Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda o‘zlashtirilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi bo‘yicha hali ham Xitoy peshqadamlik qilmoqda. XXR 2023-yil yakunlariga ko‘ra ham O‘zbekistonga eng ko‘p investitsiya kiritgan mamlakat bo‘lgan edi.
2024-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 107,1 trillion so‘mni tashkil etganini ochiqlagan Statistika agentligi bundan asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan jami xorijiy investitsiya va kreditlar ulushi 68,9 foizga yetganini qo‘shimcha qilgan.
Agentlik qaydicha, o‘zlashtirilgan jami xorijiy investitsiya va kreditlar hajmida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan investor davlatlar ichida birinchi o‘rinda Xitoy (23 foiz), ikkinchi o‘rinda Rossiya (13,8 foiz), uchinchi o‘rinda esa Turkiya (8,5 foiz) turibdi. Shuningdek, joriy yilning ilk choragida O‘zbekistonga salmoqli darajada investitsiya kiritgan davlatlar qatorida Saudiya Arabistoni (7,2 foiz), Birlashgan Arab Amirliklari (4,8 foiz) va Germaniya (3,8 foiz) kabi davlatlar ham sanab o‘tilgan.
Statistika agentligi avval ma’lum qilganidek, 2022-yili O‘zbekistonga yotqizilgan sarmoya va berilayotgan kreditlar bo‘yicha Rossiya birinchi o‘rinni (20,3 foiz), Xitoy esa ikkinchi o‘rinni (16,4 foiz) egallagan edi.