Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:23

O‘qituvchilar XTB mudirini hujjatlarni soxtalashtirib pul olganlikda ayblamoqda


Andijon viloyat, Xo‘jaobod tumanidagi 11- umumta’lim maktabi.
Andijon viloyat, Xo‘jaobod tumanidagi 11- umumta’lim maktabi.

Andijon viloyat, Xo‘jaobod tuman 11-umumta’lim maktabining o‘qituvchilari , xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shohruh Hamdamovni o‘zi sodir qilgan jinoyatni boshqa o‘qituvchining bo‘yniga qo‘yib, yopib yuborganlikda ayblamoqda.

O‘qituvchilarning iddao qilishicha, mudir pandemiyaga qarshi kurash uchun o‘qituvchilarning maoshidan ushlab qolib, soxta ro‘yxat tuzgan va bu sir fosh bo‘lib qolganidan so‘ng, bu aybni maktab direktori o‘rinbosari Ahad Jo‘rayevning bo‘yniga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan.

Avval bu qonunbuzarlikni sodir qilganligini “tan olgan” Ahad Jo‘rayev Ozodlikka shu voqea sabab ishsiz qolgani va bu jinoyatni "bosti-bosti bo‘lguncha mudir o‘z bo‘yniga olib turishni iltimos qilgani"ni aytdi.

Xo‘jaobod tuman XTB mudiri Shohruh Hamdamov esa direktor o‘rinbosari Ahad Jo‘rayevga hech qanday bosim o‘tkazmagani, uning o‘zi hujjatlarni qalbakilashtirib pul olganini aytmoqda.

Joriy yilning avgust oyida Xo‘jaobod tumanidagi 11-umumta’lim maktabining 23 nafar o‘qituvchisining maoshidan pandemiyaga qarshi kurash ishlari bahonasida qariyb 200 ming so‘mgacha pul ushlab qolingan.

11-maktabning o‘qituvchilari oyligidan ushlab qolingani haqidagi soxta hujjat.
11-maktabning o‘qituvchilari oyligidan ushlab qolingani haqidagi soxta hujjat.

Pul olingani haqidagi ro‘yxatni Ozodlikka taqdim etgan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchining aytishicha, bundagi imzolar bari soxtalashtirilgan:

“Bu jinoyat sodir bo‘lganini bizga tushib qolgan soxta hujjatdan bilib qoldik. Qarasak, bitta ruchka bilan deyarli bir kishi qo‘ygan, bir xil imzolar. Keyin 16 - oktabr kuni Feysbukda gruppalarga tarqatvordik. Ertasi, 17 - oktabr kuni XTB buxgalteriyasidan bitta odam pul ko‘tarib kelib, maoshimizdan olib qolingan pulni tarqatmoqchi bo‘ldi. Biz olmaymiz, buni qilganlar jazolansin, dedik. Lekin o‘zimizning zavuchimiz Ahadbek Jo‘rayev o‘rtaga chiqib, o‘sha ro‘yxatni men tuzgan edim, menga pul zaril bo‘lib qolgan edi, meni kechiringlar, pullaringni olinglar, dedi. Keyin, ha mayli, zaril bo‘lib qolgan bo‘lsa shunday qilgandir, deb kechirdik-da, pulni oldik”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa o‘qituvchining aytishicha, ertasi kuni direktor o‘rinbosari Ahad Jo‘rayev bu ishga umuman aloqasi yo‘qligini aytib, tilxat ham yozib bergan:

Ahad Jo‘rayev vijdonli inson ekan, baribir ichiga yutib turolmadi.

“Ahad Jo‘rayev vijdonli inson ekan, baribir ichiga yutib turolmadi. Ertasi kuni o‘qituvchilarga, “mening bu pulga umuman aloqam yo‘q, xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shohruh Hamdamov uyimga kelib, shuni bo‘yningga olib turgin, deb iltimos qildi men yo‘q deyolmadim” deb aytdi".

Direktor o‘rinbosari Ahad Jo‘rayevning tushuntirish xati
Direktor o‘rinbosari Ahad Jo‘rayevning tushuntirish xati

Ozodlikka yuborilgan, direktor o‘rinbosari Ahad Jo‘rayevdan Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov nomiga yozilgan tilxatda shunday deyilgan:

Yana bir bor bu imzolar meniki emasligini, bu ishlarda aybim yo‘qligini ta’kidlab o‘taman

“Siz 11-umumta’lim maktabiga Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida tarqalgan xabarlar bo‘yicha suhbat uyushtirganingizda soxta imzolar meniki ekanligini ta’kidlab o‘tdim. Aslini olganda, bu paytda men qattiq shok holatda edim. Voqealar rivoji shunday davom etdiki, 2020 - yil 17 - oktabr kuni XTB mudiri Sh.Hamdamov XTB monitoring bo‘limi boshlig‘i A.Tojiddinov bilan birga kelib, bu pullarni shaxsiy ehtiyojim uchun ishlatib yuborganimni, hujjatdagi soxta imzolar meniki ekanligini tasdiqlab, jamoadan kechirim so‘rashligimni iltimos qilib aytdi. Bu voqea keyingi faoliyatimga ta’sir ko‘rsatsa o‘z himoyasiga olishligini aytib o‘tdi. Yana bir bor bu imzolar meniki emasligini, bu ishlarda aybim yo‘qligini ta’kidlab o‘taman”.

O‘qituvchining aytishicha, XTB mudiri o‘zlarining jinoyatini yashirish maqsadida o‘qituvchini qurbon qildi:

“Bizga buni prokuraturaga chiqaramiz, deyishdi. Lekin chiqarishmadi. O‘z-o‘zidan yopilib ketdi, buning orqasida kim turibdi, umuman noma’lum. Hali biz bilmagan holda qancha pulimizni yeb yuborishgan, buni Xudo biladi”.

Xo‘jaobod tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Shohruh Hamdamov Ozodlik bilan suhbatda uning bu soxta vedomostga aloqadorligini inkor qildi va hamma ayb o‘quvi ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ahad Jo‘raevda, dedi:

Jo‘rayev o‘zi aybini tan olgan. O‘qituvchilardan uzr so‘ragan.

- 11 - maktab direktori kasal bo‘lib ishga chiqolmay qolgan edi, Ahad Jo‘rayev vaqtincha direktor vazifasini o‘tayotgan edi. Uning o‘zi buxgalteriyaning kassasidan o‘qituvchilar maoshini olgan va o‘sha soxta vedomostni tuzib olib kelib topshirgan. Buni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ham o‘rgandi. Jo‘rayev o‘zi aybini tan olgan. O‘qituvchilardan uzr so‘ragan. Men birovga sen aytib tur, sen ol kabi so‘zlar gapirmaganman. To‘g‘ri uning uyiga odam yuborganman, lekin aybingni to‘g‘irlab qo‘y, o‘qituvchilaringdan kechirim so‘ra, deb aytib qo‘yish uchun yuborganman.

Shohruh Hamdamovga ko‘ra, direktor o‘rinbosariga tegishli chora ko‘rilgan:

- Direktor o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Hozir boshqa maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayapti.

Sobiq direktor o‘rinbosari Ahad Jo‘rayev Ozodlik bilan suhbatda, o‘shandan buyon ishsiz qolganini aytar ekan, XTB mudiri Shohruh Hamdamovning qistovi bilan qilmagan aybni bo‘yniga olishga majbur bo‘lganini aytdi:

- Haqiqatda men hech qanaqa pul olmaganman. XTB mudiri Shohruh Hamdamov bo‘yningga olib tur degani uchun shunday qilgan edim. O‘shandan buyon uyda bekor o‘tiribman, ish yo‘q, ish topolmayapman. Mening aybim boshqalar qilgan jinoyatni soddalik qilib, bo‘ynimga olganim bo‘lyapti.

O‘qituvchilarning aytishlaricha, oktabr oyida bu qonunbuzarliklar garchi Feysbuk va Telegram ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan bo‘lsa-da, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hech qanday munosabat bildirmagan.

O‘zbekistonda turli jamg‘armalar hamda kommunal to‘lovlar uchun o‘qituvchilarning maoshidan ularning roziligisiz ushlab qolish holatlari keng tarqalgan. O‘tgan yil iyulida Ozodlik Jizzax viloyati, Do‘stlik tumani maktablari o‘qituvchilarining ta’til pulidan gaz va elektrga oldindan to‘lov qilish uchun 400 ming so‘mgacha ushlab qolingani haqida yozgan edi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 2019 - yil fevralida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumanidagi 82 ta umumta’lim maktablarida ishlovchi 3 mingdan ortiq pedagog xodimlarning oylik maoshidan kommunal to‘lovlar uchun 500 ming so‘mdan pul noqonuniy ushlab qolinganini aniqlagan va tuman xalq ta’limi mutasaddilari jarimaga tortilganini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG