Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:09

Namangan hokimi uysiz ayollarga “sertifikat” topshirdi – rasmiylar “barak” uy taklif etmoqda


Sharoiti og‘ir ayollarga prezident farmoni asosida uy uchun berilgan sertifikat.
Sharoiti og‘ir ayollarga prezident farmoni asosida uy uchun berilgan sertifikat.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov 8-mart bayrami arafasida 110 ayolga “prezident sovg‘asi” sifatida uy “sertifikati”ni topshirdi.

Uchqo‘rg‘on tumanidan bo‘lgan, kam ta’minlangan, nogiron farzandi bor o‘n nafar boquvchisi yo‘q ayol ham hokim qo‘lidan “sertifikat” oldi.

Ammo ayollarning aytishlaricha, o‘n ayoldan faqat ikki kishiga yangi uy berilgan, qolganlariga esa inson yashashi imkoni yo‘q “barak” uylar taklif qilinmoqda.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Aburazzoqov 3-mart kuni To‘raqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tantanada so‘zlagan nutqida aytishicha, ayollar daftarida turgan ayollarga moddiy yordam berish uchun davlatdan milliard-milliard so‘m mablag‘ ajratilyapti, ammo uning ko‘p qismi bir martalik moddiy yordamga ketib qolgan:

“Bir martalik moddiy yordam berilyapti, lekin u yana ikkinchi marta kelishga majbur bo‘lyapti. Chunki uyi yo‘q, ijaraga to‘lashi kerak. Shuning uchun o‘sha pulga uy-joy olib beraylik, mayli o‘ziga bo‘lmasa ham davlatda turadi, lekin o‘sha yerda besh yil bemalol yashaydi. Undan keyin xususiylashtirib olish huquqi bo‘ladi. Yoki ishi yaxshi bo‘lib ketar, farzandlari katta bo‘lib, boquvchisi topilar”.

Hokimning aytishicha, albatta, bayram arafasida ana shunday ayollar uy bilan ta’minlanadi.

Yig‘ilishda ayollarga uy “sertifikat”larini hokim tantanali tarzda topshiradi.

O‘shandan so‘ng oradan bir yarim oy vaqt o‘tdi. Hokim qo‘lidan “sertifikat” olib, quvonchlari olamga sig‘may qaytgan uchqo‘rg‘onlik ayollar bugun hafasalalari pir bo‘lganini aytmoqda.

Gulchehra Omonova 28 yoshda. Uchqo‘rg‘on tumanining Ozod MFYda tog‘asining uyida yashaydi. Ikki farzandi bor. Qizi Madina bolalikdan nogiron, bir joyda yotadi, mustaqil harakatlana olmaydi. Ona farzandining qaroviga bog‘liq bo‘lib qolgani sabab ishlay olmaydi, bolaga beriladigan 500 ming so‘m nafaqaga yashaydi.

“Menga avariyniy holatdagi uyni tavsiya qilishdi. Hatto hojatxonasi ham yo‘q. Biz bilan borgan bir ayolga yangi uy berildiyu, qolganlarga odam yashab bo‘lmaydigan uylar taklif qilinyapti. Viloyat hokimi ham avvalo nogironi borlarga uy beriladi degan edi. Men hozir eski domga ham roziman, chunki sharoitim og‘ir. O‘sha eski domni ham berishmayapti. Har hafta murojaat qilaman, goh u hujjatda, goh bu hujjatda kamchiligi bor deb bahona qilishyapti. Men vaqt o‘tgandan keyin tamoman unutib yuborishadi, degan xavotirdaman, chunki uch yildan beri aldashadi!”, deydi Gulchehra Omonova.

Shahnoza Davidova, 37 yoshda. Uchqo‘rg‘on tumanida, ijarada yashaydi. Eri 2019-yilda sirli tarzda uchastka noziri xonasida vafot etgan. Ikki nafar farzandi bor. Yolg‘iz ona.

“Bizga respublikadan uy uchun 100 million so‘m ajratilgan. O‘sha pulning 96 million so‘mi bizning nomimizga kelib tushgan. Endi bizga tanlash uchun 50-60 million so‘m turadigan barak uylarni taklif qilib, rasmlarini Telegramdan tashlab berishyapti. U uylarda yashashning umuman imkoni yo‘q. Sheriklarimizdan ikki kishiga yangi uy berdi, bizga esa baraklarni tiqishtirishyapti”, deydi Shahnoza Davidova.

Odina Rahmonova, 28 yoshda. Uchqo‘rg‘on tumani, Sanoat MFYda yashaydi. Bir o‘g‘il va bir qiz egizagi bor. Avariya holatidagi ijara uyda yashab turibdi.

“Hokim "sizlarga yangi uy beriladi" deganda, "voy endi suvi va gazi bor yangi uylarda yashaymiz ekan", deb xursand bo‘lgan edik, lekin bu yoqda boshqa gap bor ekan. Bizga baraklardan uy ko‘rsatishyapti. Mahalla komitetidan chaqirishgan ekan, borsam "qudamizning uyi bor, o‘shani sizga bersak maylimi", dedi. "Ha, mayli", deb yozib berdim. Hali veri undan darak yo‘q. Besh yil o‘tirar ekanmiz, agar qonunlar o‘zgarmasa o‘zimizga qolarmish, agar o‘zgarib ketsa uni ham olib qo‘yishar ekan. 100 million ajratishgan ekan, shunga yarasha yaxshiroq uy bermaydi-da, barak-saraklardan beradi. Raisning qudasining uyi ham barak ekan. Olmasdan boshqa ilojim yo‘q, hozir bostirma uyda o‘tiraman. Ijarada yashayman, egasi ham "uyni bo‘shat "deyapti”, deydi Odina Rahmonova.

Ozodlik bu ishlarga mas’ul bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Jamila Mahmudovaga kun davomida bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi, ammo javob bo‘lmadi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 2021-yilning dekabr oyida “Uy-joyga muhtoj xotin qizlarni uy-joy bilan ta’minlash hamda Toshkent shahrida boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qilgan edi.

Qarorda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar, shu jumladan, xotin-qizlarni ijara huquqi asosida vaqtinchalik joylashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan 1 000 ta kvartira sotib olinishi ko‘rsatilgan.

Ammo Ozodlikka kelgan shikoyatlarda kam ta’minlangan oilalarga atab qurilgan uylarning bir qismi mahalliy rahbarlarning o‘ziga to‘q qarindosh-urug‘lariga, tanishlariga berib yuborilgani haqida ko‘p arz qilingan.

XS
SM
MD
LG