O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Toshkenda Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bosh direktori Rafael Grossini qabul qildi.
Prezident matbuot xizmati axborotiga ko‘ra, uchrashuv yakunida tinch atom sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish yuzasidan qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
Xalqaro agentlik dasturlari doirasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yadro energetikasi, qishloq xo‘jaligi, suvdan foydalanish, sog‘liqni saqlash, ekologiya sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari ekani ta’kidlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, 5-dekabr kuni Samarqand shahrida sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar ishtirokida Atom energiyasidan foydalanish masalalari bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro atom energiyasi agentligi BMT qoshida 1957-yilda jahon davlatlariga atom energiyasidan tinchlik yo‘lida foydalanish maqsadida tashkil etilgan.
O‘zbekiston 1994-yildan buyon mazkur tuzilmaga a’zo. O‘ttiz yil mobaynida ushbu tashkilotning texnik ko‘magida 40 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilgan.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston joriy yil iyun oyida “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan kichik quvvatli AES qurilishiga doir hujjatni imzolagan. 330 MVt quvvatga ega stansiya (har biri 55 MVt quvvatga ega oltita reaktor) Jizzax viloyatida (Tuzkon ko‘li) barpo etiladi.
Bir necha yil avval MAGATE ekspertlari O‘zbekistonda bo‘lgan va mamlakatda yadroviy energetika dasturini amalga oshirish ishlarini kompleksli ravishda baholagan edi.