Surxondaryo viloyati Denov tumanida o‘quvchilarni sovuq havoda yupun kiyimda tadbirga jalb qilgan mansabdorlar intizomiy jazoga tortildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati ma’lum qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilar qahraton sovuqda yupun kiyimda tadbirga olib borilgani tanqidlarga sabab bo‘lgandi.
Aniqlanishicha, 2024-yil 6-dekabr kuni Denov tumanida ko‘prik ochilish marosimiga tumandagi 14 va 16-sonli musiqa maktablarining o‘quvchilari (16 nafar qiz hamda 4 nafar o‘g‘il bola) Madaniyat boshqarmasi topshirig‘iga ko‘ra yengil bayramona kiyimda jalb qilingan.
Bolalar ombudsmani taqdimnomasi asosida Madaniyat vazirligi bolalarning sog‘lig‘i xavf ostiga qo‘yilgani yuzasidan hududning tegishli mansabdorlariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llagan.
Kun.uz nashri ko‘prik ochilishida Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ham viloyat faollari bilan birgalikda qalin kiyimlarda hozir bo‘lganiga e’tibor qaratgan.
Holat yuzasidan viloyat hokimiga biror chora ko‘rilgani ma’lum emas.
Bolalarni sovuq ob-havoda turli tadbirlarga jalb qilish holatlari avval ham ko‘p marta kuzatilgan. Ozodlik bir muddat avval sovuqda o‘quvchilarni yupun kiyimda bayroq hilpiratishga olib chiqqan Andijondagi maktab rahbarlari ishdan olingani haqida xabar qilgan edi.
Sobiq Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talaba qizlarning mehmonlarni kutib olish uchun sovuqda adras ko‘ylak kiyib gul ko‘tarib borishini “majburiy mehnatning bir ko‘rinishi” o‘laroq baholagani ma’lum.