Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:28

NASAning “Ingenuity” vertolyoti Marsda yana havoga ko‘tarildi


O‘tgan payshanba kuni Amerika aerokosmik agentligi (NASA) Marsga yuborgan mitti "Ingenuity" vertolyoti ikkinchi parvozini amalga oshirdi. Bu safargi parvoz 52 soniyaga yaqin davom etdi. Vertolyot besh metr balandlikka ko‘tarildi.

NASA qoshidagi Reaktiv harakatlanish laboratoriyasida "Ingenuity" vertolyotining bosh muhandisi o‘laroq faoliyat yuritayotgan Bob Balaram:

"Hozircha biz qabul qilgan va tahlil qilgan muhandislik telemetriyasi parvoz kutilgan natijalarga mos bo‘lganini ko‘rsatmoqda", dedi.

19 - aprel kuni "Perseverance" roveri yordamida Marsga yetkazilgan "Ingenuity" vertolyoti boshqa sayyorada boshqariladigan parvozni amalga oshirgan birinchi dvigatelli uchish apparati sifatida tarixga kirgan edi.

Vazni 1.8 kilogramm bo‘lgan "Ingenuity" vertolyotining ilk parvozi 39.1 soniyaga yaqin davom etdi. Birinchi parvozda moslama uch metrdan ziyodroq balandlikka ko‘tarildi.

51.9 soniya davom etgan ikkinchi parvoz davomizda "Ingenuity" 5 metrga ko‘tarilib, qisqa muddat qalqib turdi, so‘ng qiyshayib, yon tomonga qarab uchdi.

"Vertolyot to‘xtadi, joyida qalqib turdi va kamerasini turli yo‘nalishlarga qaratish uchun burildi", dedi "Ingenuity" bosh uchuvchisi Havard Grip.

"Keyin qo‘nish uchun aerodrom markaziga qaytdi", deya so‘zini davom ettirdi Grip.

"Bu juda oddiy eshitiladi, ammo Marsda vertolyot boshqarish haqida ko‘p narsa bizga noma’lum".

Parvozlardan olingan ma’lumotlar va tasvirlar Yerga yetib kelish uchun 278 million kilometr masofani bosib o‘tadi. Signallar Yerda NASAning antennalari tomonidan qabul qilinib, qayta ishlanadi.

"Perseverance" roveri joriy yilning 18 - fevral kuni Marsdagi Ezero krateriga qo‘ngan edi.

"Ingenuity" yana uch marta sinov tariqasida uchiriladi.

Vertolyot zichligi Yer atmosferasinikidan 100 karra past bo‘lgan Mars atmosferasida uchish texnologiyasini o‘zlashtirmoqda. Mars atmosferasi Yer atmosferasi zichligining bir foiziga ham teng emas. Shu sababdan "Ingenuity" ko‘tarilishi uchun uning rotorlari daqiqasiga 2 400 marta aylanishi kerak. Bu Yerdagi vertolyotlar rotorlari tezligidan besh baravarga ko‘p.

Yerdan masofa o‘ta olis bo‘lgani tufayli vertolyotni odam boshqarolmaydi. Vertolyotning asosiy harakatlari oldindan dasturlashtirilgan, ammo u o‘z sensorlari va kamerasidan olingan ma’lumotlardan foydalanib, real vaqtda qaror qabul qilishi kerak.

Shuningdek, Ingenuity tungi harorat minus 90°C ga tushadigan Marsda jon saqlash uchun isitish tizimiga ega.

NASA ushbu mitti vertolyotdan ancha katta Dragonfly rotorli uchog‘ini Saturnning muz qoplagan oyi bo‘lmish Titanga yuborishga hozirlanmoqda. Dragonfly Titanga 2034 - yilda yetib boradi.

XS
SM
MD
LG