O‘zbekiston Malayziya bilan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish niyatida. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 5-fevral kuni Kuala-Lumpur shahrida tashkil qilingan qo‘shma biznes forumda ma’lum qildi.
Mahalliy matbuot bu O‘zbekiston prezidentining Malayziyaga so‘nggi 20 yil ichidagi ilk rasmiy tashrifi ekanini urg‘ulamoqda.
Prezident matbuot xizmati qaydicha, Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohimning taklifiga ko‘ra ushbu mamlakatga tashrif buyurgan Mirziyoyev elektronika va yarimo‘tkazgichlar, sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, gaz-kimyo sanoati, qurilish, sog‘liqni saqlash, geologiya, ta’lim, transport, ziyorat turizmi kabi sohalarni ikki davlat hamkorligini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatgan.
Mirziyoyev Malayziyaning yetakchi kompaniya va banklarini O‘zbekistonning telekommunikatsiya, energetika, bank-moliya va boshqa sohalardagi davlat aktivlarini xususiylashtirishda faol ishtirok etishga taklif etgan.
Rasmiy Toshkent “aqlli” qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish, organik mahsulotlar ishlab chiqarish va “halol” standartlarini qo‘llash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan ham manfaatdorlik bildirgan.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim nomidan Strategik sheriklik yo‘lida ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida qo‘shma bayonot e’lon qilingan. Toshkent va Kuala-Lumpur, shuningdek, bojxona, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sud-ekspertlik, akademik-diplomatik kabi sohalarda hamkorlikka doir bitimlar imzolaganlar.
Tomonlar 2025-2026-yillarni O‘zbekiston–Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri deb e’lon qilishga kelishishgan.