yana uch tezkor xodimi, jumladan, Navalniy zaharlanishi bo‘yicha surishtiruvda tilga olingan Aleksey Aleksandrov ham Vladikavkazga uchib kelgan. Surishtiruvda yana ikkita ism ilk bor tilga olinmoqda – Denis Machikin va Roman Matyushin.

Navalniy bilan suhbatda Konstantin Kudryavsevning aytib berishicha, videokuzatuv kameralariga tushib qolish ehtimoli bor joylarda FXX xodimlari kameralarni “o‘chirib turadilar”. Timur Kuashevni zaharlashda ham aynan shunday qilingan: faolning otasi talabi bilan olib borilgan rasmiy tergovda aniqlanishicha, Kuashevni olib ketish onlari tushib qolishi mumkin bo‘lgan kameralar “kommutator nosozligi” deb ishlamay qolgan. Kuashevning telefon qo‘ng‘iroqlari billingi ko‘rsatishicha, uning telefoni 1 - avgustda o‘chiq bo‘lgan.

Eng muhimi, Kuashev ko‘ylagida qolgan qon ekspertizasini Stanislav Makshakov rahbarligidagi “zaharlovchilar jamoasi” ishlaydigan yana o‘sha FXX Kriminalistika institutining o‘zi amalga oshirgan. Ekspertiza hulosasiga imzo chekkanlar orasida Navalniy zaharlanishidan keyin Tomskda dalillarni yo‘qotishga qatnagan Vasiliy Kalashnikovning imzosi ham bor. Shu ekspertiza hulosasidan so‘ng Kuashevning o‘limi bo‘yicha jinoyat ishi yopilgan edi.

Ruslan Magomedragimov

Ruslan Magomedragimovning jasadi Dog‘istonning Kaspiyskida 2015 - yilning 24 - mart kuni topilgan edi.
Ruslan Magomedragimovning jasadi Dog‘istonning Kaspiyskida 2015 - yilning 24 - mart kuni topilgan edi.

Mintaqaviy “Birlik” (“Sadval”) harakati faoli bo‘lmish Ruslan Magomedragimovning jasadi Dog‘istonning Kaspiyskida 2015 - yilning 24 - mart kuni topilgan edi. O‘sha paytda “Chernovik” nashrining yozishicha, Ruslanning yaqinlari uning o‘limini darhol ijtimoiy-siyosiy faoliyati bilan bog‘lagan. Magomedragimov lezgin xalqining haq-huquqlari, hamda Rossiya va Ozarbayjon lezginlarini “Lezgiston” muxtoriyati ostida birlashtirish uchun kurashgan. “Chernovik”ning yozishicha, Ruslan mahalliy hokimiyatni doim tanqid qilib kelgan.

Huddi Timur Kuashev voqeasida bo‘lganidek, Navalniy ishi bo‘yicha fosh etilgan FXX Kriminalistika instituti xodimlari Kaspiyskdan bir necha km naridagi Maxachkalaga bir necha bor kelgan. Ivan Osipov bu shaharga 2015 - yilning yanvarida ikki marta, Konstantin Kudryavsev ham ikki marta, jumladan, suiqasd rejalangan kundan oldinroq, 11 - martdan 16 - martgacha kelib ketgan. Osipov shuningdek 24 - martdagi zaharlashdan bir necha kun oldin Vladikavkazga kelgan va mintaqada olti kun qolgan. U Moskvaga faolning o‘limidan ikki kun o‘tib qaytgan.

Nikita Isayev

Nikita Isaev 2019 - yilning 16 - noyabrga o‘tar kechasi Tambov- Moskva poyezdida o‘lgan.
Nikita Isaev 2019 - yilning 16 - noyabrga o‘tar kechasi Tambov- Moskva poyezdida o‘lgan.

Siyosatchi va bloger, “Yangi Rossiya” harakati yetakchisi Nikita Isayev o‘zini korrupsiyaga qarshi kurashchi sifatida taqdim etsa ham, aslida tizimdagi kremlparast siyosatchi bo‘lgan. Isayev 2019 - yilning 16 - noyabrga o‘tar kechasi Tambov-Moskva poyezdida o‘lgan. The Insider eslatishicha, “Spravedlivaya Rossiya” partiyasi rahbari Sergey Mironov Isayevni o‘ziga mintaqaviy bo‘linmalar bo‘yicha maslahatchi etib tayinlagan edi, Tambovga ham u aynan shu masalalar bo‘yicha ketayotgandi.

Isayevning o‘limi Tomskdan Moskvaga parvoz qilayotgan samolyotdagi Aleksey Navalniy bilan sodir bo‘lgan jarayonga juda o‘xshash. U bilan birga bo‘lgan yordamchisi Alina Jestovskayaning aytishicha, Isayev yarim kechasi hojatxonaga chiqib, deyarli ikki bukilib kupega qaytib kelgan va o‘sha yerda hushidan ketib qolgan. Rasman uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lgan deb aytilgan. Lekin Bellingcat va The Insider siyosatchining safarlari bilan uni 2018 - yil dekabridan boshlab Rossiya bo‘ylab ta’qib etgan “zaharlovchilar jamoasining” parvoz va qatnovlari 13 marta tutashganini aniqlagan. Isayevni Navalniy ishi doirasida ma’lum bo‘lgan o‘sha-o‘sha Aleksey Aleksandrov va Ivan Osipovlar, hamda ismi ilk bor yangi surishtiruvda keltirilayotgan yana uch nafar FXX xodimi Aleksandr Samofal, Viktor Kravchenko va Mixail Tixonovlar kuzatgan. Shu beshovlondan kamida bittasi “Yangi Rossiya” yetakchisi bilan ayni kunlarda Tambov shahrida bo‘lgan.

Isayev o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi ochilmagan, deydi Alina Jestovskaya. U shuningdek Ozodlik radiosi bilan suhbatda, Isaev FXX xodimlari tomonidan zaharlanganiga ishonmasligini aytgan.

Bellingcat’ning yangi surishtiruvida ta’kidlanishicha, Isayevning zaharlanishini FXX “zaharlovchilar jamoasi” bilan bog‘lash mumkin bo‘lgan boshqa o‘limlar orasida eng g‘alatisi. The Insider yozishicha, Isayevning yaqinlari u Vladislav Surkov hali prezident administratsiya rahbari o‘rinbosari bo‘lgan davrlaridanoq administratsiya bilan qalin bo‘lganini berkitmaydi. Isayev, shuningdek, kremlparast yoshlar tashkilotlarining mafkurachisi bo‘lmish Vasiliy Yakimenko bilan ham yaqin munosabatda bo‘lgan. Balki, deydi surishtiruv mualliflari, Isayevning o‘zi rus maxsus xizmatlari tomonidan yollangan va keyinchalik “ikki tomonga ishlaydigan agent” sifatida gumon ostiga tushib qolgan bo‘lishi mumkin. “Eksport bo‘yicha mutaxassis” hamda “sug‘urta kompaniyasi xodimi” sifatida siyosatchi chet elga ko‘p chiqar edi. Agarda ushbu versiya to‘g‘ri bo‘lsa, uning chet eldagi ba’zi uchrashuvlari yoki aloqalari FXX tomonidan shubhali deb topilib, o‘zi “sotqin” sifatida bartaraf etilgan bo‘lishi mumkin.

Bellingcat xodimi Xristo Grozevning Ozodlik radiosiga aytishicha, navbatdagi surishtiruv ba’zi sabablarga ko‘ra suiqasdan so‘ng, Aleksey Navalniy kabi, tirik qolgan insonlarga bag‘ishlanadi. Bular orasida "Mediazona" nashri asoschisi Petr Verzilov va siyosatchi Vladimir Kara-Murzalar bo‘lishi mumkin.

- Siz shartli ravishda «zaharlovchilar jamoasi» deb atalmish guruhning uch qurboni haqida gapirib berdingiz. Bu hikoyalarda eng ko‘zga ko‘ringan detallar qaysilar, sizningcha? Shu o‘limlarga aynan FXX aloqador bo‘lganligiga safarlardan tashqari yana qanday dalillar bor,?

- Kuashev voqeasida biz Navalniy bilan suhbatda Kudryavsev oshkor qilgan FXX usulining to‘liq takrorlanishini kuzatyapmiz. Masalan, ular operatsiya mobaynida kameralarni o‘chirib qo‘yishini, hatto yagona «brigada» bo‘la turib, turli reyslar bilan uchishini ko‘rdik. Masalan, Osipov bir aeroportga, Aleksandrov boshqa aeroportga qo‘ngan, hamda bir kun oralig‘i bilan ayni aeroportdan uchib ketgan. Lekin, eng muhimi, biz «mukammal jinoyat»ga guvoh bo‘lyapmiz: jinoyat alomatlarini aniqlash, masalan, qon yoki kiyimda zaharni aniqlash ekspertizasi o‘sha jinoyatni amalga oshirganlarni o‘ziga topshirilgan. Masalan, Kuashev voqeasida ekspertiza hulosasiga Navalniy zaharlanganidan so‘ng dalillarni yo‘qotish bilan shug‘ullangan Kalashnikov imzo chekkan.

Isayev masalasida, huddi Navalniy masalasida bo‘lganidek, juda ko‘p tutashgan safarlarni kuzatyapmiz. Poezd yoki samolyotda 13 marotaba qatnovlar. Statistika nuqtai nazaridan bu yerda yaxshi gumon qilib bo‘lmaydi.

- Bu kontekstda Isayevning o‘limi eng g‘alatisidir, chunki u aslida Kremlga juda hayrihox siyosatchi bo‘lgan.

- Ha, albatta. Bizning vazifamiz buning motivlarini topish emas, bu eng qiyini. Biz bu masalani Isayevni yaxshi bilgan manbamiz bilan muhokama qilganmiz. Uning eslashicha, Isayev nimadandir cho‘chigan, oilasini chet elga olib ketmoqchi bo‘layotganini aytgan. Bu ayni shu 2018 - yilning dekabrlaridagi suhbat. U ko‘p horijga chiqar edi, masalan, Tambovdan qaytgandan so‘ng AQShga uchib ketishi kerak edi. Unda hiyonat qilish rejalari bo‘lmasa ham, balki FXX shunday xavf bor deb hisoblagandir. Isaevda juda ko‘p ma’lumotlar yig‘ilgan edi, masalan, sof «muholifat» bo‘lmagan siyosiy loyihalar haqida.

- «Zaharlovchilar jamoasining» safarlari haqidagi ma’lumotni oshkor qilganingizdan so‘ng, internetda bildirilgan boshqa versiyalarga asos topa oldingizmi? Masalan, ehtimoliy FXX qurbonlari orasida Petr Verzilov, Vladimir Kara-Murza, hattoki reper Detslning ismlari keltirilgan edi.

- Biz bugun e’lon qilgan surishtiruv faqatgina o‘ldirilganlarga bag‘ishlangan. Bunga paralel ravishda biz FXX o‘ldira olmaganlar haqida surishtiruv ustida ham ishlayapmiz. Ular orasida siz aytganlarning ba’zilari bor. Aniq aytishim mukinki, juda mashhur nomlardan biri haqida bizda inkor etib bo‘lmaydigan dalillar mavjud. Ularni yaqin haftalarda e’lon qilishni rejalaganmiz.

XS
SM
MD
LG