Линклар

Шошилинч хабар
18 май 2021, Тошкент вақти: 01:33

“O‘zbekko‘mir”da mojaro: 8 - martga bag‘ishlangan o‘tirishda jarohatlangan xodim boshliqlar jazolanishini talab qilmoqda


Abdurayim Maqsudov kasalxonada o‘n kundan beri davolanmoqda.

“O‘zbekko‘mir” AJning “Angren ko‘mir koni” va “Appartak ko‘mir koni” filiallari mulozimlari o‘rtasida kelib chiqqan janjalda jarohatlangan Abdurayim Maqsudov ikkita filial rahbarlarining jazolanishini talab qilmoqda.

“Angren ko‘mir koni”ning kadrlar bo‘limi boshlig‘i Maqsudov iddaosiga ko‘ra, 5 - mart kuni restorandagi o‘tirishda to‘rt mulozim uni kaltaklagani oqibatida u bir kun koma holatida yotgan.

Shifokorlarga ko‘ra, o‘n kundan beri kasalxonada davolanayotgan Maqsudovning ahvoli hozirda “o‘rtacha og‘irlik”da bo‘lib, uning beli, burni, qo‘li singan.

“O‘zbekko‘mir” mutasaddilari 5 - martdagi mulozimlar janjalini izohlashni istamadi.

Bayram “korporativi”dagi janjal

“Angren ko‘mir koni”ning kadrlar bo‘limi boshlig‘i Abdurayim Maqsudov 15 - mart kuni Ozodlikka murojaat qilib, o‘zining o‘n kun avval boshliqlari tomonidan kaltaklanganini aytib, aybdorlar hanuz jazosiz qolib ketayotganidan shikoyat qildi.

Maqsudovga ko‘ra, mojaro o‘zaro janjal oqibatida kelib chiqqan:

- 5 - mart kuni Xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlab, kollektivimizdagi ayollarni tabriklash maqsadida korporativ bo‘ldi. Angrendagi “Aziya” restoranida bayram qildik. Bayram oxirida bir xodimimizning mast holatda yurganini ko‘rib, uni videoga oldim. Yurishi kulguli edi. Ertaga o‘ziga ko‘rsataman, deb o‘yladim. Shu payt direktorimiz F. kelib, “Nimaga videoga olyapsan”, deb yuzimga ikki marta urdi. U mast edi. Men ham ichgandim, lekin mast emasdim, es-hushim joyida edi. Keyin voqeaga bosh muhandis va texnika xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i aralashib, bizni ajratishdi. Keyin men ukamga telefon qilib, “bu yerda to‘polon bo‘ldi, meni kelib, olib ket”, deb turgan paytim “Appartak ko‘mir koni” direktori R. bir soqolli yigit bilan keldi. Ular qo‘limni qayirib, telefonimni tortib oldi. O‘sha yerda barmog‘im sindi. Keyin ikkalasi meni urib tashladi. Erga yiqilgan paytim, ular ketdi. Keyin telefonimni ulardan qaytarib olaman deb, ularning orqasidan bordim. “Angren ko‘mir koni”ning uchastka boshlig‘i A. oldimdan chiqib, meni quchoqlab tepaga ko‘tarib, yerga qattiq zarb bilan urdi. Shu payt hushimdan ketdim va boshqa narsani eslay olmayman.

Maqsudov tilga olgan mulozimlar ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum. Biroq IIB surishtiruvi nihoyasiga yetmagani sabab ular shaxsi ochiqlanmayapti.

Abdurayim Maqsudov kasalxonada.
Abdurayim Maqsudov kasalxonada.

40 yashar Abdurayim Maqsudov “Angren ko‘mir koni”da 12 yildan beri ishlaydi.

Maqsudovning hikoyasiga ko‘ra, 5 - mart kuni “uni urib-urib, yo‘l chetiga tashlab ketishgan paytda bir taksi haydovchisi unga yordam qilgan”:

Abdurayim Maqsudov 5 - mart kuni komada yotgan payti yaqinlari tomonidan olingan surat.
Abdurayim Maqsudov 5 - mart kuni komada yotgan payti yaqinlari tomonidan olingan surat.

- Menga nima bo‘lganini keyin aytib berishdi. Yo‘l chetida hushsiz yotgan paytim bir taksist yigit ko‘rib, qolib, menga birinchi yordam ko‘rsatgan. Keyin “Tez yordam” chaqirgan. Kasalxonada 1 kun komada yotib, keyin hushimga keldim.

Angren shahar kasalxonasi shifokorlaridan 15 - mart kuni olingan ma’lumotga ko‘ra, Abdurayim Maqsudovning ahvoli “o‘rtacha og‘irlik”da bo‘lib, u shoshilinch yordam bo‘limida davolanmoqda.

Shifokorlar bergan ma’lumotga ko‘ra, Maqsudovning beli, burni va qo‘li singan bo‘lib, hozirda tibbiy muolajalar davom etmoqda.

“Ishni bosti-bosti qilishmoqchi”

Abdurayim Maqsudovning Ozodlik bilan suhbatda iddao qilishicha, “O‘zbekko‘mir” AJning “Angren ko‘mir koni” va “Appartak ko‘mir koni” filiallari rahbarlari 5 - mart kungi janjalni bosti-bosti qilib, jazodan qutulib qolishni rejalamoqda.

- Men aybdorlar jazosini olishini istayman, dedi Maqsudov.

Abdurayim Maqsudovning rafiqasi Dinoraning Ozodlikka aytishicha, ikkita filial boshliqlarining eriga bosim o‘tkazishidan qo‘rqib, erining oldida kechayu kunduz “qorovullik” qilyapti:

- Bular hammasi mansabdor shaxs-ku, ular tergov ishlarini sotib olmasin deyapman. Ular suvdan quruq chiqib ketmasin. Chunki o‘sha kuni istoriyani (kasallik varaqasini) ham o‘zgartirmoqchi bo‘lishgan. Hozir men ish bosti-bosti bo‘lib ketishidan qo‘rqyapman. Shuning uchun erimning oldidan siljimayapman. Oldiga hech kimni kirgizmayapman. Chunki qo‘rqaman, erim kuchsiz ahvolda yotibdi. Shunga o‘n kundan beri erimni qorovullab o‘tiribman. Ular erim da’vosini qaytib olishini rejalashtirishgan. Kelib, erimdan shuni talab qilyapti.

Angren shahar Ichki ishlar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, Abdurayim Maqsudovning kaltaklanishi yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ozodlik 15 - mart kuni “O‘zbekko‘mir” mutasaddilari bilan bog‘lanib, 5 - martdagi mulozimlar janjali yuzasidan izoh so‘radi, biroq mutasaddilar ushbu voqeani izohlashni istamadi.

Ozodlik Maqsudov tilga olgan janjal ishtirokchilari bilan ham bog‘landi, biroq ulardan ham biror izoh olish imkoni bo‘lmadi.

“O‘zbekko‘mir” shirkati milliarder Fattoh Shodievning akasi Qobul Shodiyev rahbarlik qilishi aytiladigan SFI Management Group shirkatiga qarashli ekani aytilgan.

O‘tgan oy O‘zbekiston hukumati Shodiyevlar boshqaruvidagi korxonalarni qaytarib olayotgani xabar qilingandi. Hozircha “O‘zbekko‘mir” ham Shodiyevlardan olingan yoki olinmagani Ozodlikka ma’lum emas.

5 - mart kuni mojaro chiqqan “O‘zbekko‘mir”ning ikkita filiali shirkatning eng yirik filiallaridan hisoblanadi.

“Angren ko‘mir koni” filiali ko‘mir va kaolin hamda boshqa birga uchraydigan foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiradi, shuningdek boshqa turdagi xizmatlar va ishlarni bajaradi.

“Appartak ko‘mir koni” filiali esa ko‘mir va boshqa foydali qazilmalar qazib olish bilan shug‘ullanadi.

XS
SM
MD
LG