Qirg‘iziston va O‘zbekiston bir-biriga sudlangan fuqarolarni topshiradi. Bu haqda xabar qilgan 24.kg nashri bunga oid qonun loyihasi Qirg‘iziston parlamenti tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilinganini qayd etdi.
Xabarda aytilishicha, Qirg‘iziston bosh prokurorining o‘rinbosari Umutkan Konkubayeva parlament deputatlariga O‘zbekistonda qirg‘izistonlik 42 nafar fuqaro, Qirg‘izistonda esa o‘zbekistonlik 97 nafar fuqaro jazo o‘tayotganini bildirgan.
Endilikda bu fuqarolar qamoq jazosini o‘z vatanlarida o‘tashadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida mahkumlarni topshirishga oid kelishuvga 2024-yil 18-iyulida Toshkentda erishilgan.
Turkiy davlatlar tashkilotlariga a’zo bo‘lgan Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan mahkum almashishga oid shartnoma tuzgan ilk mamlakat emas. Ozodlik 2023-yilda O‘zbekiston TDTga a’zo Turkiya va Qozog‘iston bilan o‘zaro mahkumlarni topshirish bo‘yicha kelishuv imzolagani haqida xabar qilgan edi.