Oliy Majlis Senatining 23-oktyabrdagi yalpi majlisida “Davlat siri to‘g‘risida”gi qonun ma’qullandi.
“Daryo.uz” nashri xabariga ko‘ra, yuqori palataning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov qonunning eski varianti mutaxassislar tomonidan tahlil qilinganda unda takomillashtirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi kerak bo‘lgan normalar mavjudligi aniqlanganini aytgan.
Endilikda davlat sirlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar 4 toifaga bo‘linadi:
• harbiy sohadagi;
• tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy sohadagi;
• razvedka va kontr-razvedka, tezkor qidiruv faoliyati va boshqa davlat xavfsizligi yo‘nalishlariga oid;
• iqtisodiyot, ta’lim va texnika sohalariga oid.
Yangi tahrirdagi qonun bilan davlat sirlaridan foydalanish huquqi 18 yoshga to‘lgan shaxslarga berilishi, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmaganlarga esa ruxsatnoma xalqaro shartnomalar va mamlakat qonunchiligi talablariga mos kelishi sharti bilan berilishi belgilanmoqda.
Hujjat axborot kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va ilg‘or texnologiyalarni hisobga olgan holda davlat sirlarini saqlashning zamonaviy mexanizmlarini ishlab chiqish va takomillashtirish masalalarini ham qamragan.
Bundan tashqari, maxfiylashtirilmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati va ushbu ma’lumotlarni maxfiylashtirish bo‘yicha asossiz qaror qabul qilganlik bo‘yicha javobgarlik hamda fuqarolarning shaxsiy xavfsizligiga tahdid soladigan axborotlarni davlat sirlariga kiritilishini man etish belgilangan.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, davlat sirlari – davlat, harbiy va xizmat sirlarini o‘z ichiga oladi. Ekspertlar yangi qonun kuchga kirishi ortidan tashqi iqtisodiy faoliyat va umuman iqtisodiyot sohasidagi ma’lumotlar ham davlat siriga aylanishi mumkinligini aytmoqda.
“Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonun 1993-yilda ishlab chiqilgan. Qonunning yangi tahriri Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan joriy yil 20-avgustida qabul qilingan.
Yangi hujjat ishlab chiqish jarayonida ham, parlamentdagi muhokama davomida ham jamoatchilikka ochiqlanmagan.