Линклар

Шошилинч хабар
17 июн 2021, Тошкент вақти: 04:12

Navoiydagi "chempionlar maskani" hukumat qaroridan so‘ng yopildi. Murabbiylar norozi


"Kimyogar" sport majmuasidan o‘nlab jahon chempionlari yetishib chiqqan.

Navoiylik bir guruh murabbiylar shahardagi “Kimyogar” sport majmuasi yopilganiga norozilik bildirib, Ozodlikka murojaat qildi.

Murabbiylar o‘nlab Jahon va Osiyo chempionlari yetishib chiqqan ushbu majmuaning yopilishi sport uchun katta yo‘qotish bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi.

O‘tgan yilning kuzida majmua “Navoiyazot” shirkati balansidan olinib, Navoiy shahar hokimligiga o‘tkazilgan.

Hozirda shahar hokimligi majmua harajatlarini qoplay olmayotgani aytildi.

Chempionlar yetishtirgan maskan

46 yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelgan “Kimyogar” sport majmuasi ishchilari joriy yil 13 - yanvar kuni ishdan bo‘shatildi.

Ozodlikka bog‘langan murabbiylar ushbu majmuada o‘nlab chempionlar yetishib chiqqanini aytib, uning yopilganini qoralashlarini aytishdi.

  • “Bu yerda tarbiyalangan sportchi Husniddin Norbekov Rio de Janeyroda o‘tgan paralimpiya o‘yinlaridan chempionlik unvoni bilan qaytdi. Norbekov disk uloqtirish hamda yadro otish bo‘yicha jahon rekordini yangiladi.
  • Biz shug‘ullangan sportchilarning yetti nafari armrestling bo‘yicha jahon chempioni bo‘lgan, yana bir nechta sportchimiz shu sport turi bo‘yicha jahon chempionatidan sovrindor bo‘lib qaytgan.
  • Mirzohid Sharopov esa armrestling bo‘yicha 7 karra jahon chempioni bo‘ldi.
  • Ushbu sport turi bo‘yicha jami 100dan ziyod sportchilarimiz Jahon, Osiyo va O‘zbekiston chempionlari bo‘lgan.
  • Yana bir sportchimiz Elbek Sultonov bu yil Tokioda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.

Shuncha chempionni yetkazib bergan maskanning yopilishi sport uchun katta yo‘qotish bo‘lishi mumkin. Rahbarlar buni o‘ylamayapti”- deydi anonim qolish istagini bildirgan murabbiylar.

Murabbiylar hisob-kitobicha, ushbu majmuada o‘ttizga yaqin odam ishlab kelgan, ularning barchasi "NavoiyAzot"dan oylik olishgan.

Sportchi yoshlar majmua yopilganiga qaramay, o‘yingohda mashqlarini davom ettirmoqda. (Surat 26 - yanvar kuni olingan)
Sportchi yoshlar majmua yopilganiga qaramay, o‘yingohda mashqlarini davom ettirmoqda. (Surat 26 - yanvar kuni olingan)

Hukumat qarori

Vazirlar Mahkamasining 2020 - yil 9 - iyuldagi 432-son qaroriga asosan, “Kimyogar” majmuasi “NavoiyAzot” AJda olinib, Navoiy shahar hokimligiga berilgan.

Hukumatning bu qarori “NavoiyAzot” AJ tarkibidagi tashkilotlarning aktivlaridan samarali foydalanish hamda moliyaviy holatini sog‘lomlashtirish maqsadi bilan izohlangan.

Navoiy shahar hokimligining Ozodlik bog‘langan xodimi “Kimyogar” majmuasi taqdiri nima bo‘lishi hozircha noma’lum ekanini aytdi.

“Vazirlar Mahkamasi qarorini bajarish uchun bu majmua “NavoiyAzot”dan olinib, shahar hokimligiga davlat mulki sifatida balans (qoldiq) qiymatida berildi. Lekin bu majmuaning bir yillik harajatlari 700 million so‘m ekanini hisobga olsak, hokimlik buni o‘zi eplay olmasligi aniq. Shuning uchun davlat bilan sherikchilik hisobiga ishlaydigan tadbirkorlarni izlayapmiz. Sport daromadli soha bo‘lmagani uchun tadbirkorlar hozircha qiziqish bildirmayapti. Majmuani oladigan tadbirkor u yerda boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishga haqqi yo‘q”,- dedi hokimlikning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Ozodlik gaplashgan murabbiylar sport majmuasini buzib, o‘rnida ko‘p qavatli uy qurilishi rejalangani haqida gapirishdi. Bu haqda sport majmuasi bilan bog‘liq muammoni yoritgan Kun.uz nashri videolavhasida ham aytilgan.

Biroq hokimlik mulozimi “Kimyogar” majmuasi buzilishi haqidagi gap-so‘zlarni rad qildi:

“Sport majmuasi “NavoiyAzot”ga yaqin joyda joylashgani uchun u yerda turar-joy qurilishi mumkin emas. Keyin bino eski bo‘lsa ham uni hozircha buzish rejasi yo‘q”.

Navoiy viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Shahlo Narziyeva Ozodlik bilan suhbatda “Kimyogar” majmuasining boshqarma tasarrufiga o‘tkazish rejasi ham borligini aytdi:

“Kimyogar” bilan bog‘liq ikkita reja bor. Bittasi, davlat bilan sherikchilik qiladigan tadbirkorni topish, ikkinchisi, bizning boshqarma tasarrufiga o‘tkazish mumkin. Agar tadbirkor topilsa, u trenerlar sharoitini yaxshilaydi. Remont qilib beradi, mashq zaliga qo‘shimcha jihozlarga sotib olib beradi. Biz buni nazorat qilamiz. Agar tadbirkor topilmasdan, bizning boshqarmaga berilsa, biz u yerda bolalar va o‘smirlar sport maktabi tashkil qilamiz. Chempionlarni yanada ko‘paytirib berishga so‘z beramiz. Lekin bizga bino harajatlari uchun byudjetdan yordam berilishi kerak. Yaqin 1-2 kunda “Kimyogar” taqdiri hal bo‘ladi”.

Ayni paytda Narziyeva “Kimyogar”dagi murabbiylar boshqa sport majmualariga joylashtirilishi, texnik xodimlarga esa “NavoiyAzot”dan ish berilishi rejalanganini ta’kidladi.

1975 - yilda qurilgan “Kimyogar” sport majmuasi xalq tilida “Ximik” stadioni nomi bilan tanilgan. Majmua 8 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, u yerda viloyatdagi asosiy sport musobaqalari o‘tkazib kelinadi. Stadion 5000 tomoshabinga mo‘ljallangan.

XS
SM
MD
LG