Линклар

Шошилинч хабар
17 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:33

O‘qituvchilar: Bolalar haqidan urib qolingan ko‘mir sotib yuborildi


Koson tumanidagi 6-umumiy ta’lim maktabi.
Koson tumanidagi 6-umumiy ta’lim maktabi.

Qashqadaryo viloyat, Koson tuman, 6-umumta’lim maktabining o‘qituvchilari 2 - maydan 3 - mayga o‘tar kechasi yarim tunda maktab omborxonasidan ko‘mir olib chiqib ketayotganlarni ushlab olishganini iddao qildi.

O‘qituvchilarning aytishlaricha, qishda maktab yaxshi isitilmay, sun’iy tejab qolingan ko‘mir maxfiy tarzda sotib yuborilgan.

Voqea joyiga chaqirtirilgan IIB profilaktika inspektori ham voqeani tekshirmay, ko‘mirni maktabdan chiqartirib yuborilgani iddao qilinmoqda.

Tuman XTB mudiri vazifasini bajaruvchi Boboyor Ochilov voqeani tekshirib javob berishini aytdi, lekin undan boshqa darak bo‘lmadi.

Koson tumanidagi 6-umumta’lim maktabining musiqa fani o‘qituvchisining aytishicha, u bu voqeaga tasodifan guvoh bo‘lib qolgan:

Agar bularning ishi toza bo‘lsa, agar chiqindi ko‘mir bo‘lsa, nega kunduz kuni, bemalol qilishmaydi?

“O‘sha kuni kechasi soat 11larda maktabning oldidan o‘tib ketayotganimda maktabning ichida ZIL moshinasini ko‘rib qoldim. Nima qilayotgan ekan bu moshin yarim kechasi deb borsam, ko‘mir ortishayotgan ekan. Hammayo yoq qop-qorong‘i, svetlar o‘chgan. Men videoga olayotgan edim, maktab qorovuli kelib telefonga yopishdi. O‘g‘rilik qilyapsizlarmi desam, bu chiqindi ko‘mir, dedi. Chiqindi bo‘lsa nega qop-qorong‘uda, yashirincha yuklayapsilar desam, buni egasi bor seni ishing bo‘lmasin, dedi. Yuklovchilarning tepasida turgan bir odam ham seni nima ishing bor, balki hokimiyatga borayotgandir , balki rayonoga borayotgandir bu, dedi. Keyin men chiqib ketdim. Agar bularning ishi toza bo‘lsa, agar chiqindi ko‘mir bo‘lsa, nega kunduz kuni, bemalol qilishmaydi? Nega yarim kechasi chiroqlarni o‘chirib qo‘yib, yashirincha qilishadi?”.

O‘qituvchining aytishicha, voqea haqida xabar berish uchun u qarindoshlarini profilaktika inspektorining uyiga yuborgan.

Ko‘mir yuklangan ZIL avtomobili.
Ko‘mir yuklangan ZIL avtomobili.

6-umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Matluba Ochilova ham voqea guvohi bo‘lganini aytadi:

Shuncha ko‘mirimiz bor ekanu, qishi bilan maktabda sovqotib chiqdik, deb hayron qoldim.

“Kechasi o‘g‘ilcham yonimda, bir ish bilan chiqqandim, qaytayotsam maktabning oldida g‘ala-g‘ovur. Kechasi soat o‘n ikkilardan o‘tib qolgan edi. ZIL moshinni tepasigacha ko‘mirni yuklab, poyezd yo‘ldan o‘tkazishib Buxoro tomonga olib ketdi. Direktorning o‘zi ham kelgan ekan. Shuncha ko‘mirimiz bor ekanu, qishi bilan maktabda sovqotib chiqdik, deb hayron qoldim. Qishda faqat direktor va o‘rinbosarlarining xonasi isidi. Direktor ko‘mirni sotdimi yoki shunday berib yubordimi, buni bilmayman".

6-umumta’lim maktabining yana bir o‘qituvchisi Qunduz Narzullayeva ham maktab qishda yaxshi isitilmay, ko‘mir iqtisod qilib qolinganini aytadi:

Sinflar umuman isimasdi, shu qishi bilan o‘quvchi ham, o‘qituvchi ham yaxlab chiqdi.

“Kechasi soat birlarga yaqin o‘qituvchimiz menga telefon qilib, maktabga keling, ko‘mirni o‘g‘irlashyapti, dedi. Kiyinib chiqib, maktabga yetay deb qolganimda oldida ZILning oldida qizil Nesiya orqasida ikkita Kobalt moshina bilan o‘tib ketdi. Yuk moshina zatarit qilinganidan kuchanib zo‘rg‘a yurardi. O‘qituvchilarimiz uchastkovoyni ham chaqirtirgan, lekin uning ham direktor bilan tili bir ekan, indamay chiqartirib yuboribdi. Qishda o‘t yoquvchini direktor mavsumiy qilib chaqirtirgandi. U ertalab kelib bir marta kamgina yoqib qo‘yardiyu, ketardi. Sinflar umuman isimasdi, shu qishi bilan o‘quvchi ham, o‘qituvchi ham yaxlab chiqdi. Sovuqlaigidan darslar ham to‘liq o‘tilmadi, 3-4soatdan keyin bolalarga javob berib yuborilaverdi”.

Maktab qorovuli Rustam Bafoyev Ozodlik bilan suhbatda ko‘mirning tuprog‘i ortilganini va uni kechasi olib ketishga maktab direktori Feruza Farmonova ko‘rsatma berganini aytdi:

“Ko‘mir emas edi, biroz tuprog‘i qolgan edi. Direktor moshin aytgan ekan, o‘shani olib ketishdi. Men moshinani ham bilmayman, kim ortib ketganini ham bilmayman. Men oddiy qorovul odamman, ularning oldi-berdisiga, keldi-kettisiga aralashmayman”.

Ozodlik uch kun davomida maktab direktori Feruza Farmonova bilan bog‘lanishga harakat qildi, ammo direktor qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Koson tumani Xalq ta’limi bo‘limi mudiri vazifasini bajaruvchi Boboyor Ochilov 4 - may kuni voqeani tekshirib javob berishini va o‘zi Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilishini aytib, telefon raqamlarni yozib oldi. Lekin undan boshqa darak bo‘lmadi. Ozodlikning 8 - may kungi qo‘ng‘iroqlariga esa javob bermadi.

Voqeaga guvoh bo‘lgan profilaktika inspektori ham Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

O‘zbekistonda qish paytida gaz va elektr energiyasi taqchilligi bois, aksariyat maktablar ko‘mirda isitiladi.

Ozodlik maktablarning qish mavsumida yaxshi isitilmagani bois, o‘quvchilar sovqotib qolayotgani, dars soatlari qisqartirilgani haqida ham ko‘p xabar bergan.

XS
SM
MD
LG