Turkiyaning TUSAŞ (Türk Havacılık ve Uzay Sanayii AŞ) davlat aerokoinot shirkati tez orada O‘zbekistonga ANKA dronlarini yetkazib berishni boshlaydi.
Mudofaa sanoati yangiliklariga ixtisoslashgan SavunmaSanayiST nashrining xabar qilishicha, bir dvigatelli ANKA droni 30 soatgacha uchish va 350 kilogramm foydali yuk ko‘tarish quvvatiga ega.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi turk shirkati bilan dron oldi-berdisi yuzasidan rasmiy ma’lumot bermagan.
Tahlilchilar Turkiyaning jahon mudofaa sanoati, jumladan, harbiy uchuvchisiz qurilmalar bozoridagi o‘rni oshib borayotganini aytishadi. Xususan, O‘zbekiston xarid qilayotgan ANKA dronlaridan Jazoir, Qozog‘iston, Tunis, Malayziya, Indoneziya va Chad armiyasi ham foydalanadi.
O‘zbekiston Turkiyadan avval ham uchuvchisiz uchish apparatlari sotib olgani ma’lum. 2023-yil noyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismga tashrifi vaqti unga Bayraktar TB2 droni parvozi namoyish etilgan edi.
Avvalroq Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar Turkiyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligida harbiy sanoat mahsulotlari, jumladan, dron savdosi muhim o‘rin tutishini ta’kidlashgandi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov 2024-yil dekabr oyida parlamentdagi chiqishida milliy armiya mashg‘ulotlarda asosiy e’tibor zamonaviy uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llashga qaratilganini aytib o‘tgandi.
2022-yilda O‘zbekiston zamonaviy texnologiyalar asosida uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani e’lon qilingan edi.