Линклар

Шошилинч хабар
29 июл 2021, Тошкент вақти: 13:05

O‘sh voqealariga 11 yil to‘ldi. O‘shda qirg‘in qurbonlari xotirlandi


Fojia qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan “Onalar ko‘z yoshi” memorial kompleksida o‘tkazilgan tadbirda yaqinlarini yo‘qotgan insonlar, mahalliy hokimiyat vakillari va siyosatchilar ishtirok etdi.

Qirg‘iziston janubida 500ga yaqin kishi o‘limiga sabab bo‘lgan O‘sh voqealariga 10 - iyun kuni 11 yil bo‘ldi. Fojianing 11 yilligi munosabati bilan O‘shda xotirlash marosimi o‘tkazildi.

Fojia qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan “Onalar ko‘z yoshi” memorial kompleksida o‘tkazilgan ushbu tadbirda yaqinlarini yo‘qotgan insonlar, mahalliy hokimiyat vakillari va siyosatchilar ishtirok etdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur fojiada kamida 446 odam vafot etgan, 2 mingga yaqin odam turli jarohatlar olgan.

Qirg‘iziston hukumatining O‘sh viloyatidagi muxtor vakili birinchi o‘rinbosari Baqtibek Alaychiyev bu voqealarda O‘sh viloyatida 192 kishi halok bo‘lganini bildirdi. O‘sh shahri viloyat tarkibiga kirmagani uchun shaharda halok bo‘lganlar rasmiy statistikasi alohida yuritilgan.

“O‘sh viloyati bo‘yicha 2010 - yilgi iyun fojiasida 192 odam vafot etgan, 26 odam bedarak yo‘qolgan. Ularning DNKlari Rossiya Federatsiyasi va Xitoyga yuborilib, 21 odamning shaxsi aniqlangan. Hozirgacha yana 5 odam bedarak yo‘qolgan deb hisoblanadi”,- dedi Baqtibek Alaychiyev.

Tadbirda ishtirok etgan ayrim jabrlanganlar O‘sh voqealari millatlararo nizo bo‘lgan degan iddaoni qoraladilar. Ularga ko‘ra, O‘sh voqealari hokimiyat uchun kurash asnosida yuzaga kelgan fojiadir.

“2010 - yili millatlararo janjal bo‘ldi, degan gap aytilyapti. Masalan, o‘zbek, qirg‘iz yoki boshqa millat vakillari, shu O‘sh, Qirg‘iziston hududida yashayotgan xalq inoqlikda yashab yuribmiz. Urushib talashgan joyimiz yo‘q. Men 2010 - yili bo‘lgan voqea hokimiyat uchun kurashdan kelib chiqqan deb hisoblayman. Sababi, o‘shandan beri 11 yil vaqt o‘tdi. Haqiqatni tan oladigan bo‘lsak, o‘tgan 11 yil davomida hokimiyat uchun kurash ortidan odamlar o‘lib, qaroqchiliklar davom etyapti”, -dedi tadbirda so‘zga chiqqanlardan biri.

Iyun voqealarining 11 yilligi munosabati bilan Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov murojaat yo‘lladi.

Murojatda prezident janjalni to‘xtatishda yordam bergan xalqaro tashkilotlarga minnatdorchilik bildirdi.

"Qon-qardosh xalqlarni qirg‘in qildirgan bu kabi voqealar boshqa takrorlanmasligiga umid qilamiz. Ayniqsa, sabrga chaqirgan, jabr ko‘rganlarga qo‘l cho‘zib yordam bergan dono va mehribon xalqimizga alohida ta’zim qilgim keladi. Bizga har tomonlama qo‘llov ko‘rsatgan halqaro jamoatchilikka ham yana bir bor minnatdorchilik bildiraman”, - deyiladi prezident bayonotida.

Fojiada jabrlanganlarga yordam berish uchun bir qator xalqaro tashkilotlar Qirg‘izistonga ko‘mak ko‘rsatgan.
Bu yil prezident Sadir Japarov mamlakat maxsus xizmatiga iyun voqeasini qayta tergov qilish bo‘yicha topshiriq bergan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qirg‘inda 446 odam vafot etgan, 2 mingga yaqin odam turli jarohatlar olgan. 57 odam bedarak yo‘qolgan. Shu kungacha ulardan 19 nafari topilmagan. Ommaviy tartibsizlikka aloqadorlikda ayblangan 100dan ortiq odam xalqaro qidiruvga berilgan.

Fojiada huquq tartibot organlari va harbiy qismlarga tegishli 1058 o‘q otuvchi qurol, yuz mingdan ortiq o‘q-dori yo‘qolgan. Ulardan 632 ta qurol va turli kalibrdagi 90 mingga yaqin o‘q-dori topilgan.

Qirg‘izistonda iyun voqealari 2010 - yilning 7 - aprelida prezident Qurmonbek Bakiyevning hokimiyatdan ag‘darilishi ortidan Bakiyev tarafdorlari va muvaqqat prezident Roza O‘tunbayeva boshqargan Muvaqqat hukumat tarafdorlari o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyatdan so‘ng boshlanib ketgandi.

O‘sh voqealarini o‘rgangan parlament va milliy komissiya hulosalarida O‘sh voqealariga kontrabanda kanallari va giyohvand moddalar savdosini nazorat qilish huquqini saqlab qolish uchun kurash ham sabab bo‘lgani aytiladi.

Qolaversa, O‘sh voqealarini o‘rgangan barcha komissiyalar hulosasida, voqealar 2010 - yilning 11 - iyuniga o‘tar kechasi O‘sh shahridagi “Oloy” mehmonxonasi yonidagi qimorxonadagi janjaldan boshlangani qayd etiladi.

Voqea guvohlarining aytishicha, noma’lum qurollangan shaxslar qora rangli “Jip” mashinasida kelib, nizolashayotgan tomonlarga o‘q otgan.

O‘sh voqealarini o‘rgangan Kimmo Kilyunen rahbarligidagi Xalqaro komissiya va “Human Rights Watch”, “Memorial” kabi inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilot hulosalarida ikki tomonning ham jinoiy guruhlari zo‘ravonlik, odam o‘g‘irlash, garovga olish va vaxshiylik bilan odam o‘ldirish kabi jinoyatlarni sodir etib, millatlararo nizoni kuchaytirish bilan vaziyatni izdan chiqarishga harakat qilganiga misollar keltirilgan.

XS
SM
MD
LG