Линклар

Шошилинч хабар
09 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:28

O‘zbekistonliklar uchun Germaniyadan ishchi vizasi olish osonlashadi


Germaniya o‘zbekistonliklar uchun ishchi vizasini berish tartibini yengillashtirmoqchi. Bu haqda GFR ichki ishlar vaziri Nensi Fezer O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev bilan kuni kecha Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilgan.

Bandlik vazirligi qaydicha, uchrashuv chog‘ida Fezer xonim ikki mamlakat o‘rtasida migratsiya masalasida qator yengilliklar ishlab chiqilayotgani, bitim doirasida nemis ish beruvchilari o‘zbekistonliklarni soddalashtirilgan tartibda ishga qabul qilishga tayyorligini bildirgan.

Avvalroq bandlik vaziri Behzod Musayev “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ikki davlat o‘rtasida temir yo‘l va avtobus haydovchilari hamda hamshiralarni tayyorlash bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishilgani, bu yil 800 dan ziyod hamshira Germaniyaga uyushgan holda yuborilishi, ularning 400 nafari allaqachon Germaniyada ishlayotgani, o‘zbekistonlik hamshiralarning ish haqi kamida 2200 yevroni tashkil qilishi haqida ma’lum qilgan edi.

Vazir Musayev germaniyalik mutasaddilar bilan soddalashtirilgan viza tartib-qoidalari ko‘rib chiqilgani, Germaniyadan ko‘plab ish beruvchilar bilan bunday shartnomalarni imzolash rejalashtirilganini tasdiqlagan.

“Ushbu kelishuvni tarixiy deb atasa bo‘ladi. Misol uchun, Hindiston va Germaniya o‘rtasida ushbu shartnoma 6 yil davomida tayyorlangan bo‘lsa, O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi strategik munosabatlarni ahamiyatga olgan holda, ushbu murakkab hujjat bir yil ichida tayyorlandi va imzolandi. Bugungi bitim 1−5 yillik muddatni emas, balki 10−20−30 yillik muddatni o‘z ichiga oladi”, deya iqtibos keltirmoqda mahalliy matbuot Behzod Musayev so‘zlaridan.

Avvalroq O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vazirlik mutasaddilari va Germaniyaning "Globogate Concept AG" konserni o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasiga muvofiq, Toshkentda “Hamshiralar uchun Germaniya tibbiyot akademiyasi” tashkil etilishi, akademiya talabalariga bir yil davomida kasb va til o‘rgatilishi, o‘qish so‘ngida ular diplom olish bilan bir qatorda Germaniyada ishlash huquqini beruvchi kasbiy sertifikatni ham qo‘lga kiritishi haqida ma’lum qilgan.

Shuningdek, vazirlik DB Engineering & Consulting shirkati bilan O‘zbekistonda Germaniya temir yo‘llari ("Deutsche Bahn”) uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha bayonnoma imzolangani haqida ham ma’lumot tarqatgan.

“Germaniya temir yo‘l transporti, avtobus, metropoliten tizimi uchun mutaxassislarga ehtiyojimiz baland va ularni nemis standartlari asosida O‘zbekistonda o‘qitib, kasb va til imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni esa “Deutsche Bahn” tarmog‘iga ishga joylashtirishga tayyormiz”, deya iqtibos keltirilgan DB Engineering & Consulting shirkati rahbari Niko Varbanoff so‘zlaridan bandlik vazirligi xabarnomasida.

XS
SM
MD
LG