Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:19

Navalniyning surishtiruv-filmiga mukofot berilishi kino olamida janjalga sabab bo‘ldi


Kinorejissyor Nikita Mixalkov (suratda) Aleksey Navalniyga mukofot berilganidan keskin norozi bo‘ldi.
Kinorejissyor Nikita Mixalkov (suratda) Aleksey Navalniyga mukofot berilganidan keskin norozi bo‘ldi.

Rossiyaning kinotanqidchilar gildiyasi rahbariyati hamda “Beliy slon” mukofotining Ekspertlar kengashi o‘rtasida ixtilof vujudga keldi. Ixtilofga Ekspertlar kengashining muxolifatchi Aleksey Navalniy guruhi suratga olgan hujjatli film-surishtiruvlar turkumini maxsus mukofot bilan taqdirlash haqidagi qarori sabab bo‘ldi.

O‘tgan yil mobaynida Rossiya rahbariyatining korrupsiyaga botganini fosh etgan videolarni millionlab kishi YouTube platformasida tomosha qildi. Bu videolar Qora dengiz sohilida prezident Vladimir Putin uchun qurilgan saroy, Navalniyni Sibirda FXX (FSB) zaharlagani to‘g‘risidagi surishtiruv filmlaridir.

Tezda odamlar orasida tarqalib ketgan bu videolar Rossiya mutasaddilarni g‘azablantirgan, ular bu videolarni AQShda joylashgan Youtube platformasidan olib tashlash talabi bilan murojaat qilgan. Rasmiylar, shuningdek, filmda yangragan ayblovlarga munosabat bildirishga majbur bo‘lgan.

Bir qator kategoriyalarda beriladigan “Beliy slon” kinomukofotining sovrindorlari 14 - mart kuni e’lon qilindi. Navalniy va uning ijodiy jamoasi, jumladan Moskvadagi Korrupsiyaga qarshi fond (FBK) xodimlari “Yil hodisasi” kategoriyasida g‘olib deb topilgan va bu rasman keyingi oy bo‘lib o‘tadigan tadbir davomida e’lon qilinishi rejalashtirilgan edi.

Lekin Putinning eng ashaddiy tanqidchisi bo‘lmish Navalniyni taqdirlash qarori, Ekspertlar kengashining bayonotida aytilishicha, “mukofotning 22 yillik tarixida ilk bor” jiddiy ixtilofga olib keldi. Bu kelishmovchilik “tazyiq va kengash faoliyatini senzuralashga harakatlar” sharoitida ro‘y berdi, deyiladi bayonotda.

Natijada Rossiya Kinochilar uyushmasining bir qismi bo‘lmish Rossiya kinotanqidchilar gildiyasi 1998 - yildan beri taqdim etib kelayotgan mukofotiga boshqa homiylik qilmasligini e’lon qildi.

Kinochilar uyushmasiga rahbarlik qilib kelayotgan taniqli rejissyor va Putinning ashaddiy muxlisi Nikita Mixalkovning aytishicha, Navalniy tanlov shartlariga zid ravishda mukofotga loyiq deb topilgan. “Agarda Navalniy rejissyor bo‘lsa, unda men o‘zimni rejissyor deya olmayman. Navalniyning kino olamiga hech qanday dahli yo‘q. Agarda siyosat uchun mukofot bermoqchi bo‘lsangiz, shuni aniq-tiniq qilib ayting-da”, degan Mixalkov “Sobesednik” gazetasining muxbiriga. Mixalkov Vladimir Putinning 55 yoshiga bag‘ishlab “55” nomli film olgan edi.

Navalniying o‘ziga xos uslubda ishlangan video-surishtiruvlari Rossiyada juda mashhur bo‘lib ketgan. Shulardan eng ko‘p ko‘rilgani Gelenjik yaqinidagi 1,36 milliard dollar deb baholangan “Putin saroyi” haqidagi surishtiruv bo‘ldi. Aleksey Navalniy boshchilik qiladigan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi bu videoni 19 - yanvar kuni, Navalniy Germaniyadan qaytgach, hibcga olingandan 2 kun o‘tib e’lon qilgandi. Shundan beri bu surishtiruv deyarli 115 million marotaba ko‘rilgan.

Gildiya homiylikdan voz kechgan bo‘lsa ham, Ekspertlar kengashi “Beliy slon” mukofotini berishda davom etishini bildirgan. Lekin ixtilof “Rossiya kinochilar uyushmasidagi turg‘unlik garoviga tushib qolgan gildiyaning obro‘siga putur yetkazadi” deb ogohlantirilgan kengashning bayonotida.

Ekspertlar kengashining bayonotiga 43 nafar taniqli rejissyor, jurnalist va kinotanqidchi imzo chekkan. Shular qatorida Navalniyni mukofotlash to‘g‘ri qaror bo‘lganini yoqlab chiqqan taniqli kinotanqidchi Anton Dolin ham bor.

“Agarda syujet, muallif, mavzu, saspens, salbiy va ijobiy qahramon, hazil va hokazo elementlar mavjud bo‘lsa, demak bu aniq filmdir. Agarda bu film muayyan qoidalarga mos tushmasa, demak qoidalarni o‘zgartirish vaqti kelibdi”, deb yozdi Dolin New Times internet-nashrida chop etilgan maqolasida.

XS
SM
MD
LG