Линклар

Шошилинч хабар
08 май 2021, Тошкент вақти: 07:38

O‘zbekistonliklarning uchinchi davlatlar orqali Rossiyaga kirishi osonlashdi



O‘zbekistonliklarning Rossiya bilan muntazam aviaqatnov tiklangan barcha mamlakatlardan Rossiyaga uchib borishiga ruxsat berildi.

Rus hukumatining 14 - apreldagi farmoyishiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, O‘zbekiston vatandoshlaridan Rossiyaga kirish uchun asos talab qilinmaydi. Biroq, rasmiylar bu masalada biror izoh berganicha yo‘q.

Internet tarmoqlarida o‘zbekistonliklarning uchinchi davlatlar orqali Rossiyaga kirishi osonlashtirilgani to‘g‘risida xabar yashin tezligida tarqaldi.

Rossiya hukumati chiqargan "Rossiya Federatsiyasiga xorij fuqarolari va fuqaroligi yo‘q shaxslarning kirishini vaqtinchalik cheklash hamda viza va taklifnomalar rasmiylashtirish va berishni vaqtinchalik to‘xtatish” deb nomlangan farmoyishiga muvofiq, endilikda O‘zbekiston grajdanlari Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya kabi ro‘yxatda keltirilgan uchinchi davlatlar orqali ham Rossiyaga qonuniy uchishi mumkin.

Bunga qadar O‘zbekiston fuqarolari uchinchi mamlakatlardan Rossiyaga borishi uchun o‘sha mamlakatlarda yashovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak edi. 14 - apreldan boshlab bu talab olib tashlandi.

(Migrant.mobi axborot-xizmat portalining YouTube`dagi rasmiy kanali)

Biroq, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy saytida bu haqda biror qo‘shimcha tushuntirish keltirilganicha yo‘q, idora matbuot xizmatida esa yangi tartibga hozircha izoh berilmasligini Ozodlikka bildirishdi.

Aeroflot kompaniyasi matbuot xizmatida ham bu qaror to‘g‘risida hozircha ma’lumotga ega emasliklarini aytishdi.

Migrantlar masalalari bo‘yicha yurist Ilgiza Yaxshiboeva Rossiya hukumatining bu farmoyishi xususida yakuniy xulosa chiqarishga hali erta ekanini aytadi.

- Hozircha biron rasmiy tushuntirish berilganicha yo‘q. Esingizda bo‘lsa, “1 - apreldan vaziyat o‘zgaradi, 5 mamlakatga chegara ochiladi”, degan gap chiqqandi. Lekin unday bo‘lmadi. O‘zbekistondan, Qirg‘izistonda va Tojikistondan ikkitadan reys qo‘yildi, xolos.

Kecha paydo bo‘lgan xabarga ko‘ra, o‘zbeklar, tojiklar boshqa davlatlar aviakompaniyalari ko‘magida kirishi mumkin, ammo savol tug‘iladi - rasmiy tushuntirish va rasmiy bayonotlar qani? Rossiya hukumati chiqargan farmoyishga qo‘shimcha tartiblar kiritilishi va bu tartiblar o‘zgarib ketmasligiga kim kafolat beradi? Bu hujjatga ishonib, Rossiya chegarasiga kelgan muhojirlarimizni aeroportdan ortga qaytarmasliklariga kim ishontira oladi? Biz bu qarorni tekshirib ko‘rish uchun bugun Qirg‘iziston orqali bir o‘zbek muhojirini jo‘natmoqdamiz, natijasini ko‘ramiz, - dedi huquqshunos.

Ozodlik ulangan Markaziy Osiyo davlatlariga aviachipta sotuvchi kassa vakilasi bergan ma’lumotga ko‘ra, kelasi 1 oyga asosi bo‘lmagan yo‘lovchilar Toshkent-Moskva yo‘nalishi bo‘yicha kamida 1000 AQSh dollari, Kirgiziston shaharlaridan - 500-700 dollardan, Tojikistondan esa kamida 1500 dollarga Rossiya shaharlariga aviachipta sotib olishlari mumkin.

2021 - yilning aprelidan boshlab O‘zbekistondan Rossiyaga haftasiga faqat 2 ta aviareysga ruxsat berilgandi.

Natijada chiptalar narxi keskin ko‘tarilib ketdi. O‘zbekistonda Rossiyaga amalga oshirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslari orqali uchmoqchi bo‘lganlardan esa kirish uchun asoslovchi hujjatlar talab qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG