Uzbekistan Airways aviashirkati 20-yanvardan boshlab Yevropa mamlakatlariga parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirgan.
Kompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulovning 28-yanvar kungi matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, endilikda Yevropa mamlakatlariga parvozlar Rossiya va Belarus hududini aylanib o‘tgan holda, Ozarbayjon va Turkiya orqali amalga oshirilmoqda.
“Tabiiyki, bu reysni bir tomonga 30-40 daqiqaga uzaytiradi va kompaniya uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Shunga qaramay, biz tariflarni oshirmadik, chunki bu fors-major holati va yo‘lovchi buning uchun javobgar bo‘lmasligi kerak”, deya iqtibos keltirgan Uzbekistan Airways rahbari so‘zlaridan Gazeta.uz nashri.
Mulozimga ko‘ra, qaror Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligining (EASA) Rossiyaning Yevropa hududi ustidagi parvozlarning xavfsiz emasligi to‘g‘risidagi hisoboti asosida qabul qilingan.
Aviashirkatning parvozlarni boshqarish markazi doimiy ravishda havo bo‘shlig‘idagi vaziyatni tahlil qilyapti.
Uzbekistan Airways rahbari ta’kidicha, hozirda Ukraina hududi va Rossiyaning Yevropa qismi, Osiyo yo‘nalishida esa ayrim tog‘li hududlar, shu jumladan, ob-havo sharoiti tufayli xavfli hududlar hisoblanmoqda.
“Aviakompaniyaning barcha yo‘nalishlarida, barcha tashuvchilardagi kabi muqobil yoki zaxira yo‘nalishlar mavjud”, degan shirkati rahbari.
Uzbekistan Airways aviashirkatining Rossiya va Belarus hududini aylanib o‘tishga doir qarori Azerbaijan Airlines uchog‘i Qozog‘istonda halokatga uchragani ortidan xorijiy aviashirkatlar xavfsizlik choralarini kuchaytirayotgan pallaga to‘g‘ri keldi.
Bokudagi manbalar samolyot Rossiya havodan mudofaa tizimi faoliyati oqibatida qulaganini ma’lum qilishgan edi.
Avvalroq O‘zbekistonning Qanot Sharq aviashirkati joriy yil 20-yanvaridan 6-martigacha bo‘lgan muddatda A320 samolyotlarida amalga oshiriladigan bir qator reyslarni bekor qilgandi. Texnik ko‘rik sabab bekor qilingani aytilgan parvozlar ro‘yxatida Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg shaharlariga reyslarni ham ko‘rish mumkin.