Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 03:21

O‘zbek futboli: Boshqaruv DXX raisida qoldi, muammolar esa - Ravshan Ermatovda


DXX raisi Abdusalom Azizov (chapdan ikkinchi) va taniqli referi Ravshan Ermatov (chapdan uchinchi) O‘FA dagi saylovda - 25 - sentabr, 2021
DXX raisi Abdusalom Azizov (chapdan ikkinchi) va taniqli referi Ravshan Ermatov (chapdan uchinchi) O‘FA dagi saylovda - 25 - sentabr, 2021

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida (O‘FA) 25 - sentabr kuni o‘tgan saylovda tashkilot rahbariyati qariyb o‘zgarmadi.

Davlat xavfsizlik xizmati raisi yana bir muddat O‘FA prezidentligi, xalqaro maydonda tanilgan referi Ravshan Ermatov esa O‘FA Birinchi vitse-prezidenti lavozimida qoldi.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, assotsiatsiyada bo‘lgan saylovda qatnashganlarning qariyb hammasi ikki rahbarning qayta saylanishini bir ovozdan ma’qullagan. Ammo Ozodlikka kelgan murojaatlarga ko‘ra, aslida bu rahbariyatdan O‘FAning ayrim hakamlari norozi.

Norozilar futboldagi asosiy muammolar hanuz hal qilinmayotir, tashkilot DXX rahbari qo‘l ostida bo‘lgani bois hamma jim, degan fikrda. Yana bir toifa, Ravshan Ermatov hanuz o‘ziga shogird hakamlarni qo‘llamoqda va bu shogirdlar shubhali o‘yinlarga aloqador, deya iddao qilmoqda.

Ayni paytda O‘FA rahbariyatidan rozilar ham borki, ular aynan Ermatov rahbariyatga kelgach, futbolda “kelishilgan o‘yinlar” fosh qilinib, hakamlar o‘yindan chetlatila boshladi, o‘zbek futbolida ham VAR (videokuzatuvdagi yordamchi hakamlar) tizimi joriy etildi, demoqda.

Ammo O‘zbekistonda professional futbolning oqsayotgani, futbol sohasi to‘liq davlat dotatsiyasiga qaram bo‘lib qolayotganini rasmiylar ham, futbol sharhlovchilari ham birdek e’tirof etmoqda.

Xususan, Ravshan Ermatovning o‘zi Ozodlikka javoban o‘ziga qarshi ilgari surilgan ayblarni “fitna va yolg‘on ” deya rad etdi. U o‘zbek futbolining rivoji uchun tinimsiz ishlayotganini ta’kidladi. R. Ermatov 5 marta Osiyoning eng yaxshi futbol hakami, 2011 - yili esa yilning “Eng yaxshi futbol sudyasi” unvoniga sohib bo‘lgan.

O‘FA da saylov

25 - sentabr kuni O‘FAning navbatdagi hisobot-saylov kongressi bo‘ldi va unda tashkilot rahbariyati saylandi.

Qariyb hamma bir ovozdan assotsiatsiya prezidenti va vitse-prezidenti aynan qolishiga ovoz berdi - DXX raisi Abdusalom Azizov prezident, xalqaro miqyosdagi referi Ravshan Ermatov birinchi vitse-prezident lavozimida qoldi.

O‘FA Vitse-prezidenti lavozimiga Azizbek Ikramov, O‘FA Ijroiya Qo‘mita a’zoligiga esa Abdujabbor Abduvaxitov, Edita Mirobidova, To‘lagan Isoqov va Jahongir Usmonovlar saylandi.

O‘FA tarqatgan rasmiy xabarga ko‘ra, tadbirda qatnashganlarning qariyb hammasi tashkilotdagi ikki muhim shaxs - prezident va birinchi vitse-prezident nomzodini ma’qullab ovoz bergan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, yangi (eski) prezident Abdusalom Azizov o‘zbek futboli sohasida qilinajak islohotlar haqida gapirarkan, milliy terma jamoaning hanuz jahon chempionatiga chiqa olmayotgani, futbol atrofida "qing‘ir ishlar" mavjudligini e’tirof etgan:

“Milliy terma jamoamiz Jahon Chempionatiga chiqa olmagani, bizning juda katta kamchiligimiz borligini ko‘rsatyapti. Oldimizda bolalar, ayollar futbolini rivojlantirish, klublar akademiyalariga e’tibor qaratish, chempionatni saviyasini yanada ko‘tarish, futbol jamoalari atrofida bo‘layotgan qing‘ir ishlarni batamom ildizi bilan sug‘urib tashlash masalalari turibdi. Eng katta maqsadimiz - Olimpiya terma jamoamizni Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga va futbol bo‘yicha milliy terma jamoamizning Jahon Chempionatiga yo‘llanma olishi bo‘lib turibdi”.

Bu kongressdan sal oldin ijtimoiy tarmoqda O‘FAda so‘nggi paytlarda qilingan islohotlar olqishlangan video ham tarqatildi.

Azizov-Ermatov boshqaruvidan norozilar

O‘FA dagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, aslida ayrim hakamlar O‘FA rahbariyatidan norozi va ularning yangi va’dalarni bajarishiga shubha bilan qaramoqda. Bundaylar orasida bosh hakamlar ham borligi aytilmoqda.

Shaxsi sir saqlanishi sharti bilan gapirgan manbaga ko‘ra, DXX raisi Azizov hamda taniqli hakam Ermatov boshqaruvi aslida o‘zbek futboli ahvolini og‘irlashtirgan.

“Ikkala rahbar ham boshqa vazifasi bilan band - Azizov DXX bilan ovvora. Butun boshli davlatning xavfsizlik xizmatiga rais, buning ustiga O‘FA prezidenti. Ermatov bo‘lsa, tadbirlardan bo‘shamaydi. Chunki ham O‘FA, ham Olimpiya qo‘mitasida birinchi vitse-prezident. Bundan tashqari, “Vatandoshlar” jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari qilib tayinlandi. Xullas, ikkala rahbar ham va’dalarini bajarolmayapti. Masalan, futbolda korrupsiyani tugatish, milliy terma jamoaning professional tarkibini yaxshilash, bolalar va o‘smirlar futbolini rivojlantirishga o‘xshagan qancha va’dalar berildi, bajarilgani yo‘q. Hammasi eski holida turibdi”, dedi O‘FA dagi Ozodlik manbasi.

Uning iddaosicha, tashkilotdagi 11 nafar bosh hakam va 20 yordamchi hakamdan ayrimlari, hatto assotsiatsiyaning Hakamlar va nazoratchilar bo‘limiga shikoyat ham qilgan:

“Asosiy norozilik, Ermatov yana o‘ziga yaqin shogirdlarini O‘FA hakamligiga qaytarib olyapti, degan gap. Masalan, o‘tgan yili futboldan chetlatilgan Asker Najafaliyev degan shogirdi bor. Shu bola chetlash muddati tugamay qaytarildi va bitta nizoli o‘yinni o‘tkazishga ulgurdi ham. Sug‘diyona-Navbahor jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda xatoga yo‘l qo‘ydi”.

2020 - yilning 17 va 25 - noyabr kunlari O‘FA Etika qo‘mitasi yig‘ilishida FIFA, OFK hakami Jasur Muxtorov, O‘FA hakami Temur To‘xtasinov, O‘FA hakami Asker Najafaliyevlar diskvalifikatsiya qilingan, turli muddatlarga hakamlikdan chetlatilib, jarimaga tortilgan edi.

Eskicha boshqaruv

Shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasiga yana chetdan yangi bosh murabbiy taklif qilingani ham norozilikka sabab bo‘layotgani kuzatilmoqda.

O‘zbekiston milliy terma jamoasiga serbiyalik trener Srechko Katanets bosh murabbiy qilib olib kelindi, shartnoma 2025 - yilgacha tuzilgan.

  • 58 yashar murabbiy Srechko Katanets, Sloveniyani ilk bor jahon va Yevropa chempionatlariga olib chiqqan.
  • Sloveniya, Makedoniya, BAA va Iroq terma jamoalariga bosh murabbiy bo‘lgan.
  • Katanets o‘zi bilan birga 5 xorijlik mutaxassisdan iborat murabbiylar shtabini O‘zbekistonga olib borgan:
  • - Alesh Chex va Vlado Radmanovichlar yordamchi murabbiy,
  • - Martin Magister futbolchilarning jismoniy tayyorgarligiga javobgar,
  • - Nihad Peykovich darvozabonlar murabbiyi,
  • - Yan Katanets fizioterapevt.

Bunga qadar, O‘zbekiston milliy terma jamoasini turli yillarda, Vladimir Salkov, Xans-Yurgen Gede, Valeriy Nepomnyashchiy, Ektor Kuper kabi xorijlik murabbiylar boshqargan.

Katta maosh evaziga chaqirilgan bu murabbiylar boshqaruvida ham milliy terma jamoa Jahon chempionatiga chiqa olmadi.

Jamoatchilik esa futbol rahbariyatini, korrupsiya hamda noprofessional boshqaruv uchun tanqid qilib keladi.


O‘FA prezidenti Abdusalom Azizovga ko‘ra, xorijdan murabbiyning o‘z ekspertlari bilan qo‘shib ishga olinishi ilk bor sodir bo‘lmoqda:

“Jahon Chempionatiga chiqish masalasiga bu safar jiddiy yondashdik. Ilk bor terma jamoa murabbiylar shtabining barcha a’zolari chet elliklardan iborat bo‘ldi. Srechko Katanets o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashyapti. Barchamiz birgalikda harakat qilsak, vazifani bajaramiz. Ko‘p holatlarda birlik yetishmaydi. Murabbiylar shtabini qo‘llasak, joylarda futbolchilarga sharoitni yaratib bersak, albatta, natijaga erisha olamiz”.

DXX raisi e’tirof etganidek, bu qaror birdamlik bilan qarshi olinmagan.

O‘FA dagi manba buni tasdiqladi:

“Srechko Katnetsning necha pul oylikka olib kelingani ham, nega olib kelingani ham ochiq aytilgani yo‘q. Kelishi bilan bizning milliy terma bitta o‘yinda yutqazdi ham. Shvetsiya bilan o‘rtoqlik uchrashuvi, buning ustiga ikkinchi tarkib bilan. Xullas, hammasi yana o‘sha eskicha ish uslubida. Shuning o‘rniga, shuncha sarmoyani 16 yoshdan 21 yoshgacha, balki undan yosh bolalar futboliga sarflansa, natija tezroq keladi va juda sifatli bo‘ladi. Xullas, muammo ko‘p - bularni jiddiy o‘tirib hal qilish kerak”, deydi Ozodlikning O‘FAdagi manbasi.

Rasmiy javob

Ozodlik 10 dan ortiq hakamning bugungi O‘FA boshqaruvidan norozi ekaniga oid shikoyatiga izoh olish uchun assotsiatsiyaning Hakamlar va nazoratchilar bo‘limi boshlig‘i Erkin Baxtiyorovga bog‘landi.

Baxtiyorov bu shikoyatni na tasdiqladi, na inkor qildi. Hozircha band ekanini aytib, keyinroq qayta bog‘lanishni so‘radi. Ammo mas’ulga qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov esa, bu shikoyatlarni “fitna va yolg‘on gaplar” deya rad qildi:

“Biz futbol rivoji yo‘lida har kuni halol mehnat qilyapmiz. Yolg‘on gapirib fitna chiqaradiganlarning esa Xudo insofini bersin! Boshqa gapim yo‘q”.

Ermatov bugungi o‘zbek futboli, DXX rahbari Abdusalom Azizov va o‘zi rahbarligi ostida yuz bergan o‘zgarish hamda muammolar haqida Ozodlik bergan boshqa savollarga hozircha javob bermadi.

O‘zbekiston Olimpiya qo‘mitasidagi Ozodlik manbasiga ko‘ra, O‘FA va umuman o‘zbek futbolida ichki kelishmovchilik va nizolar kuchaygan, Azizov saylov kungi nutqida bejiz "birlik yo‘q" deb qayd etmagan:

"DXX raisi tashkilotni anchagina tozaladi. Botqoqqa botib ketgandi O‘FA. Hakamlar juda haddidan oshib ketgandi avval. Hakamlar tarkibini ham tozaladi, kelishilgan o‘yinlar uchun jazoladi. Shuning uchun, hakamlar orasida norozilik bor. Hozir ancha tozalandi tashkilot, bu yaxshi o‘zgarish. Lekin, tabiiy, rahbar DXX raisi bo‘lganidan keyin, hamma ehtiyotkor, ortiqcha gapirish yo‘q, jimlik".

Dotatsiyaga qaram futbol

O‘FAdagi vaziyatdan xabardor o‘zbekistonlik futbol sharhlovchilariga ko‘ra, keyingi yillarda futbolda ancha jiddiy ilgari siljishlar kuzatilgan.

Jumladan, kelishilgan o‘yinlarning fosh qilinishi va hakamlarning jazolanishi, bu yo‘lda Video assistant referee (VAR) tizimining joriy etilishi yaxshi natijalar bera boshlagan.

  • Video Assistant Referee - hakamga videoyordam tizimi.
  • Bunda futbol o‘yinini stadiondagi maxsus xonada maydondagi hakamga qo‘shimcha tarzda, videokameralar orqali kuzatuvchi guruh ham bo‘ladi.
  • O‘yinda bahsli holatlar paydo bo‘lganda, videokuzatuv guruhi vaziyatga aralashadi va hakamga takroriy videolavhani ko‘rishni maslahat beradi va o‘z xulosalarini aytadi.
  • Qat’iy belgilangan reglament asosida, bosh hakam bu xulosalarni inobatga olishi yoki inkor qilishi mumkin.
  • Bu tizim odatda, o‘yin hakamlari yo‘l qo‘ygan kamchiliklarni aniqlashda va bahsli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror chiqarishda qo‘l keladi.

Aksar sharhlovchilar va futbol ishqibozlari bu tizimning joriy etilishida aynan Ravshan Ermatovning hissasi katta, degan xulosada.

Futbol sharhlovchilaridan birining Ozodlikka bildirishicha, aslida futbol sohasiga DXX raisining rahbar etib tayinlanishi bosh sababi - futbolning hanuz davlat dotatsiyasiga qaramligidir.

“O‘FAda aslida bu rahbariyatdan aksar hakamlar xursand, deyishyapti. Hech kim xafamas O‘FAda. Tashqaridagilardayam shu his. Chunki rahbarlikka boshqa ma’qul variantning o‘zi yo‘q. Davlat dotatsiyasidagi futbolga davlat o‘z odamlarini qo‘yishiga hamma ko‘nikkan. Futbolning ichidagilarga dotatsiya tizimi albatta qulay. Lekin futbol bizda foyda keltirmaydigan sohaga aylanib qolgani uchun shu paytgacha ochilgan hamma xususiy klublar bankrot bo‘lib yopilib ketdi. Navbatdagisi Turon bo‘lishi mumkin. Bu sohada katta korporatsiyalar yo‘q. Shuning uchun ham futbolni xususiylashtira olishmayapti”.

Ozodlikning O‘FAdagi manbasi ham futbolni xususiylashtirish - O‘zbekistonda eng og‘ir kechayotgan jarayonlardan biridir, deb fikr bildirdi.

Uning fikricha, sohadagi korrupsiya va noto‘g‘ri boshqaruv yillar davomida o‘zbek futboli obro‘sini ayanchli darajada tushirib yuborgan, muxlislarda futbolga ishonch juda ham pasaygan.

“Hamma futbolni yomon ko‘rib qolgan, xavfsalasi pir bo‘lgan. Byudjetdan ta’minlash to‘xtatilsa, futbol o‘ladi. Odamlarni futbolga qaytarish va yana stadionlar tomoshabinlarga to‘ladigan o‘yinlar uchun professional futbolni rivojlantirish kerak. Mo‘ljalni korrupsiyalashgan Osiyo chempionatlariga emas, korrupsiyani kamaytirgan Yevropa futboliga qarab olish kerak, Qozog‘istonga o‘xshab. Masalan, Eldor Shomurodovga o‘xshagan yana 10 ta yosh futbolchi chiqarsak, bemalol chempionatga chiqsak bo‘ladi. Bizda bunaqa talantlar juda ko‘p!”

Qudratli rahbarlar

Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga 2019 - yilning iyul oyidan beri rahbarlik qiladi.

Bunga qadar O‘FAni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshqarib kelgan edi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida 2019 - yil iyulidagi hisobot-saylov konferensiyasida Ravshan Ermatov O‘FAning birinchi vitse-prezidenti lavozimiga saylangan.

Keyinchalik Ermatov jismoniy tarbiya va sport vaziriga birinchi o‘rinbosar bo‘ldi. Vazirlik matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, R. Ermatov mazkur lavozimga O‘zbekiston prezidentining 2020 - yil fevral oyida imzolagan maxsus qarori bilan tayinlangan.

O‘zbekistonda kuch tizimlari rahbarlarining sportning ko‘zga ko‘ringan sohalariga rahbarlik va kuratorlik qilishi mustaqillik yillarida shakllangan an’ana.

DXX raisi Abdusalom Azizovning o‘tmishdoshi - sobiq MXX rahbari Rustam Inoyatov 21 yil mobaynida O‘zbekiston tennis federatsiyasiga rahbarlik qilgan.

Joriy yil martida Rustam Inoyatovning o‘rnini O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruv raisi Alisher Mirsoatov egallagandi.

Ayni paytda 75 yoshli general Inoyatov tennis federatsiyasining faxriy raisi sifatida qolgan.

XS
SM
MD
LG