Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:14

O‘zbekiston Karimov qarshilik qilgan GES qurilishi loyihasida ishtirok etadi


“Qambarota-1” GESi Qirg‘iziston hududida barpo etilishi rejalangan
“Qambarota-1” GESi Qirg‘iziston hududida barpo etilishi rejalangan

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hukumatlari Norin daryosida Qambarota gidroelektrostansiyasi (“Qambarota-1” GESi) qurilishi to‘g‘risidagi shartnomani imzolashadi. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligi tomonidan muhokama uchun yoyinlangan hukumatlararo shartnoma loyihasida aytilgan.

Shartnomada GES qurilishi loyihasini amalga oshirish va uning ekspluatatsiyasi doirasida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik shartlarini belgilash rejalanmoqda.

Hujjatga muvofiq, uch mamlakat tomonidan belgilangan tashkilotlar Qambarota GESi tomonidan ishlab chiqariladigan butun elektr energiyasini so‘zsiz sotib olishadi.

Tomonlar o‘zaro konsensus asosida qaror qabul qilishadi va GES ishi tartibini boshqarib borishadi.

Qirg‘iziston hududidagi loyihani amalga oshirish uchun qo‘shma aksiyadorlik shirkati tuziladi. Bunda Qirg‘izistonning ulushi 34 foizni, Qozog‘iston va O‘zbekistonniki esa 33 foizdanni tashkil qiladi. Shirkat muassisini har bir mamlakat mustaqil ravishda belgilaydi. Tomonlar ulushi o‘zgarishsiz qoladi, bunda mamlakatlar ulushini boshqa birovga sotish, berib yuborish va birlashtirish imkoniyati mutlaqo ko‘zda tutilmagan.

Loyihani moliyalashtirish uchun asosiy manba shirkat ta’sischilarining o‘z mablag‘lari, shuningdek, ular tomonidan xalqaro moliya institutlari va banklardan jalb qilinadigan qarz va grant mablag‘lari bo‘lishi aytilmoqda.

Loyiha amalga oshirilganidan keyin Qambarota GESi aksiyalari va aktivlari to‘laligicha Qirg‘iziston tasarrufiga o‘tadi. Shartnomani Bishkek shahrida imzolash rejalangan.

O‘tgan yilning yanvar oyida O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, uning qozog‘istonlik hamkasbi Bolat Akchulakov va qirg‘izistonlik hamkasbi Taalaybek Ibrayev Bishkekda “Qambarota-1” GESi qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha yo‘l xaritasini imzolashgan edi.

Bo‘lajak GES quvvati 1860 MVtga teng bo‘ladi. GES suv omborida 5,4 milliard kub metr suv saqlanadi, to‘g‘on balandligi esa 256 metrni tashkil etadi. Stansiya yiliga o‘rtacha 5,6 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. GESni 10 yil ichida qurib bitkazish rejalangan.

Qirg‘iziston prezidentining 2021-yil martidagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ikki mamlakat rasmiylari “Qambarota-1” GESi qurilishi” investitsion loyihasiga tayyorgarlik to‘g‘risidagi shartnoma va o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha bayonnomani imzolashgan edi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Qambarota-1” GESi qurilishiga 2022-yil iyunida start bergan. Loyiha bo‘yicha dastlabki ishlar uchun 20 million dollarga yaqin mablag‘ ajratilgan. Kanadaning SNC-Lavalin International Inc. va Rossiyaning “Energetika janubiy muhandislik markazi” shirkatlari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asoslama bo‘yicha GES qurilishi uchun 2014-yildagi hisob-kitob bo‘yicha 2,9 milliard dollar mablag‘ talab qilingan. Ayni paytda Qirg‘iziston prezidenti shu yil 13-aprel kuni loyiha xarajatlari 5-6 milliard dollarni tashkil etishi va loyiha o‘zini oqlashi uchun 13-15 yil kerak bo‘lishini ma’lum qilgan.

“Qambarota-1” GESi qurilishiga o‘z vaqtida O‘zbekistonning avvalgi prezidenti Islom Karimov qarshi chiqqan edi. Karimov o‘sha paytda bu loyiha Markaziy Osiyoda ekologik muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligini iddao qilgan.

XS
SM
MD
LG