Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2025, Тошкент вақти: 11:05

O‘zbekistonda gaz to‘ldirish shoxobchalari faoliyati cheklanmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda iste’mol yuqori bo‘lgan hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (gaz zapravkalar) faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritiladi.

Energetika vazirligi cheklov joriy etilishini “havo haroratining keskin pasayishi natijasida iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan talabi keskin ortgani” va “aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa” ekani bilan asoslagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda vazirlik bayonoti yoyinlangunga qadar ham ayrim hududlarda gaz to‘ldirish shoxobchalari faoliyati to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Vazirlikning tan olishicha, respublika gaz transport tizimi obyektlari maksimal quvvatlarda ishlashiga, yerosti saqlash omborlaridan rejalashtirilgan maksimal kunlik gaz olinishiga va tarmoqqa uzatilishiga qaramay, quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.

Cheklovlar mahalliy hokimliklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan reja-grafiklarga muvofiq joriy etilishi, bu bo‘yicha viloyatlar va tumanlar hokimliklari rasmiy axborot manbalarida ma’lumot berib borilishi ma’lum qilingan.

O‘zbekistonda havo harorati pasaygan kunlarda gaz to‘ldirish shoxobchalari faoliyati cheklanishi an’anaga aylangan. Ammo joriy yil noyabr oyida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov harorat -10, -20 darajagacha pasaygan taqdirda ham aholi va iqtisodiyotni energiya bilan ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejasi hozirlanganini ma’lum qilgan edi.

Avvalroq esa vazir “Gazli” va “Xo‘jaobod” yerosti gaz omborlarida bu yilgi qish mavsumi uchun o‘tgan yilga nisbatan 1,1 milliard kub metr ko‘proq – 5,1 milliard kub metrdan ortiq gaz zaxirasi jamlanganini aytgandi.

Uzluksiz ta’minot haqidagi va’dalarga qaramay, hali havo harorati manfiy darajaga tushmagan kunlardayoq poytaxtdagi ishlab chiqarish korxonalarini gazdan uzish boshlangan.

XS
SM
MD
LG