Линклар

Шошилинч хабар
21 май 2022, Тошкент вақти: 07:33

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” - ish beruvchiga xodimni sayohatga chiqarish majburiyati yuklandi


Shoxi Zinda kompleksi. Samarqand, O‘zbekistan, 29-noyabr 2019-yil.

O‘zbekistonda 1-iyundan har bir tashkilot o‘z xodimlari uchun yiliga bir marta mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratib berishi kerak bo‘ladi.

Sayohat harajatlarini qisman ish beruvchi qoplaydi.

Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni imzolagan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.

"2022-yil 1-iyundan boshlab "O‘zbekiston bo‘ylab sayohat!" doirasidagi tartib belgilansin. Ish beruvchilar jamoa shartnomalariga xodimlar uchun yiliga bir marta mahalliy sayohat qilish imkoniyatlarini yaratish qoidalarini kiritadilar. Sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning byudjetdan tashqari mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi", — deyiladi hujjatda.

Bundan tashqari kelajakda ichki sayohatga otlangan har bir fuqaro xarajatlarining bir qismini qaytarish, ya’ni “Cashback” tartibi ham yo‘lga qo‘yilishi aytilgan hujjatda.

Buni moliyalashtirish uchun joriy yilning o‘zida davlat byudjeti qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga 30 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

Hukumat shu yo‘l bilan ichki sayyohlikni rivojlantirish, mahalliy sayohatga ko‘proq odamni jalb qilish, shu orqali mahalliy byudjetlarga tushumlarni oshirishni maqsad qilgan.

O‘rtacha oylik 270$, uchoq puli 100$

Davlat statistika qo‘mitasining o‘tgan oygi ma’lumtiga tayanilsa, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik 270 dollarni tashkil qiladi.

Toshkent-Urganch avichiptasining narxi esa 100 dollar atrofida. Mamlakat ichida loukoster uchoqlar va hamyonbop mehmonxonalar tizimi deyarli yo‘q.

Bundan o‘rta aholi uchun ichki sayohat qanchalik qimmat ekani ko‘rinadi.

“O‘zbekistonda ahvol bu qadar bo‘lsa, narxlar bu qadar bo‘lsa kim sayohatga chiqadi. Kimnidir bo‘yniga harajatini yuklab, oborib aylantirib kelish foyda ko‘rish emas.. Foyda bir joydan chiqadi, bir joyda yo‘qoladi. Kimni cho‘ntagidan chiqadi bu, Masalan menga kerakmi shu, yo ish beruvchiga kerakmi?”, - deydi o‘zbekistonlik Mirza Anvar Abdulla.

Markaziy Osiyo mamlakatlari sayyohlik salohiyati masalalarini o‘rganib kelayotgan britaniyalik tadqiqotchi, O‘zbekistonning Britaniyadagi turizm bo‘yicha elchisi Sofi Ibotsonning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda ichki turizm rivoji uchun potensial yo‘q emas:

“O‘zbekistonda 30 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. O‘rta tabaqa tez o‘sib bormoqda, bu odamlarning daromadlari va bo‘sh vaqtlari ko‘proq ekanligini anglatadi. Ko‘pgina fuqarolar o‘z pullari va ta’tillarini o‘z mamlakatlarida va chet elda sayohat qilish uchun ishlatishni xohlashadi. Albatta, O‘zbekiston bo‘ylab sayohat xalqaro sayohatga qaraganda osonroq va arzonroq va juda ko‘p jozibali yo‘nalishlar mavjud. Avtobus yoki poyezdda siz YuNESKOning beshta Jahon merosi obyektlariga, ko‘plab milliy bog‘larga va boshqa go‘zal tabiiy hududlarga, yuzlab ziyoratgohlar va madaniy diqqatga sazovor joylarga borishingiz va, albatta, do‘stlaringiz va oilangiz bilan uchrashishingiz mumkin”, - deydi Ibotson.

Bu O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatda ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan ilk qarori emas.

O‘tgan yili u “O‘zbekiston Respublikasida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish va ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan.

Ayni farmon doirasida ichki turizmni ommalashtirish maqsadida 2021-yildan beri o‘zbekistonliklarga Ro‘za hayit, Qurbon hayit, Navro‘z, Mustaqillik kuni hamda Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha uch kundan kam bo‘lmagan dam olish joriy etiladi.

Bu yil Ramazon hayitida besh kunlik ta’til e’lon qilindi.

Bundan tashqari “ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi besh ish kunidan kam bo‘lmagan "oilaviy ziyorat ta’tili" tizimi joriy qilingan.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan mutaxassislar ichki turizmning mahalliy byudjetlarga foyda keltirishini e’tirof etishadi, ayni paytda bu dastur majburlash evaziga bo‘lmasligi lozimligini aytishadi.

“Majburlash bilan bo‘lmasligi kerak”

Buxorolik san’atshunos rassom Bahodir Abdurazzoqov Ozodlik bilan suhbatda ichki turizmni rivojlantirish haqidagi prezident qarori haqidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashar ekan bularni aytdi:

“Majburlash bilan, “sen buncha odamni Farg‘onadan Buxoroga, sen bunchasini Samarqandga olib borib aylantirib kelasan”, deyish bilan yoki harajatlarni biznesmenlar bo‘ynigai ilib qo‘yish bilan bo‘lmasligi kerak. Shunaqa bo‘lyapti-da, ko‘ryapmiz. Bunday yo‘l bilan ichki turizmni rivojlantirib bo‘lmaydi. Odamlarni o‘zlarida bunga xohish-istakni oshirsak shunda samara bo‘ladi. Buning uchun ular boradigan joylarda sharoitlarni yaxshilash kerak, trasport tizimini yaxshilash, narxlarni tushirish kerak, shunda odamlar biri-biridan eshitib o‘zlari boradigan bo‘ladi”, - deydi san’atshunos.

Ichki turizm bu O‘zbekistonda doimiy yashovchi shaxslarning mamlakat hududidagi sayohatidir.

O‘zbekiston Turizm vazirliga ko‘ra, har yili o‘zbekistonliklar chet ellarga borib o‘rtacha 1 milliard 200 million dollar atrofida mablag‘ sarflaydi.

Ko‘pchiligi Antaliya, Dubay yoki Issiqko‘lga borib dam olishni afzal ko‘rishadi.

Buning asosiy sabablaridan biri O‘zbekistonda barcha talablarga javob beradigan zamonaviy turistik majmualar sonining kamligi, dengiz sohilining yo‘qligi va mahalliy turizm infrastrukturasining zaifligidadir.

31 ta hududda 1 tadan karvonsaroy

O‘zbekiston Turizm vazirligi mulozimining Ozodlikka aytishicha, ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida har bir viloyatda turistik majmualar va shaharlararo avtomobil yo‘llari infrastrukturasini yaxshilash ham rejada bor.

“Yo‘llarda karvonsaroylar quriladi. Butun mamlakat turizm magistrali bo‘ylab 31 ta hududda 1 tadan karvonsaroy barpo etiladi. Mashinada sayohat qiluvchilar uchun kempinglar bo‘ladi, yo‘llarda mini mehmonxonalar quriladi. Har bir viloyatda Namanganda ishga tushirilgan “Afsonalar vodiysi” yoki Bo‘stonliqda “Amirsoy majmuasi”ga o‘xshash maskanlar qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Ana shu maskanlarga boruvchilar ko‘paygan mamlakatni o‘zida. Toshkentdan Namanganga “Afsonalar vodiysi”ga maxsus borib kelayotganlar bor. Mana shunaqa joylarni ko‘paytiramiz, - ”, - dedi vazirlikning ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi..

Mulozimga ko‘ra, Xorazmdagi “Qal’a-jiq” va Qoraqalpog‘istondagi “Aqchako‘l”da sanatoriya-kurort tashkil etish, Buxoroda “Qadimiy Buxoro” va “O‘ninchi asr etnoqishlog‘i”, Namanganda “Oazis”, Sirdaryoda “Sirdaryo ekoturizm”, Toshkent viloyatida “Garden” turizm klasterlari va Farg‘onada “Farg‘ona parki” tematik bog‘ini tashkil etish bo‘yicha yirik loyihalar ham rejalangan.

O‘zbekiston tarixiy shaharlar va qadimiy obidalarga shundoq ham boy mamlakat. Mamlakatda yuzdan ziyod muzey bor.

Urganch shahrining sayyohlar uchun vizit kartasiga aylanayotgan Zamonaviy san’at muzeyi rahbari, san’atshunos Shirin Tosheva ham mahalliy sayyohlikni rivojlantirish muhimligini aytadi.

“Avvalo prezident Mirziyoyevning muzeyimizni rekonstruksiya qilish haqidagi qaroridan juda mamnunmiz. Bizning muzey yiliga 145 ming odamni qabul qilish potensialiga ega. Bizdagi san’at asarlari dunyoning eng zo‘r muzeylaridagi asarlardan hech qolishmaydigan durdona asarlar bor. Shuning uchun boshqa viloyatlardan ham turistlarni jalb etgan yaxshi ”, - deydi Tosheva.

26-aprel kuni turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Mirziyoyev muzeylar faoliyatini tanqid qilgan edi.

Majlisda O‘zbekiston muzeylarida o‘tkazilgan tekshirishlarda mamlakat bo‘ylab 14 ta muzeyda 3 mingdan ziyod nodir va noyob madaniy boyliklar talon-toroj qilingani qayd etilgan.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov qaydicha, muzeylar faoliyatini samarali tashkil etish masalasi ham muhokama qilingan, O‘zbekistonda mavjud 122 ta muzey salohiyatidan unumli foydalanilmayotgani urg‘ulangan.

“Prezident ko‘p qarorlar qabul qilyapti, ijrosini ko‘rmadik”

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda iqtidorga kelishi bilan davlat siyosatida turizmni strategik soha sifatida belgilagan.

2020-yilda O‘zbekiston UNWTO Jahon sayyohlik tashkilotining turizm sohasi eng jadal sur’atlarda rivojlanayotgan top-20 mamlakati ro‘yxatiga kirdi.

Ammo 2020-yilda boshlangan koronavirus pandemiyasi boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonning ham turizm sohasini falaj qilib qo‘ydi.

O‘zbekiston Turizm vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, pandemiya mamlakatdagi 1 ming 500 dan ortiq turoperator, 1 ming 200 ta mehmonxona faoliyatini deyarli to‘xtashiga olib keldi.

Samarqandlik bloger Farruh Samarqandiyning Ozodlikka aytishicha, ichki turistlar hisobidan ular faoliyatini qayta jonlantirish zarur.

“Men qo‘shilaman, ichki sayyohlikni rivojlantirish kerak. Samarqandga kelgan har bir sayyoh pul tashlab ketadi. Qancha ko‘p kelsa mahalliy byudjetga shuncha yaxshi. O‘z navbatida odamlar ziyoratgohlarga borib madaniy-ma’naviy tushuncha oladi. Bu ham yaxshi. Lekin, Prezident ko‘p qarorlar qabul qilyapti, ko‘p yaxshi gaplar gapiryapti, lekin ijrosini hali ko‘rmadik. Samarqandga elektr avtobuslar keltiriladi deganiga ikki-uch yil bo‘lyapti. Bu dastur ham kampaniyabozlikka aylanib, ketmasa. Qolaversa, u shahardan bu shaharga borish muammo.

Men Samarqanddan Xivaga poezdda bordim o‘tgan yili. Shu shaharni ko‘rgim kelardi. Birinchidan, qimmat. Poyezdda sharoit dab-dala. Xivani o‘zida sharoit yaxshi. Ba’zi shaharlarda bizda oddiy mehmonxona yetishmaydi. Menimcha shu masalalarga e’tibor qaratish kerak”, - deydi Farruh Samarqandiy.

Markaziy Osiyo mamlakatlari sayyohlik salohiyati masalalarini o‘rganib kelayotgan britaniyalik mustaqil tadqiqotchi Sofi Ibotsonning Ozodlikka aytishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ichki turizmning o‘sayotgani va sharoitlar yaxshilanayotganini ko‘rish mumkin.

“Oxirgi bir necha yil ichida, ayniqsa pandemiya davrida O‘zbekistonda ichki turizm sezilarli o‘sganini ko‘rdim. Men, ayniqsa, nafaqaxo‘rlar, ko‘pincha keksa ayollar birgalikda sayohat qilishlarini ko‘rdim. Ko‘pincha ular O‘zbekistonning ba’zi joylarini birinchi marta ko‘rishadi va do‘stlari bilan vaqt o‘tkazishadi. Kelajakda men bundan ham ko‘proq odam, shuningdek, talabalar, juftliklar va oilalar guruhini O‘zbekistonda sayohat qilishlarini ko‘rishni istayman”, - deydi Ibootson.

XS
SM
MD
LG