Линклар

Шошилинч хабар
12 феврал 2025, Тошкент вақти: 01:48

O‘zbekistonliklar ham Germaniya vizasini onlayn olishi mumkin


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

2025-yil 1-yanvaridan e’tiboran Germaniya butun dunyo bo‘ylab Konsullik xizmatlari portalini ishga tushirdi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Shu tariqa Germaniyaning jahon bo‘ylab 167 ta viza bo‘limi raqamli tizimga o‘tmoqda. Bu esa ko‘plab davlatlar fuqarolari Germaniya vizasiga onlayn ariza topshirishi mumkinligini anglatadi. Mazkur imkoniyat taqdim etilgan davlatlar safida O‘zbekiston ham bor.

Birinchi yanvardan boshlab Germaniyada ishlash yoki o‘qish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari Konsullik xizmatlari portali yordamida viza olish uchun onlayn tarzda murojaat qilishi mumkin. Endilikda viza uchun pochta orqali hujjat yuborishga hojat qolmaydi.

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bayonotiga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotiga har yili kamida 400 ming nafar malakali ishchi kerak bo‘ladi. Raqamli xizmat ko‘rsatuvchi Konsullik xizmatlari portalining ishga tushirilishi ham xorijdan malakali ishchilarni jalb etishga qaratilgan choralardan biri sanaladi.

TIV rahbari ta’kidicha, onlayn viza tartibi uzoq vaqt davom etadigan qog‘ozbozlikka barham berib, Germaniyani ishchi kuchi va talabalar uchun yanada jozibador qiladi.

Berbok viza uchun onlayn murojaat qilish imkoni yaratilganini “chinakam ma’muriy inqilob” deb atagan.

Ozodlik avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga bir qator G‘arb davlatlari, jumladan, Germaniyada o‘qish, malaka oshirish hamda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarga yengillik bo‘lishi uchun viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishni topshirgani haqida xabar qilgan edi.

O‘tgan yilning kuzida Samarqandda o‘zbek rasmiylari bilan o‘tkazilgan muzokara ortidan Germaniya ichki ishlar vaziri Nensi Fezer o‘zbekistonliklar uchun ishchi vizasini berish tartibi yengillashtirilishi mumkinligini aytgandi.

XS
SM
MD
LG