O‘zbekiston hukumati xorijdagi vatandoshlar uchun “Vatandosh” kartasini joriy etdi.
Mamlakat prezidenti tomonidan 20-noyabr kuni imzolangan 397-sonli qarorga asosan “Vatandosh” kartasi 5 yil muddatga (vatandosh milliy pasportining amal qilish sanasidan oshmagan holda) beriladi.
“Vatandosh” guvohnomasi – xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni rag‘batlantirish shakli bo‘lib, yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan, mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan do‘stona munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan, respublikada xayriya (metsenatlik) faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarga minnatdorlik va tashakkur belgisi hamda “Vatandosh” kartasini olish uchun asos hisoblanadigan hujjat”, deya aniqlik kiritgan Adliya vazirligi.
Mazkur kartaga ega vatandoshlarga quyidagi huquqlar beriladi:
• O‘zbekiston hududiga vizasiz kirish va chiqish;
• mamlakat hududida ko‘chmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan ko‘chmas mulkning miqdorlari tatbiq etilmaydi va O‘zbekistonda yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;
• xorijiy fuqaroga beriladigan mehnat faoliyatiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish;
• O‘zbekiston fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish.
Karta egalarining oila a’zolariga (ota-onasi, er (xotini) va voyaga yetmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:
• amaldagi viza muddatini uzaytirishda O‘zbekiston hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik viza olish;
• O‘zbekiston fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, ta’lim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;
• vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishni davlat boji undirilmasdan ichki ishlar organlarida rasmiylashtirish va uzaytirish.
O‘zbekistonda 2021-yil avgust oyida “Vatandoshlar” jamoat fondi tuzilgan edi. Fond dunyodagi 100 chog‘li mamlakatda istiqomat qilayotgan 10 milliondan ziyod vatandosh hamda ular tomonidan tashkil etilgan 170 dan ortiq madaniy markazni dastaklash bilan shug‘ullanadi.