Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:54

Nega Putin konsert arenasidagi hujumni Kiyev va G‘arbga to‘nkashga urinmoqda?


Prezident Putin Rossiya Bosh prokuraturasining kengaytirilgan majlisida. 26-mart, 2024.
Prezident Putin Rossiya Bosh prokuraturasining kengaytirilgan majlisida. 26-mart, 2024.

22-mart kuni Moskva yaqinidagi konsert zalida ro‘y bergan va so‘nggi 20 yildagi eng qonli teraktda kamida 139 kishi halok bo‘ldi. Oradan 18 soatdan ko‘proq vaqt o‘tgach qilgan murojaatida prezident Vladimir Putin “Islomiy davlat” (ID) ekstremistik guruhi haqida umuman gapirmadi. Vaholanki, ID allaqachon hujum uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan edi.

Biroq Putin Ukrainani tilga olib, hujumchilar qochishlari uchun Kiyev ikki davlat chegarasida «darcha» hozirlaganini aytdi, ammo so‘zlariga dalil keltirmadi.

Keyinroq, 25-mart kuni bergan izohlarida Putin hujum “radikal islomchilar” tomonidan amalga oshirilganini aytdi. Vaholanki, Qo‘shma Shtatlar buni “Islomiy davlat” (ID) ekstremistik guruhining sho‘’basi bo‘lmish “Islomiy davlat-Xuroson” amalga oshirganini bildirgan edi. Ammo Putin Ukraina bunda rol o‘ynaganiga yana ishora qildi, AQSH va G‘arbni ham aybladi.

Rossiyaliklarga hujum ortida Ukraina va G‘arb turganini bildirmoqchi bo‘lgan Putin Qo‘shma Shtatlar “boshqa davlatlarni bu hujumda Kiyevning qo‘li yo‘qligiga ishontirish uchun barcha kanallardan foydalanayotganini aytdi”. U ushbu hujum Ukrainaning "G‘arbdagi xo‘jayinlari buyrug‘ini bajarish"ga urinishi ekanligini aytdi.

Ayni paytda, Rossiyadagi davlat OAVlari hujum ortida Ukraina va G‘arb, shuningdek, yuqori martabali amaldorlar va qonunchilar turgani haqidagi da’voni faol tarqatmoqda. Telegram’da chop etilgan qisqa suhbatda muxbir Xavfsizlik kengashi kotibi va Putinning yaqin safdoshi Nikolay Patrushevdan “[ID] yoki Ukrainami?” deb so‘raydi. Patrushev shunday javob beradi: "Albatta, Ukraina."

“Крокус Сити Холл”га ҳужум: Суд яна 4 кишини ҳибсга олди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:35 0:00

Rossiyada sodir bo‘layotgan voqealar uchun xorijni ayblash Putin uchun yangilik emas. 2004-yili janubdagi Beslan shahridagi maktabda 330 dan ortiq odam hayotiga zomin bo‘lgan garovga olish inqirozidan beri, Putin Vashington va G‘arb Shimoliy Kavkazdagi islomiy jangarilarni qo‘llab-quvvatlayotganiga shama qilib keladi.

Ammo bu safar xavf ayniqsa yuqori bo‘lishi mumkin: Putin keng tarqalgan soxtalashtirish haqidagi dalillar bilan kechgan saylovda yangi olti yillik muddatga g‘alaba qozondi. Uning Ukrainaga qarshi urushi Kiyevni tezda bo‘ysundirish o‘rniga yuz minglab rossiyaliklar o‘limiga sabab bo‘lgan turg‘un urushga aylandi.

Putin Krokus Siti Hollga hujumda Kiyev va G‘arbni ayblayotgani sabablaridan biri ham shu.

Hikoya

2022-yil fevralida keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan beri Putin Rossiyani urush kundalik reallikka aylangan mamlakatga aylantirishga harakat qildi va bundan aholi ustidan nazoratni kuchaytirish uchun foydalandi. Uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov yaqinda "ichki safarbarlik"ka chaqirib, ruslar urushni faqat tashqi tomondan qo‘llab-quvvatlamasdan, balki unga e’tiqod masalasi sifatida qarashlari kerakligini aytdi – ko‘pchilik ruslar uchun urushni qo‘llab-quvvatlash passiv ekanligini hisobga olsak, hayratlanarli undov bu.

Putin fuqarolarni mamlakat Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush qilmayotgani, balki Ukraina orqali Rossiyani yo‘qotmoqchi bo‘lgan Vashington va G‘arbga qarshi mudofaa urushi ekanligiga ko‘proq ishontirishga urinmoqda. Ushbu da’voni yanada mustahkamlash uchun hukumat Ukrainadagi urushni tanqid qilgan yoki shubha ostiga qo‘yganlar ovozini o‘chirish uchun qonunlar chiqardi.

Bu hikoyaga ishonilsa, islomiy ekstremistlarning halokatli hujumlari uchun kam joy qoladi. Krokus Siti Hollga qilingan hujum Putinning yaqinroq yoki realroq tahdidlardan uzoqlashayotganini ko‘rsatishi mumkin.

“Muvaffaqiyatsizlik”

Hujum uchun aybni G‘arbga ag‘darish Atlantika kengashi tahlil markazi xodimi va AQSHning Moskvadagi sobiq elchisi Aleksandr Vershbou aytganidek "jiddiy razvedka muvaffaqiyatsizligi"ni yumshatishi mumkin.

Mart oyi boshida AQSH bu haqda ogohlantirgandan keyin ham tahdid oldi olinmagani, kamiga, hujumdan uch kun oldin Putin bu ogohlantirishni shunchaki “provokatsiya”, “jamiyatimizni qo‘rqitish va beqarorlashtirish urinishi” deb ataganini izohlash qiyin bo‘ladi.

Shunday qilib, AQSH bu hujumda ishtirok etgan degan da’vo sababi AQSHning o‘sha ogohlantirishini Ukrainadagi urush manzarasiga moslashtirish istagi bo‘lishi mumkin.

Ukraina hujumga aloqadorligini rad etdi va AQSH Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edrien Uotson 24-mart kuni “Ukrainaning hech qanday aloqasi yo‘qligini” aytdi.

Dilemma

Ukrainaning aloqasi borligi haqida hech qanday dalil bo‘lmasa ham, Markaziy Osiyo bilan aloqasi aniq: Rossiya hukumati kamida 11 kishini hibsga olgan va ulardan sakkiz nafari, jumladan, hujumda bevosita ishtirok etgan to‘rt nafari Tojikiston fuqarosidir.

Rossiya asosan Tojikiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan kelgan mehnat muhojirlariga muhtojligi sababli, gumon qilinayotgan shaxslarning shaxsi Putin uchun jiddiy siyosiy dilemma tug‘diradi, deydi Rossiya siyosati va xavfsizlik masalalari bo‘yicha tahlilchi Mark Galeotti.

“Agar u: “Ha, ID edi va u hujumni markaziy osiyoliklar va mehnat muhojirlari orqali amalga oshirdi”, desa, birinchidan, bu irqiy ziddiyatni kuchaytiradi – ko‘p millatli, ko‘p dinli davlatda muammoni chuqurlashtiradi. Rossiya Federatsiyasi aholisining 10 foizi musulmonlar. Ammo keyin haqiqiy savol tug‘iladi: endi nima qilmoqchisiz?”

Москвадаги терактдан кейин мигрантларга босим кучайди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:03 0:00

“Buning muqarrar oqibati markaziy osiyoliklarga qarshi qandaydir repressiya bo‘ladi, tajribadan ma’lumki, bu repressiya juda uquvsizlik bilan amalga oshiriladi, – deydi u. – Ayni damda Rossiya bu Markaziy Osiyo ishchilarini haydab chiqarishga qodir emas, chunki ular uning o‘ziga kerak... Urush oqibatlari va mudofaa zavodlarini to‘liq quvvat bilan ishga tushirish uchun ishchi kuchi yetishmaydi”.

Hujum etnik ziddiyatlarni kuchaytirdi. Rossiya xavfsizlik xodimlari mahbuslarni tahqirlayotgani aks etgan videolar ommaga chiqarilishi qasos chanqog‘ini qondirish uchun bo‘lishi mumkin. Ammo Putin Tojikiston va uning qo‘shnilari fuqarolari uchun Rossiyaga kirishni qattiqroq cheklash kabi keng qamrovli qadamlardan tiyilishi mumkin, deydi Galeotti, chunki bu “Rossiya iqtisodiyotiga putur yetkazadi va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi eng muhim ittifoqchilari orasida obro‘siga putur yetkazadi”.

XS
SM
MD
LG