Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:52

O‘rxan Inandi topildi. Uni Turkiya maxsus xizmatlari o‘g‘irlab ketgan


Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bir oy muqaddam g‘oyib bo‘lgani xabar qilingan O‘rxan Inandi Turkiyaga keltirilganini ma’lum qildi. Bu haqda Turkiya prezidenti 5 - iyul kuni xalqqa murojaatida aytgan.

Erdo‘g‘onga ko‘ra, turk maxsus xizmatlari vakillari O‘rxan Inandini mamlakatga keltirib, javobgarlikka tortganlar. Inandini u “FETOning Markaziy Osiyodagi boshqaruvchisi” deb atagan.

“U FETO oliy rahbariyatiga mansub bo‘lib, tashkilotning iflos pullarini Markaziy Osiyoga yo‘naltirgan. Biz boshqa terrorchi tashkilotlar bilan kurashganimiz kabi FETOga qarshi kurashda ham davom etamiz”, degan Erdo‘g‘on.

Erdo‘g‘on o‘z nutqida avvalroq Turkiyaning FETOga aloqador 100 dan ortiq fuqarosi mamlakatga olib kelinganini qo‘shimcha qilgan. Xususan, Salohiddin Gulen, Ahmet Yigit va Ismoil Okkali — Shimoliy Kiprdan, Gyurbyu Sevilay va Tamer Avji – O‘zbekistondan, Yasin Inan – Ukrainadan, Hasan Husayin Gyunakan – Kosovodan keltirilgani e’lon qilingan.

2018 - yilda Mo‘g‘ulistonda ham Turkiya hukumati nazarida, FETO bilan aloqasi bo‘lgan Turkiya fuqarolariga qarshi maxsus amaliyot o‘tkazilgan edi. Turk maxsus xizmatlari vakillari Ulan-Batordagi litseylar direktori Veysal Akchayni qo‘lga olganlar. Biroq Mo‘g‘uliston hukumati uni Turkiyaga olib ketishi lozim bo‘lgan uchoqning havoga ko‘tarilishiga ruxsat bermagan.

Turkiya ommaviy axborot vositalari Erdo‘g‘on bayonotidan so‘ng O‘rxan Inandi “terrorchilar” guruhiga a’zo bo‘lgani uchun Turkiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidirilgani haqida yozdi.

“Sapat” xalqaro ta’lim muassasasi prezidenti O‘rxan Inandi 1 - iyunga o‘tar kechasi Bishkekda g‘oyib bo‘lgandi. Mazkur holat bo‘yicha qirg‘iz militsiyasi 170-modda (“Odam o‘g‘irlash”) bilan jinoyat ishi ochgan. Keyinroq uni Interpol orqali xalqaro qidiruvga berishgan. 2019 - yilda Qirg‘iziston Turkiyaga O‘rxan Inandini ekstraditsiya qilishni rad etgani ma’lum bo‘lgach, bu masala Jogorku Keneshda ham ko‘tarilgan edi. Deputatlar uning yo‘qolib qolishini “siyosiy amaliyot” deya baholab, “odam o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lmaydi”, deya ta’kidlashgan.

Bishkek IIBB jamoatchilikni O‘rxan Inandi rasman Qirg‘iziston davlat chegarasini kesib o‘tmaganiga ishontirgan. DMXQ esa “Sapat” XTM prezidentini o‘g‘irlanishi mumkinligi haqida ogohlanirganini ma’lum qilgan.

O‘rxan Inandining turmush o‘rtog‘i Reyhan Inandi erini “Turkiyaning Qirg‘izistondagi elchixonasi binosida kuch bilan ushlab turishgan”i haqida ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar olganini bildirgan.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Erbol Sultonboyev Sadir Japarov Turkiyaga tashrifi chog‘ida Rajab Toyyib Erdo‘g‘ondan Qirg‘izistonda dom-daraksiz yo‘qolgan O‘rxan Inandi haqida so‘raganini ma’lum qilgan.

“Erdo‘g‘on uni tanimasligini, unda hech qanaqa ma’lumot yo‘qligini va FETO tarafdorlari haqida eshitishni ham xohlamasligini aytgan”, degandi Sultonboyev.

O‘rxan Inandi g‘oyib bo‘lganidan beri Bishkekda uni topishni talab qilib Turkiyaning Qirg‘izistondagi elchixonasi, Oq uy hamda Hukumat uyi oldida bir necha marta norozilik chiqishlari bo‘lib o‘tdi. “Sapat” ta’lim muassasasi esa uning qayerdaligini aniqlagan odamga mukofot va’da qilgan edi.

O‘rxan Inandining rafiqasi Reyhan 5 - iyul kuni Bishkek markazida yolg‘iz namoyishga chiqdi.

Ijtimoiy tarmoqlardan olingan foto va videotasvirlarda uning QR Hukumat uyi hamda Jogorku Kenesh binosi oldida “O‘rxan Inandi qayerda?” deb yozilgan lavhani ko‘targancha yolg‘iz turgani ko‘rinadi. Advokati Taalaygul To‘xtaxunova “Facebook”dagi sahifasida ushbu yolg‘iz piketdan olingan videoni yoyinladi.

Bugun To‘xtaxunova, erini turk televideniyesi orqali ko‘rgach, Reyhan Inandining tobi qochganini va unga tez yordam chaqirishga to‘g‘ri kelganini ma’lum qildi. Advokat Qirg‘iziston fuqarosi, xalqaro qonunchilik me’yorlariga muvofiq, uyiga qaytarilishi lozimligini urg‘uladi.

Rasmiy Bishkek O‘rxan Inandining Turkiyaga olib chiqib ketilishi yuzasidan izoh berganicha yo‘q. “Kaktus.media” nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Tashqi ishlar vazirligi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning qirg‘izistonlik O‘rxan Inandi hibs qilinishiga doir bayonoti bo‘yicha tushuntirish berishni so‘rab nota topshirish uchun Turkiya elchisini chaqirtirmoqchi.

Ijtimoiy tarmoqlarning qirg‘iz segmentida O‘rxan Inandining Turkiyaga olib ketilishiga keskin munosabat bildirildi. Quyida ayrim foydalanuvchilarning fikrlarini keltiramiz:

O‘rxan Inandi Turkiyada tavallud topgan bo‘lib, Qirg‘izistonga 1995 - yilda kelgan, 2012 - yilda QR fuqaroligini olgan. U rahbarlik qiladigan “Sapat” (avvalgi nomi “Sebat”) XTM 16 ta litsey, “Alatov” xalqaro universiteti, UWIS xalqaro maktabi hamda 4 ta to‘liqsiz o‘rta maktabni o‘z ichiga oladi. Ushbu muassasalarda 10 ming nafardan ortiq o‘quvchi va talabalar ta’lim oladi.

XS
SM
MD
LG