Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2021, Тошкент вақти: 03:58

O‘zbek qo‘shiqchisi ikki qora tanlini qullikda saqlagani va kaltaklagani iddao qilindi


Ikki nigeriyalik o‘zlarining qullikda tutilganliklarini aytishmoqda

Toshkentning Uchtepa tumanida istiqomat qiluvchi 26 yashar boshlovchi va xonanda Siroj boom o‘z xovlisida 20 va 25 yasharlik ikkita nigeriyalikning pasportlarini olib qo‘yib, bir yilga yaqin vaqt davomida qullikda saqlagani iddao qilinmoqda. Nigeriya vatandoshlari - 20 yasharlik Munisa ismli musulmon ayol va 25 yasharlik Shoh (Bu ismlar taxallus. Ularning asl ismi Ozodlikka noma’lum) mahalliy bloger videokanalida chiqish qilib, qo‘shiqchini quldorlikda ayblashdi. Qullikda och saqlanganini aytgan Munisa o‘zini Siroj boom kaltaklagani aks etgan videoni taqdim qildi.

Bloger Iskandar Makedonskiy esa, YouTubedagi kanalida chiqish qilib¸ bu ikki nigeriyalik o‘zbek xonandasi uyida qullikda saqlagan payt ularga qo‘riqchilik qilganini aytgan shaxsning ovozini qo‘yib eshittirdi. O‘zbekistonlik bu shaxsga ko‘ra, Siroj boomning ota-onasi nigeriyalaklarni "qoravoy" va "negr" deya muntazam haqoratlashgan va xo‘rlab kelganlar.

Munisa o‘zining qullikdagi kechinmalarini telefonida qayd qilgan
Munisa o‘zining qullikdagi kechinmalarini telefonida qayd qilgan

Uchtepa tuman IIB mulozimi Ozodlikka o‘z hududida yashovchilaridan qullikda saqlash bilan bog‘liq shikoyat tushmaganini aytdi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi vakili Ozodlikka Siroj boom O‘zbekkonsertdan litsenziya olganini tasdiqladi.

Siroj boom va uning ma’muri Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Toshkentdagi shou biznes yulduzlariga ma’murlik qiladigan Ramiz Vahobovning Ozodlikka aytishicha¸ Siroj boom bu ikki qora tanlini to‘ylarga olib borib, "Kelin-salom ayttirib pul ishlagan va har xil tadbirlarda pul evaziga qatnashtirgan hamda tik-tokchi hamda vaynerlarga ularni ijaraga berib turgan".

Yolg‘on ustiga qurilgan shou

Qo‘shiqchi Siroj Boom
Qo‘shiqchi Siroj Boom

Toshkentdagi shou biznes yulduzlariga ma’murlik qiladigan Ramiz Vahobovning iddaosicha, to‘ylarda otarchilik qiladigan va vokal qobiliyati bo‘lmagan Siroj boom qo‘shiqchilikdagi qusurni rang-barang manzarali klip orqali bekitish maqsadida Nigeriyaga boradi:

“U o‘sha yerda 8 ta mahalliy aholini o‘z klipi uchun yollaydi, ammo pulni keyin beraman, sizlarni musiqiy guruhga jamlab, Toshkentga olib ketib, mashhur qilaman, deydi. Bundan bir yil oldin u siz aytgan Munisa va Shoh ismli ikki qora tanlini Toshkentga olib keladi. Ulardan o‘zining kliplarida tekin foydalanadi. Nom chiqarish uchun joriy yil 10 - oktabrida qora tanli Munisaga yolg‘ondakam uylanadi. Lav-storiga tushib, Toshkent sitida videoga tushadi. Aslida bularning hammasi yolg‘on edi. Siroj boom hatto "men qora tanli bilan ZAGSdan o‘tdim" deya maxalliy blogerlarni aldaydi. Mana, nihoyat, haqiqat yuzaga chiqdi. Ikki muhojir musulmonni shu sovuqda temir konteynerga solib, qul qilgani aniq bo‘ldi. Reklama uchun boshlangan yolg‘on bu qo‘shiqchi uchun antireklama bo‘ldi”, - deydi Ramiz Vahobov.

Ozodlik bu iddaolarni tasdiqlash yoki rad etish imkoniga ega emas.

Nigeriyaliklarning iddaosicha¸ Siroj boom ularning har biriga 450 dollar pul va’da qilib olib kelgan, ammo "bir tiyin ham bermagan".

Pichoqsiz so‘yish

Qullikka tushganini iddao qilayotgan ikki nigeriyalikning so‘zlariga ko‘ra, ular Siroj boomning Toshkentning Uchtepa tumanidagi hovlisida kunduzi somon qirqib, kechqurun temir konteyner ichida uxlashgan.

Ular och-naxor, faqat kartoshka yeb, sovuq konteyner ichida yashashga majburlanganliklarini aytishadi.

"Agar qochsangiz, men sizlarni o‘g‘ri, deb militsiya tanishlarim orqali qamattiraman, pichoqsiz so‘yaman, deb qo‘rqitdi”,- deydi qullikda saqlanganini aytgan Munisa.

Odam savdosi va irqchilik gumonlari

Huquqshunos Marimboy Rajabovning Ozodlikka aytishicha¸ Siroj boom qilmishini Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi bilan malakalash mumkin.

“Eng birinchi, bu - odam savdosi. Jinoyat kodeksining 135-moddasi “v” “Z” bandlari, ya’ni ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo‘lgan jabrlanuvchini O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasidan olib o‘tgan holda qilingan jinoyat. Endi, agar sudda ularning temir konteynerda saqlangani isbotlansa, bu 138-modda, ya’ni g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishga to‘g‘ri keladi. Shu paytgacha kam ko‘rilgan yana bir jinoyat - irqiy kamsitishda ayblash mumkin. Bu esa 141-moddada teng huquqlilik buzilishi deb talqin qilingan. Munisani kaltaklagani bezorilik, aldaganini esa firibgarlik sifatida malakalash mumkin", - dedi huquqshunos.

Ozodlikning Siroj boom va uning ma’muri bilan bog‘lanish urinishlari natija bermadi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi "O‘zbekkonsert" davlat muassasasining o‘zini Azizbek deb tanishtirgan vakili Ozodlikka Siroj boom O‘zbekkonsertdan litsenziya olganini tasdiqladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "masalaning huquqiy taraflari o‘rganilmoqda".

XS
SM
MD
LG