O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Mercedes-Benz xizmat avtomobilidan voz kechib, Malibu avtomobilida yuribdi.
Gazeta.uz nashrining bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovdan olingan ma’lumotga tayangan holda yozishicha, Aripov joriy yil 7-mart kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazib, barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatishni topshirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning 5-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida davlat amaldorlari milliy avtomobilga o‘tishi zarurligini aytgan edi.
“Menga buni 20-martdan yoki 1 apreldan joriy qilaylik, deb taklif berishyapti. Yo‘q, unaqasi ketmaydi. Prezidentimiz topshiriq berdimi, zudlik bilan bajarishimiz shart. Bu hukumatning asosiy vazifasi”, degan bosh vazir videoselektorda.
Hukumat tarkibidagi barcha vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xizmat avtomobili sifatida mahalliy avtotransportlardan foydalanishga o‘tgan.
Jumladan, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Chevrolet Tahoe, bosh vazir o‘rinbosarlari Malibu, viloyat hokimlari esa Tahoe yoki Traverse avtoulovlaridan foydalanayotgani aytilmoqda.
Shu kungacha foydalanib kelingan xorijiy avtotransport vositalari elektron savdo platformasi orqali sotuvga chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy muammolar kuzatilayotgan vaziyatda davlat mulozimlarining qimmatabaho xizmat mashinalarida yurishi ko‘pdan buyon jamoatchilikda e’tiroz uyg‘otib keladi.
Ozodlik avvalroq budjet taqchilligi manzarasida ayrim hokimlik, vazirlik va idoralarning qimmatbaho avtomobillar xarid qilish uchun millionlab mablag‘lar sarflayotganiga e’tibor qaratgan edi.