Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:34

"Noumid shayton" - Shvetsiyada o‘zbek huquq faoli haqidagi film ekranlarga chiqdi


Shvetsiyada suratga olingan "Noumid shayton" filmi o‘zbek huquq faoli Dilobar Erkinzoda haqida
Shvetsiyada suratga olingan "Noumid shayton" filmi o‘zbek huquq faoli Dilobar Erkinzoda haqida

Shvetsiyaning SVT milliy telekanali Auto Images AB va Film i Skåne hamda Norvegiyaning UpNorth Film studiyalari bilan hamkorlikda suratga olgan hujjatli film ekranlarga chiqdi.

"Noumid shayton" deb nomlangan film O‘zbekistonda akasi terrorchi sifatida ayblanib, qamoqqa tashlangan kun huquq himoyachisiga aylangan Dilobar Erkinzoda haqida.

"Jasliq" qamoqxonasiga tashlangan akamning tirik qolishi va ozodlikka chiqishiga bo‘lgan, sindirib bo‘lmas umid haqida bu film

"O‘zbekistonda o‘limga hukm etilgan va keyin"borsa kelmas" nomini olgan "Jasliq" qamoqxonasiga tashlangan akamning tirik qolishi va ozodlikka chiqishiga bo‘lgan, sindirib bo‘lmas umid haqida bu film aslida", - deydi asar qahramoni Dilobar Erkinzoda Ozodlik bilan suhbatda.

Akasi qamoqqa tashlanganida Dilobar atigi 20 yoshda edi va bu uni siyosiy faollikka undagan
Akasi qamoqqa tashlanganida Dilobar atigi 20 yoshda edi va bu uni siyosiy faollikka undagan

Dilobar 1999 - yilda Toshkentdagi hukumat binolariga noma’lum shaxslar hujumidan so‘ng 2002 - yilda terrorizmda ayblanib, hibsga olingan Iskandar Xudayberganovning singlisidir.

Iskandar o‘sha paytdagi Islom Karimov rejimi tomonidan o‘limga hukm qilingandi.

O‘zbekistonda o‘lim jazosi bekor qilingandan so‘ng, Xudayberganov qiynoqlar oroli - "Jasliq" qamoqxonasiga jo‘natildi.

U qamoqqa tashlanganida Dilobar atigi 20 yoshda edi va bu uni siyosiy faollikka undagan.

Oilasiga xavf tug‘ilishi ortidan Dilobar Erkinzoda O‘zbekistonni tark etdi va 2008 - yilda Shvetsiyadan boshpana topdi.

Yaqin o‘tmishdagi qatag‘on

To‘qqiz yildan ortiq vaqt davomida Dilobar akasi Iskandardan xabar olmagan bo‘lsa-da, ozodlikka chiqishiga bo‘lgan umid uni hech qachon tark etmaganini aytadi.

"Bu yaqin o‘tmishda O‘zbekistonda bo‘lgan qatag‘onning bir misoli. Akamning qamalishidan tortib, Shvetsiyaga kelib qolishim haqida hikoya qilinadi bu filьmda. Akam bilan muloqot qilishimizga O‘zbekistonda to‘sqinliklar bo‘ldi, akamni topolmay, o‘lik-tirikligini bilmay qancha vaqt yurdik. Qancha azob ko‘rdi akam. Lekin, noumid shayton deyishadi-ku, akam chiqdi qamoqdan", - deydi Dilobar Erkinzoda.

Filmning nomi uning qahramoni so‘zlaridan olingan.

"To‘rt yil avval Shvetsiyada Xalqaro Amnistiya tashkiloti o‘tkazgan forumda qatnashgandim. Film rejissyori bilan o‘sha yerda tanishib qolib, akam haqida so‘zlab bergandim. Juda ta’sirlanib, shunaqa taklif bor, nima deysan, kino olsak, dedi. Men rozi bo‘ldim", - deydi Erkinzoda.

"Qor malikasi"dagi Gerda kabi qat’iyatli"

Shved prodyuseri Magnus Gertten filmni suratga olish g‘oyasi Dilobar bilan 2016 - yili bo‘lgan ilk uchrashuvda paydo bo‘lganini aytadi.

Dilobar "Qor malikasi" ertagidagi Qayni qutqargan Gerda kabi qat’iyatli. 

"Dilobar Andersenning "Qor malikasi" ertagidagi Qayni qutqargan Gerda kabi qat’iyatli. Dilobarning ota-onasi IIVda so‘roq qilingan. Onasi yurak xurujiga uchragan va otasi kaltaklangan. Ko‘z oldida o‘g‘lining do‘sti qiynoqqa solingan", - deydi Gertten.

Shved prodyuseri Magnus Gertten.
Shved prodyuseri Magnus Gertten.

O‘zbekiston u payt Karimov tuzumi ostida edi.

Prezident Islom Karimov vafotidan keyin O‘zbekistonda sirtdan o‘zgarishlar kuzatila boshladi.

"Menimcha, film O‘zbekistonda o‘ta dolzarbdir. Yangi rejim bor u yerda, ammo O‘zbekiston hanuzgacha Karimov rejimi soyasida yashamoqda. Hali ham to‘liq demokratiya yo‘q. Hali ham inson huquqlari faoli bo‘lish xavfli. Va bundan ham muhimi: amaldagi tuzum tomonidan o‘tmish bilan shug‘ullanish, qiynoqqa solinganlarga adolat berish va Andijondagi qirg‘inni hal qilish uchun hech qanday haqiqiy urinishlar bo‘lmagan. Bunga josuslik uchun agentlarni boshqa mamlakatlarga yuborish va hatto muxolifatdagi odamlarni o‘ldirish kabi hodisalar bo‘yicha tergov kiradi. Yangi, sog‘lom va demokratik jamiyatni yaratish uchun aparteid yillaridan keyin Janubiy Afrikadagi kabi yarashish jarayoni bo‘lishi kerak", - deydi Magnus Gretten.

"Diydorlashish nasib qilmayapti"

Dilobar Erkinzoda ham film dolzarbligini yo‘qotmagan, degan fikrda.

"Birinchidan, bu yaqin o‘tmishda O‘zbekistonda bo‘lgan qatag‘onning bitta misoli. Hozir nimaga aktual desangiz, o‘sha nohaq qamalganlar qanchalik azob ko‘rdi. Malmyoda bo‘lgan film namoyishiga kelgan ayollar ko‘ziga yosh olib tomosha qildi. U yerda Afrikadan kelgan qochqinlar ham bor edi, qiziqib, meni yonimga kelganlar bo‘ldi. O‘shalarni ham dahshatga solibdi. "Biz urushdan qochib keldik, lekin bunaqa darajada fojiani ko‘rmadik", - deyishdi.

Huquq faoliga ko‘ra, O‘zbekistonda nohaqliklar hozir ham bo‘lyapti.

Akam ozodlikka chiqdi, lekin diydorlashish nasib qilmayapti.

Nohaqliklar hozir ham bo‘lyapti O‘zbekistonda. Akam ozodlikka chiqdi, lekin diydorlashish nasib qilmayapti. Reabilitatsiya bo‘lmadi, bu yerga kelishiga ruxsat yo‘q, men ham borolmayman", - deydi Dilobar Erkinzoda.

Bir yarim soat davom etadigan "Noumid shayton" filmi Shvetsiyaning Malmyo shahrida 2020 - yilning 20 - noyabr kuni o‘tkazilgan hujjatli filmlar festivalida bosh sovrinni oldi.

Fevral oyida film Haaga shahrida bo‘ladigan hujjatli filmlar festivalida namoyish etiladi.

Shvetsiyalik prodyuseri Magnus Gretten filmni O‘zbekistonda ham namoyish etilishini xohlashini aytadi.

- Afsuski, O‘zbekistonda film namoyishini tashkil etishga biz ojizmiz. Ushbu tashabbus mamlakat ichkarisidagi odamlardan chiqishi kerak. Imkoniyat bo‘lganda biz namoyishga tayyormiz, - deydi Gretten.

"Noumid shayton" filmini bu yerda tomosha qilish mumkin.

XS
SM
MD
LG