O‘zbekiston qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun ishonchli moliyaviy manbalarni shakllantirish maqsadida kelgusi yil boshida tartib-taomillarni yakunlab, Yevrosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 26-dekabr kuni Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi nutqida ma’lum qilgan.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan raisligida (onlayn formatda) o‘tgan uchrashuvda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Rossiya prezidenti Vladimir Putin qatnashgan. Mirziyoyev yig‘ilishda kuzatuvchi maqomida ishtirok etgan.
Mirziyoyevga ko‘ra, O‘zbekiston kuzatuvchi sifatida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan 22 ta yo‘nalishda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. 2024-yilda O‘zbekistonning ittifoq mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 11 foizga oshgan.
Toshkent YOIIning savdo va yuk tashishni raqamlashtirish, elektron tijoratni joriy etish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish sohasidagi qator tarmoq dasturlarida faol qatnashmoqda.
Mirziyoyev O‘zbekiston tadbir yakunida imzolanadigan Yagona bojxona tranziti tizimi to‘g‘risidagi bitimda ham ishtirok etishini aytgan.
YOII 2014-yilda Belarus, Qozog‘iston va Rossiya ishtirokida tuzilgan. 2015-yili unga Qirg‘iziston bilan Armaniston qo‘shilgan. O‘zbekiston va Kuba mazkur tuzilmada 2020-yilda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan.
Ekspertlar Rossiya hali xalqaro sanksiyalarga yo‘liqmasdan turib ham YOIIni a’zo davlatlar uchun manfaatli emas, deb hisoblashardi. YOII faqat Rossiya foydasiga xizmat qilardi. Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy etilganidan so‘ng YOII mamlakatlarida ittifoqdan chiqish tarafdorlari yanada ko‘paygan.
Avvalroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov O‘zbekiston uchun YOIIda kuzatuvchi davlat maqomi ko‘proq maqbul ekani haqida bayonot bergan edi.